O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon integratsiyasidagi asosiy omil ekanligidan kelib chiqib, intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:
1. 2021 yil 1 apreldan boshlab:
intellektual mulk sohasidagi xalqaro shartnomalar normalaridan kelib chiqib, tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinsin;
intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etilsin. Bunda, intellektual mulk ob’ektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma bo‘yicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutiladi.
2. Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) faoliyatida intellektual mulk ob’ektlariga talabnomalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida autsorsing usullarini qo‘llash tajribasi yo‘lga qo‘yilsin.
3. Quyidagilar:
Intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Intellektual mulk (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari) sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan amaliy ishlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari zimmasiga “Yo‘l xaritasi” va dasturda belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tomonidan chet elda tovar kelib chiqqan joy nomlari (geografik ko‘rsatkichlar)ni ro‘yxatga olish bo‘yicha qilinadigan sarf-xarajatlari Agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi;
2021 yil 1 iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘zlariga tegishli bo‘lgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) ob’ektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni buxgalteriya hisobida aks ettiradi;
eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortig‘ini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun tovar belgilarini 2021-2022 yillarda milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi;
tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish targ‘ib qilinadi;
Savdo-sanoat palatasi va Agentlik tomonidan yiliga kamida bir marta respublikaning har bir ma’muriy birliklarida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etayotgan shaxslar uchun o‘z brendiga ega bo‘lishning afzalligi bo‘yicha O‘zbekiston va xalqaro miqyosda tan olingan milliy brendlar egalari bo‘lgan ishbilarmonlarning ishtirokida milliy anjumanlar va master-klasslar o‘tkaziladi.
5. Agentlik va Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021 yil 1 oktyabrga qadar davlat boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari o‘ziga tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlari hisobini to‘g‘ri yuritish, ularga bo‘lgan huquqlarni xo‘jalik muomalasiga kiritish, ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirilishiga ko‘maklashishga qaratilgan Agentlik huzuridagi “Patent platformasi”ni ishga tushirish bo‘yicha taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
mazkur platformada ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari muhofaza hujjatlariga oid ma’lumotlar batafsil aks ettiriladi;
platforma elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi hamda unga tadbirkorlik sub’ektlari ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.
6. Belgilansinki:
eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlari yaratuvchilarini Agentlik tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus mukofotlariga taqdim etish bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;
“Eng yaxshi intellektual mulk ob’ekti” tanlovi Agentlik tomonidan bir yilda bir marta tashkillashtiriladi;
“Eng yaxshi intellektual mulk ob’ekti” tanlovi g‘oliblariga (uchta) Agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25, 20 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.
7. Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Agentlikning intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga, jumladan, respublika ta’lim tashkilotlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlarida bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.
Belgilansinki, intellektual mulk sohasiga oid fanlarni kadrlar tayyorlash tizimiga joriy etishning birinchi bosqichida, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida, xususan, ishlab chiqarish va texnik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi ta’lim yo‘nalishlarida ilg‘or xorijiy tajriba asosida hamda yosh avlod orasida ijodkorlarning mehnatiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirishga qaratilgan intellektual mulk fanlari joriy etiladi va ular bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda sohada faoliyat olib boruvchi amaliyotchilar ishtirok etishi ta’minlanadi.
8. Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasiga ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlarini intellektual mulk masalasida iqtisodiyot tarmoqlari (yengil sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqalar) bilan bog‘lashni ta’minlash vazifasi yuklatilsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi va “Navoiyazot” AJ 100 ta “mahalliy brend”larni xalqaro ro‘yxatga olishni tashkil etsin.
10. Savdo-sanoat palatasi har bir hududda yiliga kamida to‘rt marta franshizalar yarmarkasi va ko‘rgazmalarini tashkil etsin.
11. Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim tashkilotlarida intellektual mulk sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga muntazam ravishda hisobot berish tartibi yo‘lga qo‘yilsin.
12. Oliy sud, Adliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ikki oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilib, sudyalarni intellektual mulk sohasida o‘qitish dasturini ishlab chiqib, yil yakuniga qadar sudyalarni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
Bunda, xalqaro tashkilotlari ko‘magi ostida intellektual mulk sohasidagi nizolarni ko‘rib chiquvchi sudyalar uchun chuqurlashtirilgan o‘quv dasturi tashkil etilishiga alohida urg‘u berilsin.
13. Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va amalga oshirilayotgan ishlarning manzilliligini ta’minlashni ko‘zlab, adliya organlari va muassasalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida hududiy adliya boshqarmalarining 11 ta va tuman (shahar) adliya bo‘limlarining 17 ta shtat birliklarini optimallashtirish hisobiga Agentlikning tuzilmasida:
Intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish bo‘limi negizida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda – Boshqarma);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Intellektual mulk himoyasi markazlari (keyingi o‘rinlarda – markazlar) tashkil etilsin.
Bunda, adliya organlarining o‘tkazilayotgan 28 ta shtat birliklaridan 3 tasi – Boshqarmani, 25 tasi – markazlarni to‘ldirish uchun yo‘naltiriladi.
14. Belgilab qo‘yilsinki:
Boshqarma markazlar faoliyatiga tashkiliy va metodik jihatdan rahbarlik qiladi;
markazlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari binolarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;
markazlarga ishga qabul qilinadigan xodimlar, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida intellektual mulk va uni huquqiy himoya qilishning nazariy va amaliy masalalariga oid o‘quv dasturlari bo‘yicha ta’lim oladilar.
15. Markazlarning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning muomalasiga, shuningdek, intellektual mulk huquqlarining buzilishiga qarshi tizimli va samarali kurashishda bevosita ishtirok etish, xususan, ogohlantiruv va taqdimnomalar kiritish, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalarni tuzish;
joylarda intellektual mulk ob’ektlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan bog‘liq faoliyatga ko‘maklashish;
intellektual mulk sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish maqsadida intellektual mulk huquqlari bo‘yicha qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng ommaga yetkazish.
16. Agentlik ikki oy muddatda markazlarni yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, amaliy tajribaga ega hamda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarishga qodir shaxslar orasidan ochiq tanlov asosida Agentlik tomonidan belgilanadigan tartibda to‘ldirilishini hamda markazlar to‘g‘risidagi nizomlar ishlab chiqilishini ta’minlasin.
17. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq byudjet xarajatlari 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Adliya vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida belgilansin, 2022 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilsin.
18. Agentlikka o‘zining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan:
markazlar moddiy-texnik bazasini shakllantirish, shu jumladan, kompyuter va nusxa ko‘chirish texnikasi, aloqa vositalari, mebel sotib olish;
davlat ekspertizasini amalga oshirishga milliy, xalqaro va xorijiy ilmiy-tadqiqot, oliy ta’lim va ekspertlik tashkilotlarini hamda yuqori malakali soha mutaxassislari va ekspertlarini shartnoma asosida jalb etish;
Agentlik huzuridagi “Patent platformasi”ni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha sarf-xarajatlarni amalga oshirish huquqi berilsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
20. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul hamda shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.K.Davletov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga har yarim yil yakuni bo‘yicha axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 28 yanvar