Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intellektual mulk ob’ektlari hamda tovar belgisiga bo‘lgan huquqlar muhofazasi kuchaytiriladi
14:18 / 2025-12-19

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ushbu masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov  intellektual faoliyat natijalarini samarali himoya qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Davlat xaridlari tizimida korrupsiyaviy holatlarni qisqartirish va davlat buyurtmachilarining tovarlar (ish va xizmatlar)ga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash jarayoni takomillashtirildi. 

Shu bilan birga, intellektual mulk ob’ektlarining hamda ularning tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarining muhofazasini kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda raqobat muhitini ta’minlash ishlarini yanada takomillashtirish va davlat mablag‘laridan samarali foydalanish va uning ortiqcha sarflanishining oldini olish bugungi kunning talabi bo‘lib qolmoqda.

Prezidentimizning ko‘rsatmalariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ushbu vazifalarni yechimi sifatida ishlab chiqilgan. Shu asosda qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelganiga alohida urg‘u berdi. Bunda, davlat organlari va tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish, intellektual mulk ob’ektlarining hamda ularning tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarining muhofazasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Oxirgi uch yilda O‘zbekistonda tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishga bo‘lgan talab keskin ortgan. Xususan, 2023 yilda 3 ming 155 guvohnoma berilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming 484 taga yetgan.

Shularni inobatga olib, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunga  kiritilayotgan qo‘shimchaga asosan tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi huquq egasi bo‘lgan yuridik shaxs tugatilganda, huquq egasi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etib, uning vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlari mavjud bo‘lmaganda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan sud qarori asosida muddatidan oldin tugatilishi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni kompleks ekspertizadan o‘tkazmagan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun bilan qonunchilikka kiritilayotgan yangi normalar intellektual faoliyat natijalarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi. Huquqni qo‘llash amaliyotida turlicha talqin qilish va murakkabliklar yuzaga kelishining oldini olish xamda davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida shaffoflikni ta’minlashga zamin yaratiladi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA