Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intellektual mulk muhofazasi – davr talabi
10:36 / 2015-04-17

Mamlakatimizda intellektual mulk rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ajdodlardan meros bebaho ma’naviy xazina va madaniy yodgorliklar qayta tiklanib, xalqimizga yetkazilishi bilan bir qatorda zamondosh ijodkorlar, ixtirochilar erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi.

Mamlakatimizda Bern konvensiyasi qoidalari amal qila boshlaganiga
o‘n yil to‘ldi

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, biz yashayotgan XXI asr – intellektual boylik hukmronlik qiladigan asrdir. Kimki bu haqiqatni o‘z vaqtida anglab olmasa, intellektual bilim, intellektual boylikka intilish har qaysi millat va davlat uchun kundalik hayot mazmuniga aylanmasa – bunday davlat jahon taraqqiyoti yo‘lidan chetda qolib ketishi muqarrar.

Mamlakatimizda intellektual mulk rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ajdodlardan meros bebaho ma’naviy xazina va madaniy yodgorliklar qayta tiklanib, xalqimizga yetkazilishi bilan bir qatorda zamondosh ijodkorlar, ixtirochilar erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi.

O‘zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida ushbu yo‘nalishda xalqaro integratsiyani izchil yo‘lga qo‘ygani mualliflar huquqlarini himoya qilishda muhim omil bo‘layotir. Jumladan, mamlakatimiz 1991-yilda Jahon intellektual mulk tashkiloti a’zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, 2005-yil 19-apreldan Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi qoidalari yurtimizda amal qila boshladi.

1886-yil 9-sentabrda qabul qilingan Bern konvensiyasi fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish va ulardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga solish, mualliflar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatdir. Mamlakatimizning mazkur konvensiyaga qo‘shilishi mualliflar va ularga tenglashtirilgan boshqa huquq egalariga katta imkoniyatlar yaratdi. Ayni paytda mualliflarimiz asarlaridan konvensiyaga a’zo 170 dan ziyod davlat hududida tegishli huquqlarga rioya etilgan holda foydalanilmoqda. Bu ijodkorlarni yuksak saviyadagi asarlar yaratishda moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratayotir.
Bern konvensiyasi a’zo davlatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning qoidalarini sohaga oid milliy qonunchilikda aks ettirish orqali qo‘llaniladi. Mamlakatimizda Bern konvensiyasi qoidalariga amal qilish, ushbu qoidalarni milliy qonunchilikda aks ettirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

2006-yili yangi tahrirda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida mualliflar manfaatlari kengroq ifodalandi. Xususan, fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlarning mualliflik huquqi hamda ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari va eshittirishlarini tashkil etuvchi turdosh huquqlar egalari huquqlari himoyasi mustahkamlandi.

Qonunga muvofiq muallif huquqi buzilgan holda uning tiklanishini va yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining ruxsatsiz takrorlanishi yoki tarqatilishi kontrafakt nusxa hisoblanadi. Bunday “tovar”lar tegishli tartibda musodara qilinadi.

Boshqacha aytganda, asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalari, shuningdek, ularni tayyorlash va takrorlashda foydalaniladigan materiallar va asbob-uskunalar hamda sodir etilgan huquqbuzarlikning boshqa vositalari qonun hujjatlariga muvofiq sud tartibida musodara qilinadi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida bayon etilganidek, asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining musodara qilingan kontrafakt nusxalari yo‘q qilinishi kerak.

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish, mamlakatimiz hududiga qalbaki tovarlar noqonuniy olib kirilishi va aylanishiga chek qo‘yish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Bu vazifalar 2011-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi zimmasiga yuklangan.

Intellektual mulk sohasi har bir mamlakat iqtisodiyotining muhim qismiga aylanib bormoqda. Shu bois intellektual mulk himoyasini rivojlantirish, kontrafaksiyaga qarshi kurashni kuchaytirish dolzarb vazifalardandir. Bu borada agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti, Davlat soliq va Bojxona qo‘mitalari, Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy ta’minlash departamenti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Kontrafakt mahsulotlarni olib kirish va ular noqonuniy muomalasining oldini olish bo‘yicha tasdiqlangan tadbirlar rejasiga muvofiq 2014-yilda gavjum joylar, bozorlar, savdo komplekslari va shoxobchalarda monitoring olib borilgan va yetti yuzdan ortiq qonunbuzilish holati aniqlangan. Bu haqdagi ma’lumotlar tegishli idoralarga yuborilgan. Qo‘lga tushgan kontrafakt mahsulotlar bo‘yicha ekspert xulosalari berilgan. Shunga asosan umumiy qiymati ikki milliard so‘mlikka yaqin kontrafakt mahsulotlar tegishli tartibda yo‘q qilingan. Bunday choralar natijasida milliy qadriyatlarimizga zid, yoshlarimiz ma’naviy olamiga soya solishga qaratilgan audiovizual "asarlar" peshtaxtalardan olib tashlanayotgani e’tiborga molik.

Bularning hammasi xalqimizning ma’naviy va moddiy manfaatlarini ta’minlash, intellektual mulkni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.