Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intellektual mulk huquqlari himoyasi takomillashtiriladi
16:20 / 2023-10-03

Bugungi kunda axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi imkoniyatlar kundan kunga kengayib bormoqda. Axborot sohasidagi imkoniyatlar qulay va ijobiy jihatlari bilan birga, xavfsizlik nuqtai nazardan huquqbuzarliklardan himoyalanishni ham taqozo etadi.

Ushbu sohadagi muhim huquqiy asoslardan biri “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-1-moddasida hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatishga oid normalar o‘z aksini topgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi qonun loyihasi bilan mazkur moddaga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilmoqda.

Mazkur “Intellektual mulkni ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-1-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda intellektual faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilish borasidagi ishlar e’tirof etilgan holda ayrim muammolarga duch kelinayotgani qayd etildi.

— Intellektual mulk egalarining huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda muammolar mavjud, — deydi fraksiya a’zosi M.Hasanova. — Jumladan, ijodiy va tadbirkorlik faoliyatida yaratilgan intellektual mulk ob’ektlaridan raqamli muhitda qonunga xilof ravishda foydalanish bilan bog‘liq qilmishlar axborotlashtirish sohasini tartibga soluvchi maxsus qonunchilik hujjatlarida aniq belgilanmagan. Shuningdek, intellektual mulk ob’ektlari huquq egalarini bu turdagi huquqbuzarliklardan himoya qilish bo‘yicha huquqiy kafolatlar mavjud emas. Bu esa sohada ayrim dolzarb muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga intellektual mulk ob’ektlari huquq egalarining huquqlarini Internet jahon axborot tarmog‘ida himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilayotgani deputatlar tomonidan e’tirof etildi. Ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk huquqlari himoyalanishiga zamin bo‘ladi. Axborot resursi egasining shaxsiy javobgarligini oshirish qator qonun buzilishi holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA