Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intellektual kapitalni saqlab qolish strategiyasi
05:32 / 2026-03-05

XXI asrda davlatlar o‘rtasidagi raqobat tabiiy resurslar yoki arzon ishchi kuchi bilan emas, balki intellektual kapital, ya’ni bilim, malaka va innovatsion salohiyat bilan belgilanmoqda. Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, zamonaviy iqtisodiyotda milliy boylikning asosiy qismi inson kapitali hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa malakali kadrlar va ilmiy salohiyatni saqlab qolish har qanday davlat uchun strategik masalaga aylanganini anglatadi.

Global mehnat bozori tobora ochiqlashib, iste’dodlar uchun kurash keskinlashayotgan bir paytda, yuqori malakali mutaxassislar migratsiyasi ham ortmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM) va OECD ma’lumoti shuni ko‘rsatadiki, ayniqsa IT, tibbiyot, muhandislik va ilm-fan sohalarida kadrlar oqimi jadal kechmoqda. “Google”, “Microsoft” va “OpenAI” kabi texnologiya gigantlari butun dunyo bo‘ylab iqtidorli yoshlarni jalb qilish uchun raqobatlashmoqda. Bu jarayon rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ikki xil oqibatni yuzaga chiqaradi: bir tomondan global tajriba va daromad imkoniyati, ikkinchi tomondan intellektual kapital chiqib ketishi.

O‘zbekiston ham ayni jarayondan chetda emas. So‘nggi yillarda yurtimizda oliy ta’lim qamrovi sezilarli darajada kengaydi, IT-parklar tashkil etildi, xorijiy universitetlar filiallari ochildi, yoshlar uchun startap dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Ijobiy o‘zgarishlar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Intellektual kapitalni saqlab qolish strategiyasi aynan shu nuqtada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bugungi yosh kadr nafaqat maosh, balki ilmiy erkinlik, innovatsion muhit, professional rivojlanish va barqaror ijtimoiy kafolat izlaydi.

Picture background

Xalqaro tajriba ko‘rsatadiki, jarayonni ma’muriy usul bilan to‘xtatish samara bermaydi. Aksincha, “brain drain”ni boshqariladigan “brain circulation” modeliga aylantirish muhim. Janubiy Koreya va Hindiston diasporadagi olim va mutaxassislar bilan faol hamkorlik o‘rnatib, ularning tajribasini milliy rivojlanishga yo‘naltirishga erishgan. Boshqacha aytganda, iste’dodlar grant dasturlari, qaytish loyihalari va qo‘shma ilmiy markazlar orqali bilim oqimini o‘z mamlakatiga yo‘naltirmoqda.

Intellektual kapitalni saqlab qolish masalasi aslida iqtisodiy o‘sish sur’ati, innovatsion rivojlanish va milliy xavfsizlik bilan chambarchas bog‘liq. Ya’ni, bilimli va tashabbuskor avlod davlatning uzoq muddatli barqarorligini belgilaydi. Shunday ekan, strategiya faqat bugungi muammoga javob emas, balki kelajak taraqqiyoti uchun asos bo‘lishi kerak.

Intellektual kapitalni saqlab qolish strategiyasining keyingi bosqichi aniq va ishlaydigan mexanizm joriy etishdir. Yuqori malakali mutaxassis uchun raqobatbardosh ish haqi, soliq imtiyozi va ijtimoiy kafolat mavjud bo‘lmasa, global bozor bilan raqobat qilish qiyin. Jahon banki va OECD tadqiqotida inson kapitaliga yo‘naltirilgan sarmoya uzoq muddatda yalpi ichki mahsulot o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.

https://demokrat.uz/wp-content/uploads/2025/09/09_06_2025_05_01_15_09_06_2025_04_32_25_09_04_2025_12_21_43_file_3862087-min-min.jpg

Ikkinchi muhim yo‘nalish – ilmiy va innovatsion muhitni kuchaytirish. Ilm-fan grantlari, startaplarni yirik miqdorda moliyalashtirish, universitetlar huzurida ilmiy laboratoriya va texnoparklar ochish orqali intellektual salohiyatni ichki bozorda ushlab qolish mumkin. Innovatsiya ekotizimi nafaqat ish o‘rni yaratadi, balki iqtidorli yoshlarga o‘z g‘oyasini amalga oshirish imkonini beradi.

Uchinchi strategik yo‘nalish – diaspora bilan tizimli hamkorlik. Xorijda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan doimiy aloqa o‘rnatish, qo‘shma ilmiy loyihalar va masofaviy mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish “braincirculation” modelini kuchaytiradi.

To‘rtinchi omil – ta’lim tizimini iqtisodiyot bilan uyg‘unlashtirish. Universitet bitiruvchisi olgan bilimini amaliyotda qo‘llay olishi kerak. Buning uchun oliy ta’lim muassasasi va real sektor o‘rtasida mustahkam hamkorlik zarur: dual ta’lim, amaliyot dasturlari, korporativ buyurtmalar asosida kadr tayyorlash mexanizmi joriy etilishi lozim. Aks holda diplom bozor talabiga mos kelmaydi va yosh mutaxassis chet eldan imkoniyat izlaydi.

Beshinchi muhim yo‘nalish – boshqaruv va institutsional islohot. Shaffof tanlov tizimi, meritokratiya tamoyili va adolatli mansab o‘sishi intellektual kapitalni ushlab turishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yosh mutaxassis o‘z mehnati qadrlanishini, kasbiy rivojlanish yo‘li ochiqligini his qilishi shart.

Picture background

O‘zbekiston so‘nggi yillarda IT-parklar tashkil etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim qamrovini kengaytirish orqali muhim qadamlar tashladi. Endi asosiy vazifa – tashabbuslarni yagona, uzviy strategiyaga birlashtirish. Intellektual kapitalni saqlab qolish siyosati alohida loyiha emas, balki iqtisodiy rivojlanish modelining ajralmas qismidir.

Xulosa shuki, eng ulkan milliy boylik hisoblanadigan bilimli va tashabbuskor avlodni saqlab qolish uchun iqtisodiy rag‘bat, ilmiy muhit, ochiq boshqaruv va global hamkorlik bir butun tizim sifatida ishlashi kerak. Aks holda iste’dodlar uchun global kurashda ortda qolish xavfi yuzaga keladi. Intellektual kapitalni asrash bugun emas, kelajakning strategik tanlovidir.

Musulmon Ziyo, O‘zA