Joriy yilning 16–21-fevral kunlari Rossiyaning Novokuznetsk shahrida shaxmat bo‘yicha “Intellekt akademiyasi kubogi” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli musobaqada jahonning 20 davlatidan 42 ta jamoa, jami 531 nafar ishtirokchi g‘oliblik uchun dona surdi. Musobaqa yoshlar o‘rtasida intellektual salohiyatni oshirish, xalqaro tajriba almashish va iqtidorli shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Qizg‘in va murosasiz bellashuvlarga boy o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida O‘zbekiston jamoasi 85 ball jamg‘arib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu natija bilan Qozog‘iston jamoasi ham 85 ball to‘plab, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar asosida ikkinchi o‘rinni egalladi. Belarus jamoasi esa 77,5 ball bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi. Bu natija O‘zbekiston yoshlar shaxmat maktabining salohiyati va izchil tayyorgarlik tizimi samarasini yana bir bor namoyon etdi.


Shaxsiy hisobda ham yurtdoshlarimiz munosib ishtirok etdilar. Xususan, Guliston shahridagi Ideal Study xususiy maktabi o‘quvchisi Lazizbek Shavkatov musobaqa davomida barqaror va ishonchli o‘yin namoyish etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning partiyalardagi puxta strategiyasi, vaziyatni to‘g‘ri baholashi va tezkor qaror qabul qila olishi mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Mazkur yutuq nafaqat yosh shaxmatchining shaxsiy muvaffaqiyati, balki Guliston shahri va butun mamlakatimiz shaxmat maktabi uchun ham katta yutuqdir. Bunday xalqaro musobaqalardagi g‘alabalar yoshlarni intellektual sport turlariga keng jalb etish, ularning bilim va salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri