Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Institutda uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
19:27 / 2024-09-25

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan prokuratura organlarida samarali mehnat qilib, tizimda ochiqlik va shaffoflikni to‘la ta’minlash hamda faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qilgan, hozirda keksalik gashtini surayotgan Majburiy ijro byurosining bir guruh faxriy xodimlari ishtirokida Shahrisabz davlat pedagogika institutida uch avlod uchrashuvi tashkil etildi.

Unda Byuroning viloyat boshqarmasi, Shahrisabz shahar, Shahrisabz va Kitob tuman bo‘limlarida mehnat qilayotgan xodimlari, shuningdek,  institutning o‘qituvchi va talaba yoshlari ishtirok etdi.

Soha faxriylari o‘z hayotiy va kasbiy faoliyatida orttirgan tajribalari borasidagi qimmatli mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Bo‘lajak huquqshunoslar uchun kelgusi ish faoliyatlarida qonunlar va tartib-intizomga qat’iy amal qilishi, muomala madaniyatini yuksaltirishi, fuqarolar murojaatlari, aholi muammolari bilan ishlaganda qonun doirasida yechim topishi, huquqbuzarliklar, inson huquq va erkinliklari, manfaatlariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka oid tavsiyalar berdi.

Tadbirga institutning faol va iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar barchaga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.  

– O‘qishni tugatib, 1995 yilda Bahoriston tuman prokuraturasiga ishga kelganman. Shu bilan roppa rosa 27 yil prokuratura organlarida uzluksiz ishlab, 2022 yilda pensiyaga chiqdim, – dedi Byuro organlari faxriysi Dilshod Mahmudov. – Biz o‘qigan, ishlagan davrlarda hozirgidek sharoitlar bo‘lmagan. Hozirda davlatimiz tomonidan yoshlarga, ularning ta’limiga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar havas qilsa arzigulik. Bunga javoban har qancha fidoyilik bilan, sadoqat bilan o‘qisa, ishlasa arziydi.

Tadbir yakunida halol va fidokorona mehnati bilan qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha faxriy xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri