Buxoro davlat pedagogika institutida “Qoraqalpoq madaniyati kuni” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetidan tashrif buyurgan talabalar, professor-o‘qituvchilar va madaniy faollar ham ishtirok etdi. Ular institutning faollar zalida qizg‘in madaniy dasturni namoyish etish bilan birga, mehribonlik, o‘zaro hurmat va qadriyatlarga sadoqat ruhini aks ettirdi.
Tadbirning asosiy qismi qoraqalpoq teatri, lirik qo‘shiqlar, milliy raqslar va folklor asarlaridan iborat bo‘lib, har bir chiqish orqali qoraqalpoq xalqining boy tarixi, ma’naviy merosi va milliy urf-odatlari keng auditoriyaga batafsil yetkazildi. Ijodiy sahnalashtirishlar nafaqat milliy an’analarni, balki til, musiqa, libos va raqs orqali yuksak ma’naviy qiymatlarni ham namoyon etdi.
[gallery-27745]
Tadbir davomida “Milliy taomlar festivali” ham tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi milliy oshxonasining betakror namunalari — “Beshbarmoq”, “Mayek borek”, “Juguri kurtik”, “Tuxum barak” kabi an’anaviy taomlar tayyorlandi. Professor-o‘qituvchilar hamda talabalar birgalikda ushbu taomlarni tayyorlash jarayonini namoyish etdi.
Tadbir davomida yoshlar, ustozlar o‘rtasida muloqot, fikr almashish va amaliy muloqot uchun keng imkoniyat yaratildi. Bu borada hamkorlikning muhim jihatlaridan biri sifatida ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, talabalar almashinuvi va madaniy tadbirlar yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
– Biz bu kabi tadbirlarni yoshlar uchun faqat madaniy festival shaklida emas, balki ma’naviy va ma’rifiy yo‘nalishda tashkil etilgan barkamol ijtimoiy muhit sifatida ko‘ramiz, –deydi Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov. –Qoraqalpoq madaniyati bizning umumiy madaniyatimizning bir qismidir. Ushbu uchrashuv yoshlar orasida madaniyatlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash, birdamlik ruhini yuksaltirish va umumiy insoniy qadriyatlarni xalqimiz qalbiga chuqur singdirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur madaniy-ma’rifiy uchrashuv yoshlar qalbida millatlararo totuvlik, madaniyatlararo muloqot, umumiy qadriyatlarga hurmat va bag‘rikenglik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari qardosh millatlarning tarixiy-ma’naviy boyliklarini chuqurroq anglash, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va birgalikda istiqbolli loyihalar ustida ishlash imkoniga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari