Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Institutda “Oila kuni” o‘tkazildi
17:36 / 2025-02-03

Andijon davlat chet tillar institutida “Oila farovonligi mamlakat taraqqiyotining o‘lchovidir” shiori ostida “Oila kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Institut rektori, professor Dilshodbek Rustamovning tashabbusi bilan oila – muqaddas maskan ekanligini targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan tadbir chin ma’noda oilani ulug‘lash bayramiga aylanib ketdi. 

Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, ularning oila a’zolari, mehmonlar ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda oilani mustahkamlash, oilaviy qadriyat va an’analarni ulug‘lash borasida juda ko‘p ishlar olib borilayotganligi, qolaversa, oila xalqimiz tomonidan asrlar osha ulug‘lanib kelayotgan maskan ekanligi alohida ta’kidlandi. 

– Ushbu tadbirlar nafaqat oila va oilaviy qadriyatlarni ulug‘lash, balki institutimiz professor-o‘qituvchilari, xodimlari oilalarida o‘zaro ahillik va hamjihatlikni, mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga, shu orqali institutda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ish unumi va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, – deydi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Muzaffar Qurbonov. – Eng asosiysi, o‘tkazilgan “Oila kuni” tadbirlari hamkasblarimiz, ularning oila a’zolariga olam-olam quvonch ulashdi, unutilmas taassurotlar qoldirdi. 

Dastlab tadbir ishtirokchi va mehmonlari tomonidan institut hududida tashkil etilayotgan Oila bog‘iga manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Shundan so‘ng institut o‘qituvchilari, xodimlari, ularning oila a’zolarining salomatligini nazoratdan o‘tkazish va mustahkamlash, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni aniqlash hamda oldini olish maqsadida bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. 

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tibbiy ko‘rik davomida terapevt, kardiolog, oftalmolog, lor, travmatolog, onkolog singari o‘n beshdan ziyod yo‘nalishlar bo‘yicha malakali shifokor-mutaxassislar tomonidan aniqlangan xastaliklarni davolash bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarning tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi. 

Institutda faoliyat olib borayotgan “Ibrat” talabalar teatr studiyasi tomonidan turli ertaklar, multfilmlar qahramonlari ishtirokidagi teatrlashtirilgan tomoshalar tadbirda qatnashgan bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishladi. 

– “Oila kuni” tadbirlari tashabbuskor va tashkilotchilariga rahmat aytaman, – deydi institut ingliz tili fani o‘qituvchisi Zarnigor Mirzayeva. –Jarayonda sog‘ligimizni nazoratdan o‘tkazdik, farzandlarimiz esa teatrlashgan tomoshalarni, sport musobaqalarini miriqib tomosha qildi. Tadbirlarda ishtirok etib, nafaqat men, balki barcha ustozlar ma’naviy, ruhiy ozuqa, ulkan motivatsiya oldi. Oilamizni qadrlash, yaqinlarimizni e’zozlash naqadar muhim ekanligini yanada teranroq angladik. 

Oilalarda sog‘lom turmush ko‘nikmalarini mustahkamlash, eng kuchli sportchilar oilasini aniqlash maqsadida institut sport zalida “Otam, onam va men – sportchilar oilasimiz” shiori ostida o‘tkazilgan “Quvnoq startlar” sport musobaqasi qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. 

Musobaqada ota-ona va bir nafar farzanddan tuzilgan oilaviy jamoalar belgilangan shartlar asosida o‘zlarining jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. 

– Turmush o‘rtog‘im, 11 yoshli qizim Naimaxon bilan birga sport musobaqasida g‘olib bo‘lib, yurtimizning qadimiy shaharlaridan biri Xorazmga oilaviy sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlanganimizdan behad xursandmiz, – deydi Oltinko‘l tumanidagi 10-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Gulchehraxon Siddiqova. – “Oila kuni” tadbirida qatnashayotganimdan xursandman. Turmush o‘rtog‘imning hamkasblari, oilalari bilan tanishdim. Jamoalari ahil ekanligiga guvoh bo‘ldim. Oilalarga ko‘rsatayotgan e’tibor, mana shunday chiroyli tadbirlar uchun institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. 

Taniqli shoira Marhabo Karimova ishtirokida “Men va mening oilam” mavzusida o‘tkazilgan psixologik-trening ishtirokchilarga ulkan ma’naviy ozuqa berdi. 

Mashg‘ulotda oila, ayniqsa, ayol kishi uchun eng muqaddas maskan ekanligi, oilada ayolning o‘rni, uning turmush o‘rtog‘i, qaynona-qaynotasi, oilaning boshqa a’zolari bilan munosabatlari xususida atroflicha so‘z yuritildi. 

– Qatnashchilarga ulkan psixologik motivatsiya bergan mashg‘ulot juda ta’sirli va katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi, – deydi institut yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi Mohigul Soliyeva. – Oilaviy hayotda uchraydigan turli muammolarni bartaraf etish, qiyin vaziyatlardan qanday chiqish, umuman, oilani mustahkamlashda ayolning o‘rni, roli va vazifalari haqida hayotiy misollar orqali keng tushunchalar, tavsiya hamda maslahatlar berildi. Bu albatta, har bir qatnashchi, ayniqsa, yosh oilalar sohibalarining bu boradagi bilim va tushunchalarini yanada boyitishga yordam berdi. 

Mashg‘ulot davomida shoira Marhabo Karimova o‘zining oila, oilaviy munosabatlar mavzusidagi she’rlaridan o‘qib berdi. 

“Oila kuni” tadbirlarida institutga tashrif buyurgan xorijlik mutaxassislar ham ishtirok etdi. Ularning biri bilan suhbatda bo‘ldik. 

– Men amerikalik mutaxassisman, Andijon davlat chet tillari instituti va “Pinacle Teaching Solution" kompaniyasi hamkorligi doirasida talabalarga dars o‘tish uchun Andijonga keldim, – deydi ingliz tili mutaxassisi Maykl Alan. – Dars jarayonlarini boshlanishini intizorlik bilan kutyapman. Qolaversa, bugun institutdagi “Oila kuni” tadbirida qatnashayotganimdan xursandman. 

Shuningdek, “Oila kuni” tadbirlari doirasidagi erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan osh - palov tayyorlash tanlovi, 6-15 yoshli bolalar ishtirokidagi “Art-terapiya” mashg‘ulotlari, oilaviy jamoalar qatnashgan “Zakovat” intellektual o‘yini barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. 

Tadbirlar yakunida faol ishtirokchilar, o‘tkazilgan tanlovlar, sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari institut rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirildi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari