Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “Karera kuni” bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilda tashkil etilganining besh yilligini nishonlagan oliy ta’lim muassasasidagi to‘rtta fakultet, 16 kafedrada 26 ta bakalavriat ta’lim va 14 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 7 ming 90 dan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Bu yil ularning ikki ming besh nafari institutni tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oladi. Bo‘lg‘usi yosh mutaxassislarning 997 nafari kunduzgi, 35 nafari kechki va 896 nafari sirtqi ta’lim yo‘nalishini bitirmoqda. 77 nafari magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishni tugatmoqda.

Bitiruvchilarning 1 ming 772 nafari Surxondaryo viloyati, 233 nafari qo‘shni viloyatlar yigit-qizlari bo‘lib, ularning 587 nafari Denov tumanida yashaydi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta’limni rivojlantirib, chuqur bilim va salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash, ularning bandligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samaralarini bermoqda. Jumladan, bitiruvchilar uchun bevosita oliy ta’lim muassasalarining o‘zida tashkil etilayotgan “Karera kuni” bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham nafaqat, ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasidagi muhim ko‘prik, balki ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlovchi zamonaviy platformaga aylandi.

– Bu yarmarka yoshlarning mustaqil hayotda o‘z yo‘lini topishi, qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha kerakli ma’lumot va tavsiyalarni olishi, eng muhimi – ish bilan ta’minlanishi uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi, – deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev. – Tadbir orqali ko‘plab bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashilmoqda. Shu kungacha oliy ta’lim dargohimizni 3 ming 851 nafar talaba tamomlab, yurtimiz xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida mehnat qilyapti. Ularning 418 nafari davlat granti asosida o‘qigan yoshlardir.
Tadbirda Nijniy Novgorod davlat lingvistika universiteti rus tili instituti direktori, professor Kristina Golubeva ham ishtirok etdi.

– Oliy ta’lim muassasalarimiz o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik memorandumiga muvofiq o‘zbekistonlik talabalar tanlov asosida universitetimizda grantda o‘qishini davom ettirishi mumkin. – deydi professor Kristina Golubeva. – Yoshlar dunyo ko‘rsin. Ana shunda ular o‘z sohasining fidoyi egalari bo‘lib yetishadi. Bu tadbir menda boy taassurot uyg‘otdi. Chunki, bo‘lg‘usi yosh mutaxassislar institutni tugallash arafasida o‘z ish joylarini aniqlash va jamoa bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bituruvchilarga bunday yondashuv O‘zbekiston yoshlari kelajagiga befarq emasligini ham keng namoyon etmoqda.

Bitiruvchilar uchun tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida viloyatning Denov, Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Sho‘rchi, Termiz, Qumqo‘rg‘on, Sherobod tumani kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari mavjud ish o‘rinlarini tavsiya etdi. Tadbirda, shuningdek, ish beruvchi muassasa, tashkilot va korxonalar mutasaddilariga joriy o‘quv yilida institutni tamomlayotgan bitiruvchilar haqida tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir doirasida institut talaba-yoshlari erishayotgan yutuqlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri