Andijon davlat texnika institutida “Moliyaviy huquqbuzarlik hamda yashirin iqtisodiyotga toqatsizlik pozitsiyasini shakllantirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Prezidentimiz ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan” o‘tkazilgan taqdimotda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, viloyat Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi mas’ullari, davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektorlari va mutaxassislari, korrupsiyaga qarshi komplayens tuzilmalari xodimlari, shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda moliyaviy huquqbuzarliklar va yashirin iqtisodiyotning kelib chiqish omillari, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, javobgarlik choralari hamda profilaktika mexanizmlari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, sohaga oid qonunchilik normalarini amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida faollik ko‘rsatgan bir guruh rahbar xodimlar, talabalar hamda akademik litsey o‘qituvchi va o‘quvchilari institut rektori tomonidan faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Bunday amaliy seminarlar ta’lim muassasalarida shaffoflik va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlash, yoshlarda korrupsiya va moliyaviy huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat).