Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali Vengriyaning "Hungerit Zrt" kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Vengriya kompaniyasi direktori V. Janos va Yangiyer filiali direktori Z. Hakimov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokarada yangi yirik investitsion loyiha – parranda go‘shti va mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlash korxonasini tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Vengriya kompaniyasining bosh direktori Volosinovszki Janos oziq-ovqat texnologiyasi va muhandislik-texnologiya yo‘nalishlarida mutaxassis-kadrlarga talab yuqoriligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u ishlab chiqarish jarayonida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash muhimligini va ularning ishlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Hamkorlikning asosiy maqsadi Vengriya kompaniyasining yangi loyihasi ishga tushgunga qadar Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialidagi talabalarga zamonaviy bilimlarni berish, ularni tajriba almashish va xorijiy stajirovka imkoniyatlari bilan ta’minlashdir. Shuningdek, Vengriyadan kelgan mutaxassislarning o‘qitish jarayoniga jalb qilinishi, maxsus kurslar tashkil etish hamda xorijiy tajribalarni amalda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.

– 2027 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan yangi loyiha parranda go‘shti va mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlash korxonasini tashkil etishni nazarda tutadi, – deydi filal direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev.– Loyiha amalga oshirilsa, korxona jahon standartlariga mos ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari asosida yiliga 25 ming tonna parranda mahsulotini ishlab chiqaradi va 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu, albatta, mahalliy aholi uchun bandlik imkoniyatlarini oshirish va iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak berishga xizmat qiladi.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali Vengriyaning "Hungerit Zrt" kompaniyasi bilan hamkorlik qilish orqali iqtisodiy rivojlanish va ta’lim sohasida yangi imkoniyatlarni ochadi. Vengriya kompaniyasining yirik investitsion loyihalari korxonalarni tashkil etish, O‘zbekistonda bandlik, ta’lim va ishlab chiqarish sohalaridagi mutaxassislarni tayyorlashga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, Vengriyadan kelgan mutaxassislar bilan hamkorlik talabalarga xalqaro tajriba olish va o‘z sohalarida yangiliklarni joriy qilish imkonini yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri