Jizzax politexnika instituti va “BYD Uzbyekistan Factory” –mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Qo‘shma korxona bosh direktori Shavkatbek Alimov boshchiligidagi korxona vakillarini oliy o‘quv yurti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmonqulov oliy ta’lim muassasasining bugungi kundagi moddiy- texnik bazasi, laboratoriya o‘quv xonalari bilan yaqindan tanishtirdi.
Sh.Alimov institut talaba-yoshlari hamda professor-o‘qituvchilari bilan ham ochiq muloqotda bo‘ldi va uchrashuv ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berdi.
Tadbir yakunida Jizzax politexnika instituti va “BYD Uzbyekistan Factory” MCHJ o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
– Mazkur hujjatga asosan kelgusida korxonaning mutaxassislarga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda o‘quv reja, fan dasturlari hamda o‘quv adabiyotlari yangi talablar asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqilib, shu asosida talabalarimiz saboq oladi, – deydi JizPI rektori, professor Alisher Usmonqulov. – Bundan tashqari, talaba-yoshlarimiz amaliy mashg‘ulotlar davomida bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishi hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalalarida ham kelishuvga erishdik.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari