Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Institut platformasiga sun’iy intellekt integratsiya qilinmoqda
16:19 / 2025-11-05

Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida sun’iy intellektga asoslangan raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 30 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ayni paytda Surxondaryo viloyati markazidan olisda joylashgan oliy ta’lim muassasasida ikkita asosiy AI tizim ishga tushirildi. Bu yangilik sun’iy intellekt asosida o‘zaro bog‘langan yagona raqamli ekotizimni yaratib, ta’limda yangi sifat bosqichini boshlab berdi. Jumladan, Portfoliya tizimi professor-o‘qituvchilar faoliyatini raqamli tahlil qilib, natijalarni AI orqali baholaydi. Bunda har bir pedagog salohiyati aniq aks ettiriladi. KPI tizimi sun’iy intellekt yordamida professor-o‘qituvchilar samaradorligini o‘lchab, avtomatik hisobot va tahliliy statistik ma’lumotlarni shakllantiradi. AI algoritmlari xodimlarning besh yillik ilmiy o‘sish dinamikasini ham kuzatib borib, inson kapitali rivojini nazorat qiladi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilab berildi, – deydi institut rektori Oybek Ro‘ziyev. – Shunga muvofiq oliy ta’lim dargohimizda sun’iy intellektga asoslangan raqamlashtirish tizimlaridan samarali foydalanishga o‘tishni belgilab oldik va qisqa vaqtda AI tizimni joriy etib, sohaga muhim qadam tashladik. 

Hayotimizga chuqur singib borayotgan sun’iy intellekt endilikda arzon narxdagi yuqori samarali hisoblash resursiga aylandi. Unda ta’lim uchun katta hajmdagi ma’lumot bor. Sun’iy intellekt joriy etilgan muassasa, korxona yoki kompaniya raqobatga chidamli bo‘ladi. 

Mutaxassislarning aytishicha, institutda shu kunlarda “Register Office” tizimini ishga tushirishga hozirlik ko‘rilmoqda. U talabalar uchun 163 turdagi xizmatni AI yordamida avtomatlashtirilgan shaklda taqdim etadi. Bu jarayon oliy ta’lim muassasasi boshqaruvida raqamli transformatsiyaning yangi bosqichini boshlab beradi. EPI tizimi joriy etilishi bilan institut to‘liq sun’iy intellektga integratsiyalashgan raqamli boshqaruv muhitiga o‘tadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri