Munosabat
Bugun har bir sohaga yangi texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Albatta, ularni boshqarishda salohiyatli kadrlarning o‘rni katta. Yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash jamiyat va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun zarurdir. Shuning uchun ham so‘nggi yillarda yurtimizda muhandislik sohasida kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilab berildi.
Farg‘ona politexnika institutida bugungi kunda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan jami 19 ta markaz faoliyat yuritib kelmoqda. E’tiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qo‘llagan holda 14 ta “Spin-off” korxonasi ochildi. Hozir markaz va spin-off korxonalari faoliyatini takomillashtirish institutning 2030 yilgacha rivojlanish strategiyasi va mazkur strategiyaga asosan 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” asosida olib borilmoqda. Markazlar xalqaro va milliy mehnat bozorlariga raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ilmiy-tadqiqot o‘quv ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish, qurilish materiallarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, til o‘rgatish, tayyorlov va malaka oshirish, PR-media, axborot-texnologiyalari hamda dasturlash yo‘nalishlariga mo‘ljallangan. Institutdagi spin off korxonalari shu kunga qadar 21 milliard so‘m daromad qilgan. Bu yil daromadni 40 milliard so‘mga, kelasi yili 100 milliard so‘mga olib chiqish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqilgan. Eng muhimi, ushbu korxonalar ishchilarining 90 foizi oliygoh o‘qituvchi va talabalaridir.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda mamlakatimizda texnika yo‘nalishidagi davlat oliygohlarini yiliga 67 ming bitiruvchi tamomlashi, ammo ulardagi dastur va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emasligiga e’tiborni qaratdi. Sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslar ma’lum qilingani bizga katta mas’uliyat yuklamoqda. Endi texnika yo‘nalishida o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgarishi natijasida 36 ta oliy o‘quv yurti hamda ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Ular dual ta’lim tizimiga to‘liq o‘tishi, mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklar qisqarishi, shuningdek, ayrim kafedralar birlashtirilishi aytib o‘tildi.
Ta’lim sifatini oshirish islohotlarida dekanatlarning o‘rni beqiyos, chunki ular iqtidorli talabalar guruhini tuzish, faoliyatini nazorat qilish va fakultet bo‘yicha iqtidorli talabalarni ilmiy darajaga ega o‘qituvchilarga biriktirib faoliyat yurituvchi tuzilmadir. Fakultet dekanati iqtidorli talabalarni aniqlash bo‘yicha kafedralarga takliflar kiritib, yuqori reyting baliga ega talabalarni iqtidorli talabalar guruhiga o‘tkazishni muvofiqlashtiradi.
Prezidentimiz dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashtirib, xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinishini ta’kidladi. Mazkur ilgari surilgan takliflarni inobatga olgan holda, dekanatlar faoliyati samaradorligini oshirish va innovatsion yechimlar bilan boyitish, ta’limning kredit tizimini boshqarish hamda ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida Farg‘ona politexnika institutida “Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi”, ya’ni “Registrator ofisi” tashkil etilib, o‘z faoliyatini olib bormoqda. Registrator ofisda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalari asosida ta’lim jarayonlarida o‘qitishning kredit-modul tizimi hamda 55 dan ortiq turdagi ta’lim bo‘yicha talabalarga raqamlashtirilgan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Yig‘ilishda har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi ta’kidlab o‘tildi. Institutimiz 110 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasasi va 20 ta xalqaro tashkilot bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Qolaversa, 3 ta universitet bilan qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan.
Ayni chog‘da AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Portugaliya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning yetakchi professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislarini institutimizdagi ta’lim jarayoniga jalb etdik. Hozir ular talabalarga ilg‘or yondashuvlar asosida saboq bermoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbari birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochilishi zarurligini aytib o‘tdi. Ularda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat ham byudjetdan mablag‘ ajratadi.
10 ta oliy ta’lim muassasasi qatorida Farg‘ona politexnika instituti ham bo‘lib, bu yerda “Sanoat muhandisligi” oliy muhandislik maktabini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu oliy muhandislik maktabimizda dastlabki bosqichda mashinasozlik, elektrotexnika, energetika va kimyo texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus dasturlar amalga oshiriladi.
Yana bir quvonarli yangiliklardan biri, kelasi yildan texnika yo‘nalishidagi loyihalarga davlat grantlari 4 karra oshirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “eng yaxshi g‘oya”, “eng yaxshi loyiha” va “eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovi o‘tkazilishi ta’kidlandi. Unda o‘qituvchilar, talabalar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Tanlovda birinchi o‘rinni egallaganga elektromobil berilishi, shuningdek, g‘oya, loyiha va ixtiro muallifi bo‘lgan eng zo‘r 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuborilishi biz uchun yana bir xushxabar bo‘ldi.
Prezidentimizning “Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz” degan so‘zlari bizga katta kuch bag‘ishlamoqda. Davlatimiz rahbari ta’lim muassasamizni tajriba maskani sifatida e’tirof etganligi bu jarayonlarni yanada kengaytirishga turtki beradi.
Sherzod Dehqonov,
Farg‘ona politexnika institutining yoshlar masalalari
va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori.
O‘zA