Millatning tanazzulga yuz tutishi, jamiyatda begonalashuv, virtuallashuv, «men konsepsiyasi» kabi illatlarni yoshlar ongiga singdirishning yangi usul va mexanizmlarini targ‘ib qilayotganlar kimlar va biz farzandlarimizni ulardan qanday himoya qilishimiz kerak?
O‘zA muxbiri Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi
Ijtimoiy ma’naviy-tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi, O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti Nigora Husanova bilan yuqoridagi kabi savollar yuzasidan suhbatlashdi.
— Bugun G‘arbda tarqalayotgan g‘oyaga ko‘ra, dunyoga kelgan avlod «Z-zed» deb nomlanib, boshqa avlod vakillaridan farq qilib, ular yashayotgan davr raqamli xizmat ko‘rsatish hamda texnologiyalar asri hisoblanadi. Avvalo bu davrning farzandlarimiz uchun fojiali jihatlari nimada ekani xususida gaplashsak?
— 1996 yildan 2012 yilgacha davrdagi o‘smirlar og‘ir va jismoniy mehnatlardan ozod bo‘lishi, ular uchun o‘rta maxsus ta’limning yetarli ekanligi, virtual olamdagi mavqei orqali turmush darajasini yengillashtirib berishi to‘g‘risidagi G‘arbning yot g‘oyalari qisqa vaqt ichida O‘zbekistonga ham kirib keldi. Endi jamiyat hech qanday aqliy yoki jismoniy mehnatlarsiz ham oson daromad topish, degan g‘oya yoshlarning aksariyati ongini egallab ulgurgani ham rost.
Bunga ijtimoiy tarmoqlar orqali tanilgan «Insta-yulduzlar» tomonidan tarmoqqa joylangan va bugungi kunda kishilar o‘rtasida urfga aylanayotgan «MEM»lar misol bo‘ladi. «MEM» — ijtimoiy tarmoqlarda mashhur so‘z, ibora, sur’at, video yoki audiolarning odamlar orasida hech qanday o‘zgartirishlarsiz madaniy axborotlarning birligini anglatuvchi tushuncha bo‘lib, zamonamiz yoshlari o‘rtasidagi tez-tez ishlatiladi. Milliy meros va millatning qadriyatiga ushbu «MEM»lar bir qaraganda hech qanday zarari yo‘qdek ko‘rinsada, o‘sha jamiyatning, millatning tili, dini, e’tiqodi, qadriyat va an’analarini asta-sekinlik bilan yo‘q qilib boradi. Chunki ma’lum bir yoshlar guruhi tomonidan o‘ylab topilgan biror-bir «qiliq» yoki «harakat» uning mazmun-mohiyatini anglab-anglamay turib, yer yuzidagi yoshlar o‘rtasida ommaviy taqlid vositasiga aylantiriladi. Masalan, «Satanistlar» belgisini TikTok, YouTube, Instagram kanallarida MEM va chellenj darajasida tarqatish missiyasi to‘g‘risida ko‘pchilik ota-onalar ma’lumotga ega emas.
— «Satanist» o‘zi nima, bu belgining tarqalishi yoki yoshlar takrorlashining qanday salbiy jihatlari bor?
— «Satan» so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, jin, shayton, iblis, degan ma’nolarni anglatib, yer yuzidagi insonlar orasida iblisga xizmat qiluvchi va insoniyatni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiruvchi, iymon-e’tiqodini yo‘q qilishga qaratilgan harakat hisoblanadi. Bu oqim bo‘yicha AQSHning Koliforniya shtatida Anton Leviy tomonidan ilk bor «shayton cherkovi» barpo etilgan. U «Satan injili» nomli kitob muallifi hisoblanadi. Bu yo‘nalish vakillari satanizm va ateizm tarafdorlari tomonidan birga harakat olib borib, ularning bosh g‘oyasi «dunyoni shayton boshqaradi», degan aqida bilan harakat qiladilar.

Ularning yer yuzida tarqalishi va faoliyatining eng beozor yo‘li sifatida musiqiy yo‘nalish tanlangan. Bundan tashqari, kichik va qisqa lavhalardan unumli foydalanish orqali o‘zlarining «satan belgisi» – ko‘rsatgich va jimjiloq barmoq yuqoriga, ular orasidagi o‘rta va nomsiz barmoq pastga, bosh barmoq ikki pastga egilgan barmoqning ustida turgan holda ishora ko‘rsatiladi va lavhaning qaysidir qismida bu ishora uzatiladi. Bu belgini asosan ommaviy «rok, metall va xevi» yo‘nalishidagi musiqiy konsert dasturlarida ularning sevikli qo‘shiqchilari tomonidan namoyish etiladi va muxlislar o‘zi bilmagan holda ushbu harakatlarni takrorlaydi. Bu guruh faollari nosog‘lom muhitda tarbiya topgan oilaning ota yoki onasi tashlab ketgan, giyohvand, ichkilikbozlik notinch oila farzandlaridan tashkil topgan.
Iymon-e’tiqodga hujumlarning aksariyati 13-19 yoshgacha bo‘lgan bolalarda, insoniylik, rahmdillik, mehribonlik, beg‘uborlik, mehr-muhabbat kabi hislatlarini 2-14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda yo‘q qilish uchun harakat boshlab yuborilgan.
Butun dunyoda keng tarqalgan va yer yuzidagi aksariyat yoshlarni o‘zida jamlagan «TikTok» va “YouTube” platformasi orqali qisqa soniyali «Ko‘k boshli maxluqcha yo‘qoldi? U shu yerda emasmi?» ko‘rinishidagi roliklar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning «MEM»iga aylanishi hamda «chellendj»larning ommalashib borishi orqali bolalar uchun turli ahloqiy buzuq o‘yinchoqlarni ommalashtirish, sevimli o‘yinchoqqa aylantirish uchun hujumlar uyushtirilmoqda.
— Bolalar o‘rtasidagi «popit va antistress» o‘yinchoqlarini ommalashtirishdan asosiy maqsad nima?
— Maqsad yoshligidan bolaning ongiga «stress» so‘zini joylash va shakllantirishdir. O‘ylab ko‘ring, 3-7 yoshli bolada qanday asabiy tushkun holat bo‘ladiki, uni antestres o‘yinchoqlar bilan bartaraf etish lozim bo‘lsa?! G‘arb olimlari ma’lumotiicha, aksariyat amerikaliklar ruhiy holati tufayli shifoxonalarda ro‘yxatda turadi, ularda bu holatni bartaraf etish uchun davlat tomonidan dori-darmon bilan ta’minlab turiladi.
E’tibor berib qarasak, amerika ijodkorlari tomonidan yaratilgan film va multfilmlarda hattoki, qo‘shiqlarida ham ruhiy kasalliklar bilan qahramonlarning qiynalishi to‘g‘risida lavhalar tez-tez uchrab turadi.
— Suhbat davomida milliyat so‘zini ishlatdingiz. Bu ibora nima ma’noni bildiradi?
— Bizning milliy qadriyatlarimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, milliyatimiz xalqimiz tomonidan asrlardan-asrlarga meros bo‘lib, tarixiy jarayonda shakllangan va bugungi kungacha yetib kelgan. «Milliyat» tushunchasi ilmiy ishimning yangiligi bo‘ladi.
Milliyat — ma’lum bir millatga, ana shu millat bilan bir maslakda yashayotgan xalqqa tegishli bo‘lib, boshqa millat va xalqlardan o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. O‘zida tarixiy haqiqati, insoniy qadriyatlari, turmush tarzi, madaniyati va ma’naviy merosini ifoda etadi.
Bu – ona yurtga ehtirom, ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga hurmat, oilaning muqaddasligi, iffat, ibo-hayo, andisha kabi xususiyatlarning ustuvorligi, boshqa xalqlarnikiga o‘xshamaydigan urf-odatlar, rasm-rusumlar va an’analar bilan ajralib turadi.
— Axborot texnologiyalarining rivojlanishi natijasida kishilar o‘rtasidagi halollik, rostgo‘ylik, rahmdillik kabi insoniy fazilatlar o‘rnini jamiyatdan begonalashuv, munosabatlarning virtuallashuvi egallab olmayaptimi?
— Haqsiz albatta. Kishilarning real olamdan ko‘ra, virtual olamdagi faoliyat jarayonining ortib borishi natijasida, erkak jins vakillari bilan teng huquqlilikni birdek da’vo qiluvchi «instasamka»lar ham bugungi kunda o‘zining ayollik sha’ni va qadr-qimmatlarini bir chetga surib, yengil hayot va oson pul topish maqsadida o‘zini turli ko‘rinishlarda namoyon qilishmoqda. «Instasamka» — “Instagram" so‘zining qisqartmasi «Insta» (ingliz tilida) – foto va videolarni almashish uchun Amerika ijtimoiy tarmog‘i, «samka» esa ayol, urg‘ochi, degan ma’nolarni anglatadi. Shu nom ostida faoliyat yurituvchi ayollar guruhi TikTok, Instagram, YouTube platformalarida faoliyat olib borishmoqda. Erkak jins vakillaridan ham «instasamis» va «InstaAlfa» taxalluslari bilan ijtimoiy tarmoqlarda hech qanday aqliy va og‘ir mehnatlarsiz daromad topish maqsadida insoniy va axloqiy qadriyatlarni chetga surib faoliyat olib boruvchi yosh yigit-qizlarning soni kundan-kunga ortib bormoqda. Avvallari yigitlarimizni Alp o‘g‘lon, Bahodir, Alpomishga, qizlarimizni esa To‘marisu Barchinga qiyoslagan bo‘lsak, zamonamiz qizlari endi «instasamka, yigitlarimiz esa «instasamis, instaAlfa, xeytir» kabi nomlar ostida g‘urur bilan faoliyat olib borishmoqda.
Ommaviy madaniyat G‘arbni o‘z domiga tortib ketdi, ammo keyingi navbat Sharq mamlakatlari ekanligini hamma birdek anglab yetmayapti. Bu faqat kiyinish madaniyati bilan emas, unda oila, farzand, e’tiqod, shaxsning o‘zligini anglash masalalariga yangicha yondashuv – inson o‘z tanasi uniki yoki uniki emasligi to‘g‘risidagi muammolar, «Men konsepsiyasi», deviant xulq-atvor, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik vabosi, odam savdosi, suisid muammolaridan tashqari, eng og‘riqli nuqtasi insonlar o‘rtasidagi mehr-muruvvat kabi ma’naviy qadriyatlarning yo‘qolishiga olib kelmoqda. Bu borada davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev «Yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.
Ammo, biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda», deya ta’kidlagan edi. Inson ongining aql-zakovati va ilm-fan mo‘’jizalari tufayli endi bir davlatda beqarorlikni vujudga keltirish uchun odamlarni ko‘chaga chorlov shart emas. Chunki, bu faoliyatni amalga oshirish uchun media makon, ya’ni virtual olam mavjud.
— Hozirgi kunda yoshlarni «Ijtimoiy safarbar» etuvchi turli virtual harakatlar ham ko‘paydi. Ularni qanday to‘xtatish mumkin?
— Ijtimoiy safarbarlikning millatni safarbar etish, ommaviy safarbarlik,
harbiy safarbarlik, virtual safarbarlik kabi turlari mavjud.
Virtual safarbarlikni hozirgi kunda eng xavflisi, deyish mumkin. Chunki bunda chegaralar va sarhadlar mavjud emas. Yo‘l boshlovchilar ham aniq bo‘lmasligi mumkin. Chunki virtual olamga bo‘lgan ehtiyojning ortishi natijasida hech kim hech narsani surishtirmay, uning ortidan ergasha boshlaydi. Chunki insonning kim ekanligi va uning jamiyatdagi o‘rnini qilgan ishlari emas, «podpiska» va «layk»lari belgilab berayotgani hech kimga sir emas. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni turli g‘oyalarga virtual yo‘naltiruvchi kimsalar ham ko‘payib ketdi.
Ma’lum bir vaqt, joy, qamrov hisobga olinmagan holda internet orqali kishilarni safarbar etish urfga kirmoqda. Masalan, Toshkent shahar IIB tomonidan turli mamlakatlarda
30 yoshga to‘lmagan yoshlar o‘rtasida o‘zida buzg‘unchi va vayronkor g‘oyalarni aks etgan «Redan» harakati yurtimizga ham kirib kelgani, o‘z faoliyatini boshlagani to‘g‘risida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Redan» o‘zi yapon animatsiya san'ati muxlislarini o‘zida mujassam etgan internetdagi virtual jamoalar, ya’ni o‘smirlardan iborat virtual munosabatga kirishuvchi guruhlar hisoblanadi.
Toshkent shahar IIB tomonidan o‘z vaqtida oldi olingan «Redan» harakati namoyishida qo‘lga olingan jamoa a’zolari bilan suhbat chog‘ida ular sodir etayotgan xatti-harakati jinoyat ekanligi, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlari to‘g‘risida umuman tushunchaga ega emasligi, shunchaki vaqtichog‘lik uchun borgani va ularni maydonga yig‘moqchi bo‘lgan guruh yo‘lboshchilarining o‘zi yo‘q bo‘lib qolganligi to‘g‘risidagi ma’lumotidan ko‘rinib turibdiki, har qanday uzatilayotgan xabar yoki axborot tufayli yer yuzining xohlagan yerida beqarorlik va namoyishlarni bemalol tashkil eta oladi.
Bu jarayonning achinarli jihati yoshlarning ushbu chaqiruvlarda ko‘r-ko‘rona ishtirok etishi va noxush holatlar to‘g‘risida umuman tushunchaga ega emasligidir.
— Farzandlarimizni mana shunday yot mafkuralardan omon saqlash uchun nimalarga e’tibor berishimiz kerak?
— Buning uchun ta’lim va tarbiya jarayonida xotirjamlikka berilmaslik talab etiladi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Agar biz yolg‘on g‘oyaga aldanganlarni o‘z holiga tashlab qo‘yadigan bo‘lsak, ertaga chetda payt poylab turgan qabih yov kelib, uni o‘z ortidan yetaklab ketmasligiga kim kafolat beradi?» deb kuyunib aytilgan fikrlari barchamizni hushyor torttirishi lozim. Haqiqatdan ham shunday. Qachonki, biz oilada farzand uchun sog‘lom muhitni shakllantirib bera olsak, kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish osonroq bo‘ladi.
Buning uchun biz yosh avlodning ongi va qalbiga sharqona odob-axloq, tarbiya, milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizni xalqning me’dasiga tegmaydigan usul va vositalar orqali singdirishning zamonaviy usullarini ishlab chiqish orqali safarbar eta olsak, farovon vatan orzusiga erisha olamiz.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.
O‘zA