Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Instagramda “in” qurgan tovlamachi
14:59 / 2022-05-11

Instagram – rasm va videolarni ulashish uchun mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoq. Hozirda yer yuzida 1 milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega bu tarmoqdan tijorat va reklama maqsadida foydalanish juda foydali.

Tarmoqda nafaqat o‘z sahifasi, balki boshqa taxallus ostida sahifa ochib rasm va videolar yuklash mumkin. “Layk”lar orqali hamfikr odamlarni aniqlash, do‘stlashish va hatto o‘z “baxtini” topish mumkin.  

37 yoshida oilasi bilan ajrashgan Tohir Samadov (ism shariflar shartli) ham mazkur tarmoqda “in” qurib, qalbiga mos sherik istab Ra’no Isanova bilan tanishib qoladi. Uning Instagramdagi sahifasiga joylangan suratlariga layk bosib, izohlar yozib, ayolni o‘ziga rom etadi.   

Ular o‘rtasida boshlangan go‘yoki do‘stlik yozishmalari ularni Rossiya davlatida diydorlashishga undaydi. Shunday bo‘ldi ham. Bora-bora ular bir-birlariga ipsiz bog‘lanib ham qoldi.  

Instagramga mukkasidan ketgan bu “oshiq”lar o‘zining har bir harakatini suratga yoki videoga olib tarmoqqa joylash va “layk” to‘plash bilan go‘yoki zavq olishardi. Ko‘proq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydigan Tohirning topishi ham shunga yarasha edi... 

Tohir pulsizlik sabab asabiylasha boshlaydi va ayolga shunday bir suratlarni ko‘rsatadiki, osmon shu tob Ra’noning boshiga qulagandek bo‘ladi. 

– Agar men aytgan pulni bermasang, bu suratlar, bolalaring, ayniqsa, akang uchun zo‘r sovg‘a bo‘ladi! 

– Lekin... sevgimiz...axir ishongandim... 

– Ha, sevgansan, ishongansan menga esa pul kerak. Suratlarni ko‘ryapsanmi?  

O‘zining sharmandali holdagi siyratini ko‘rgan ayolning shu kundan boshlab halovati yo‘qoldi. Vaholanki, u yaqindagina shu video va rasmlarni ko‘rib zavq olgan edi. Endi esa... 

Ayol erkakka so‘ragan pulini bera boshlaydi. Lekin mehnat qilib, uning huzurini ko‘ra olmaslik, topganini birovga boy berayotgani, albatta, unga yoqmasdi. Qolaversa, ayol akasining uyida qoldirib kelgan ikki nafar farzandini ham o‘ylashi kerak.  

R.Isanova bo‘layotgan ishlarni akasi Alisher Isanovga telefon qilib aytib berishga majbur bo‘ldi. Alisher singlisini himoya qilish uchun Rossiya davlatiga yetib boradi. Ammo bu paytda Tohir Samadov joyini o‘zgartirgan, ayolga manzildan turib tazyiq o‘tkazayotgan edi. A.Isanov uni topa olmay majbur ortga qaytadi, ammo ishni shu holda qoldirmaydi.  

Qarangki, Tohir bu paytda Ra’noning mahalladoshi, akasining sinfdoshi bo‘lgan boshqa bir ayolni avrayotgan edi. 

Tohirning mehrli va sirli gaplariga ishongan Gavhar hatto o‘z ixtiyori bilan Tohirga yarim yalang‘och holdagi suratlarini yuboradi. Dastlab qarz so‘rab pul olgan Tohir Samadov endi tahdid yo‘li bilan ta’magirlik qilib pul talab qila boshlaydi. 

Ikki ayolning tasvirlab bo‘lmas darajadagi holatlari bilan go‘yo rohatlanayotgan Tohir bu ishning oxiri o‘zi uchun ham ayanchli bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmagan edi.  

Alisherning huquqni muhofaza etuvchi idoraga yo‘llagan arizasiga asosan fosh etilgan tovlamachilik sud zalida muhokama etildi. 

Qonun talabiga ko‘ra, jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish tovlamachilik hisoblanadi. Bu norma Jinoyat kodeksining 165-moddasida mustahkamlangan. 

Sud sudlanuvchi T.Samadovga tovlamachilikda aybli deb topdi va unga   ozodlik mahrum qilish jazosi tayinladi. 

Aytmoqchi bo‘lganimiz, ijtimoiy tarmoqlar – inson o‘z oldiga qo‘ygan ma’lum vazifalarni kompyuter va telefon yordamida osonlashtiruvchi  vosita, xolos. Undagi onlayn munosabatlar real hayotdan farq qiladi. Shunday ekan, duch kelganga ishonib, tovlamachilarning tuzog‘iga tushib qolmang.  

Akrom ARIPOV, 
Oliy sud bosh konsultanti. 
O‘zA