Inspektor fuqaroning hayotini saqlab qoldi
Navoiy viloyati Karmana tumanida profilaktika inspektori suvga cho‘kayotgan fuqaroni qutqarib qoldi.
Viloyat IIB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 62 yoshli A.N. ehtiyotsizlik oqibatida muvozanatini yo‘qotib, Alisher Navoiy mahallasidan oqib o‘tuvchi kanalga tushib ketadi. Voqea ayni tush paytida bo‘lgani uchun uni hech kim ko‘rmagan.
Fuqaro kanalning qo‘shni Farhod mahallasidagi qismigacha oqib kelgan. Shu hududda xizmat vazifasini o‘tayotgan katta leytenant Sardor Doniyorov hamda mayor O‘tkir Nosirov tezkorlik bilan uni qutqarib olgan.
Hushsiz holda suvdan olib chiqilgan A.N.ga profilaktika inspektorlari tomonidan berilgan birinchi tez tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolindi.
O‘zA