Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonparvarlikning oliy mezoni
11:28 / 2025-12-03

Har bir inson adolatli jamiyatda yashashni orzu qiladi. Adolat mezoni esa birgina insonparvarlik o‘lchovi bilangina o‘lchanadi. Ya’ni, keksa-yu yosh, sog‘u bemorga qilingan teng munosabat ayni adolatning bir ko‘rinishi.

3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni. Xo‘sh, bu kunni qanday nishonlamoq lozim?

Ko‘pchilik nogironlarning bu borada fikri bir nuqtada tutashgani bois, ayni bir kishining fikrini keltirmadik. Ular aytadilar:

“Har yili 3 dekabrda bizni qutlashadi. Turli ziyofatlar uyushtirilib, sovg‘alar ulashishadi. Albatta, bunday g‘amxo‘rlik uchun minnatdormiz. Ammo bu bayram emaski, bizni qutlashsa. Bu nogiron insonlarga alohida e’tibor beriladigan, ularning muammolarini tinglab, yechim beradigan kun aslida”.

Ko‘rinib turibdiki, nogironligi bo‘lgan shaxslar faqat 3 dekabrdagina bir martalik eslashni emas, balki doimiy e’tibor va o‘z salohiyatlaridan kelib chiqib mehnat faoliyatini olib borishga imkoniyatlar yaratilishini xohlashadi.

Quvonarlisi shuki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadri degan ulug‘vor siyosat ustuvorlik qila boshladi. Buning natijasi o‘laroq, nogironlarga ham alohida e’tibor qaratish yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi imkoniyati cheklangan bolalar ta’lim oladigan maskanlarga tashrif buyurib, ularning kelajakdagi orzu-istaklariga yorug‘ yo‘l ochib beruvchi islohotlar ketma-ketligini taqdim etib kelmoqda.  

Jumladan, 2022 yil Samarqand shahridagi ko‘zi ojiz bolalar ta’lim maskaniga tashrif buyurgan Prezident o‘quvchilar bilan uchrashuvda shunday degan edi:

“Har biringiz oliy ta’lim muassasasini tamom qilguningizcha, har bir davlat idorasida siz uchun mos ish o‘rinlari yaratamiz. Bu bo‘lishi shart. Shundagina biz ilgari surayotgan inson qadri degan tamoyilning maqsadiga erishgan bo‘lamiz”.

Darhaqiqat, ayni o‘sha yili bitirgan o‘quvchilar bugun talabalik bosqichini ham tamomlash arafasida. Quvonarlisi ularning aksari bugun o‘z ish o‘rinlariga ega.

Demak, islohotlar insoniyat uchun xizmat qilmoqda. Bunday bo‘lmaganda uning islohotligi qolmasdi. Respublikamizda jami 1 million 58 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lib, shundan 173 ming nafari nogironligi bo‘lgan bolalarni tashkil etadi.

Yaqin yillarda mahallalarda ijtimoiy hodimlar uyma-uy yurib, 34,2 ming nogironligi bo‘lgan, lekin belgilanmagan shaxslarni aniqladi va ularga nogironlik belgilatdi.

Joriy yildan esa nogironlikni belgilash yagona standartlar hamda raqamlashtirilgan tizim asosida amalga oshirilmoqda. Qolaversa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash va ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida yangi platforma ishga tushirildi.

Dastur doirasida 27 ming nafar ishlash istagi bor nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxati shakllantirilib, ularning 14 ming nafari (52 foizi) ishga joylashtirildi. Yangi loyihalarni amalga oshirish orqali 150 ming nogironligi bo‘lgan shaxslarning rasmiy bandligi ta’minlandi.

Yuqorida ta’kidlaganimiz nogironlar bandligi eng og‘riqli nuqta. Bosqichma-bosqich bu ham o‘z yechimini topayotgani quvonarli, albatta.

Endilikda yangilanayotgan tizimda boshqaruv bo‘linmalarida ham nogironligi bo‘lgan shaxslar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi taklif qilinmoqda. Negaki, bu orqali ularni yanada chuqurroq anglab, mavjud kamchiliklarni samarali bartaraf qilish mumkin.

Sherbek Islomov,

O‘zA