Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida inson sha’ni, uning qadr-qimmatini ustuvor bilish islohotlarning asosiy mazmun-mohiyatiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani yurtimizdagi yangilanish jarayonlarining insonparvarligidan darak beradi.
Xalqimiz azaldan insonparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va kechirimlilik kabi ulug‘ fazilatlarni hayot mezoniga aylantirib kelgan. Xato qilgan inson to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga ishonish, uni qo‘llab-quvvatlash, imkon va umid berish kabi ezgu an’ana yurtimizda bugun ham davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ushbu hujjat yuzasidan quyidagi fikrlarni bildirdi.
—Davlatimiz rahbari tomonidan har yili qutlug‘ bayramlar arafasida avf e’lon qilinishi ana shu xalqchil qadriyatlarning amaldagi yorqin ifodasi.
Bu amaliyot inson qadrini yuksak qo‘yish, jamiyatimizning ma’naviy-ruhiy poklanishi, bag‘rikengligi va adolatga sodiqligini ifodalaydi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingani ana shu ulug‘ an’ananing o‘ziga xos davomidir.
Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan afv etilganlar safida 29 nafar ayollarimizning borligi esa, ayniqsa, quvonarli. Chunki ayolning jamiyat va oiladagi o‘rni, farzand tarbiyasidagi mas’uliyati beqiyos.
Qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lga qaytishga qat’iy bel bog‘lagan bu ayollar uchun afv — yangi hayot boshlash, oilasi bag‘riga qaytish uchun juda katta imkoniyat ham.
Shu o‘rinda mutafakkir alloma Ahmad Yugnakiyning “Ko‘ni bo‘l, ko‘ni qil, atin ko‘ni, Ko‘ni teyu bilsun xaloyiq seni” degan hikmatini tilga olish o‘rinli.
Zotan, ushbu purma’no o‘git insonni har bir amalda to‘g‘rilik va poklikka chorlaydi. To‘g‘ri yo‘l tanlagan, halol niyat bilan yashagan insonni jamiyatning o‘zi e’tirof etadi.
Davlatimiz tomonidan berilayotgan ishonch, eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash tamoyilining amaldagi namunasi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu ayollarning hayotga qayta moslashishi, o‘z o‘rnini topishi, oilasi bilan mustahkam munosabatlarni tiklashi uchun zarur yordam va ko‘makni ko‘rsatishda davom etadi.
Jonajon Vatanimizda inson qadrini yuksaltirish, adolat va mehr-oqibat tamoyillariga sodiqlik doimo ustuvor bo‘lib qolaversin.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.