Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan muborak Ramazon oyi munosabati bilan xalqimizga xos bag‘rikenglik va saxovat an’analari asosida og‘ir xastalikka chalingan, murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj fuqarolarga zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ushbu oyni “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” g‘oyasi asosida chiroyli o‘tkazish, xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish yuzasidan qator vazifalar belgilangan.
Prezident tomonidan ajratilgan xayriya mablag‘lari hisobidan Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan ijtimoiy reyestrda turgan bir guruh shaxslarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmoqda. E’tiborlisi, davolash jarayonlarida nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki poytaxtdan jalb etilgan malakali shifokorlar ham ishtirok etmoqda. Bu esa bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirmoqda.

Ijtimoiy reyestrda turgan bemorlar orasida yoshlar ham bo‘lib, hozirda 50 nafardan ziyod yoshning ro‘yxati shakllantirilgan. Viloyatning turli tuman va shaharlarida yashovchi ana shu yoshlarda murakkab texnologik operatsiyalar va davolash jarayonlari o‘tkazilib, jarayonlar mutasaddilar tomonidan doimiy nazoratga olingan.

F.Ubaydullayev, O‘zA.