Ma’lumki, joriy yilning 25 noyabr kunidan boshlab mamlakatimiz bo‘ylab “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” global kampaniyasi boshlandi. Ushbu tashabbus har yili ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan o‘tkazilib, jamiyatda zo‘ravonlikni rad etuvchi, unga qarshi jipslashgan pozitsiyani shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozim, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning hayotini yaxshilash, ularni turli ijtimoiy muammolardan himoya qilish bo‘yicha izchil siyosat olib borilmoqda. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularni qo‘llab-quvvatlash, yangi hayotga qayta moslashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Ijtimoiy himoya tizimidagi keng ko‘lamli islohotlar ham aynan shu maqsad sari yo‘naltirilgan. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bu yo‘nalishda muhim natijalar bermoqda. Hududlarda faoliyat olib borayotgan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazining Toshkent viloyati hududiy bo‘limida ayollar hayotida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

Markaz turli og‘ir hayotiy sinovlarga duch kelgan, ruhiy yoki jismoniy bosimdan aziyat chekayotgan ayollarga yordam qo‘lini cho‘zib, ularning ruhiy barqarorligini tiklashga, ijtimoiy hayotga qayta moslashishiga ko‘maklashadi. Bu yerdagi mutaxassislar tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar nafaqat ayollar hayoti uchun, balki jamiyatning barqarorligi, oilalarning mustahkamligi va kelajak avlod salomatligi uchun ham mustahkam zamin yaratmoqda.

– Bu markazga shu kungacha kelgan yuz nafardan ortiq turli tazyiq va zo‘ravonliklardan jabrlangan ayollarga belgilangan tartibda reabilitatsiya xizmatlarimizni ko‘rsatdik. Ularning ko‘pi oilalariga qaytib, turmushi yaxshilandi. Yaqinda boshlangan aksiya doirasida biz ham ko‘plab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Masalan, zo‘ravonlikning salbiy oqibatlari, ayollarning faolligini cheklash kabi muammolar yuzasidan tashkil qilgan muloqotimiz ishtirokchilarda katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, maxsus mavzuga mos videoroliklar namoyishi ham ayollarimizga o‘z huquqlarini yana bir bor ko‘rsatib berdi, – deydi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazining Toshkent viloyati hududiy bo‘limi psixologi Ziynat Hayitqulova.

Toshkent viloyatida olib borilayotgan ijtimoiy himoya siyosati insonparvarlik va adolat tamoyillariga asoslangan. Bu kabi markazlarning faoliyati esa ayollar hayotida yangi bosqich, yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
A.Musayev, O‘zA.