Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonparvarlik siyosati yurtga baraka ulashadi
15:04 / 2022-05-04

Hosiyat aya va Abdusamad bobo har oy pensiyalarini olganida, uning bir qismini nevaralariga bo‘lishadi. Nevaralar esa bobo-buvisining bu hadyalaridan behad quvonib, qiyqirishgancha qishloq do‘koni tomon chopib ketishadi.

Ketma-ket yoshdagi nevaralarga katta bayramdek tuyuladigan bu quvonchli onlar odatiy an’anaga aylangan go‘yo. Boisi har oy yakunlanib, yangisi boshlanaversa, nevaralar bobo-buvining atrofida girdikapalak bo‘lib, «bobojon, buvijon, pensiyangiz qachon keladi, tezroq kela qolsin, menga buncha berasiz, men falon narsa olaman», deyishadi.

Bobo-buvining bu oydagi pensiyalari oshirilgan narxlarda hisob-kitob qilinib, anchagina bo‘lib keldi. Bundan ko‘ngillari ko‘tarilgan Hosiyat aya va Abdusamad bobo qo‘lini duoga ochib, davlatning, yurtboshining bunday g‘amxo‘rligiga tashakkur aytib, elu yurtga tinchlik-xotirjamlik tiladilar, berilgan nasibalarini sog‘lik-salomatlikda yeb-ichmoqlik nasib etishini niyat qildilar. Har galgi odatni kanda qilmay, bu safar ko‘paygan pensiyalaridan nevaralariga ulashishdi. Nevaralar ham bu gal yanada katta quvonch bilan qiyqirishdi, bobo-buvini quchoqlab, «rahmat, pensiyangiz ko‘-o‘-o‘p bo‘laversin», deya do‘konga qarab chopishdi...

Ha, davlatimiz rahbarining shu yil 29 apreldagi «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2022 yilning 1 mayidan boshlab yoshga doir, nogironlik, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi.

Farmonga ko‘ra, endilikda yoshga doir pensiyalarning eng kam pensiya miqdori – oyiga 633 ming so‘m, nogironlik pensiyalari, shu jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagandagi nogironlik pensiyasi oluvchilar pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 698 ming so‘m, mehnatga layoqatsiz nogironlik nafaqasi hamda bolalikdan nogironligi bo‘lganlarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 698 ming so‘m, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 324 ming so‘m qilib belgilandi. Bundan tashqari, 1941-1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 080 ming so‘m etib belgilab qo‘yildi.

Bu kabi islohotlar davlatimizning insonparvarlikka yo‘g‘rilgan siyosatidan, yurtimizda inson qadri ulug‘ligidan, hammasi aholining yaxshi va farovon yashashiga qaratilganidan dalolatdir. Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham bosh mezon etib belgilangan «Inson qadri uchun» tamoyili har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratishni nazarda tutadi. Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar, avvalo, xalqimizning, odamlarning hayot tarzida, turmushida o‘z ifodasini topayotgani e’tiborga molik.

Inson qadri ulug‘langan, ularning huquq va manfaatlari, ehtiyojlari ustuvor bo‘lgan yurtda rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi, fayzu baraka yog‘iladi. Shu bois ham mamlakatimizda davlat rahbari rahnamoligida aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularga zarur sharoitlar yaratishga, ehtiyojmand qatlam vakillarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu borada ketma-ket qator hujjatlar qabul qilingani, videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazilgani so‘zimizga isbot bo‘ladi.

Masalan, joriy yilning 29 aprelida qabul qilingan yana bir muhim hujjat — «Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29 aprel kuni ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor maqsad-vazifalar belgilab berilganini alohida e’tirof etish joiz.

— Mazkur yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada kengaytirilishi ta’kidlandi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Mamajonova. — Jumladan, 1 maydan boshlab nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga 6 oy davomida har bir bunday xodimi uchun 400 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘zini o‘zi band qilgan va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga subsidiya ajratiladi, ular kasb-hunarlarga davlat hisobidan o‘qitiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlari va ularning hududiy bo‘limlari xodimlariga oylik to‘lash uchun davlatdan subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarni to‘liq ta’limga jalb etish maqsadida yangi - «Nurli maskan» nomini olgan maktablarda yangi o‘quv yilidan qo‘shimcha 850 ta o‘quv xonalari va 1 ming 200 ta yotoqxona o‘rni tashkil etiladi. Bundan tashqari, 3 mingdan ziyod zaif eshituvchi bolalarga zamonaviy eshitish moslamalari yetkazib beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, ulug‘ ayyom kunlarida ko‘ngli o‘ksik insonlarga berilayotgan e’tibor davlatimiz siyosatining yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan chambarchas ekanidan dalolat beradi, — deydi deputat.

Darhaqiqat, yurtimizda inson omiliga qaratilgan insonparvarlik sa’y-harakatlari, qadr-qimmat, mehr-oqibat, e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasi yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch va xursandchilik hadya qilmoqda. O‘z hayotidan mamnun bo‘lib yashash hissini berayotir, Hosiyat aya va Abdusamad bobo singari minglab keksalarni nevaralari qurshovida, ularning baxtiyor qiyqiriqlaridan zavqlanib yashashlariga xizmat qilayotir. Zero, o‘zaro mehr-oqibat, insoniylik, muhtojga ko‘mak va mehr ko‘rsatish, keksalarni qadrlash, insonni ulug‘lash xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan sanaladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA