Odam kim bo‘lishidan qat’iy nazar, unga insoniy munosabatda bo‘lish umuminsoniy qadriyatlarning muhim tamoyili hisoblanadi.
Kuni kecha qabul qilinganiga 72 yil bo‘lgan BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning tub ildizida ana shunday yuksak insoniylik mujasssamlashgan.
O‘zbekiston mazkur xalqaro dekalaratsiya va konvensiyani ratifikatsiya qilibgina qolmay, ulardagi qoidalarni Bosh qomusiga, qonunlariga singdirgan demokratik davlatdir.
Bundan tashqari, mamlakatimiz Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasini, shuningdek Bolalarni qurolli mojarolarga jalb qilish to‘g‘risidagi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning fakultativ protokollarini ratifikatsiya qilgan.
Konvensiya va fakultativ protokollarning asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan amalga oshirib kelinmoqda.
“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq har bir bolaga inson hamda fuqaro huquqlari va erkinliklari tegishli bo‘lishi hamda davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan. 14-moddasida har bir bola g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi kafolatlangan.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari chet elda qonuniy vakillari hamrohligisiz turgan bolalarning - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritishi va ularning qaytarilishi bo‘yicha choralar ko‘rishi zarur.
Ota-onasi bedarak yo‘qolgan, deb topilgan yoki ular vafot etgan, deb e’lon qilingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi ana shu bolalarni oilaga, bunday imkoniyat bo‘lmaganda esa yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun tayinlangan muassasalarga joylashtirish choralarini ko‘rishi, qonuniy vakillari hamrohligisiz chet elda turgan bolalarni qaytarish masalalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qilish belgilangan.
O‘zbekiston insonparvarlik borasidagi o‘z siyosatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari hamda halqaro huquqning umum e’tirof etilgan me’yor va tamoyillariga tayangan holda olib bormoqda.
Mana shunday qonun-qoidalar turli sabablar bilan boshqa hududlarga borib qolgan, keyinchalik qarovsiz, chorasiz qolgan o‘zbekistonik bolalarni yurtimizga qaytarishni taqozo qiladi.
Shungay asoslarga ko‘ra O‘zbekiston 2019 yil may oyida 156 nafar o‘zbek fuqarosi, asosan, ayollar va bolalarni Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlar hududidan O‘zbekistonga qaytarib olib keldi.
2019 yilning oktyabr oyida hukumat Iroqdan yoshi 1,5 dan 17 gacha bo‘lgan 64 nafar boladan iborat yana bir guruhni repatriatsiya qildi. Vazirlar Mahkamasi qaytarilgan bolalarning hech bir to‘siqsiz reintegratsiyasini ta’minlash maqsadida ijtimoiy sektor vazirliklari tomonidan taqdim etiladigan kompleks xizmatlar paketi bilan birga harakatlar rejasini ishlab chiqdi. Natijada repatriatsiya qilingan bolalarning 80 foizi o‘z oilalari yoki qarindoshlari bilan qo‘shildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita nazorati ostida 8 dekabr kuni “Mehr-3” operatsiyasining navbatdagi bosqichi amalga oshirildi. Suriyaning jangovar harakatlari olib borilayotgan hududlaridan 98 nafar O‘zbekiston fuqarosi, ya’ni 25 nafar ayol va 73 nafar bola Vatanga qaytarildi. Begunoh bolalarning 14 nafari chin yetimlardir.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Suriyaning jangovar harakatlari olib borilayotgan hududlaridan olib kelinganlar joylashtirilgan joyda rahbariyat bilan uchrashib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Bolalar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sog‘lomlashtirish muassasalariga joylashtirilib, issiq ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlangan. Ularga mutaxassislar tomonidan tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kelgusida ularning jamiyatga to‘laqonli ijtimoiy moslashuvi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi holat yuzasidan ko‘plab tushunmovchilik, muhokamalar bo‘layotgani sir emas. Lekin biz O‘zbekistonga aloqador har bir bola uchun mas’ul ekanimiz qonunlar, biz qo‘shilgan xalqaro shartnomalarda aks etganini tan olmay ilojimiz yo‘q.
Boshqalarning boshiga tushmasin, ammo hech kim xato qilishdan, adashishdan, birovlar sabab sinovga duch kelishdan to‘liq muhofaza qilinmagan.
Unutmang, insonparvarlik har bir huquqiy, demokratik davlatning eng muhim qoidalaridan biridir.
Aliya Yunusova,
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili.
O‘zA