Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat Kasbi tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sayyor sud majlisida xatolaridan xulosa chiqargan bir guruh mahkumlarni muddatidan avval ozod qilish yuzasidan to‘plangan hujjatlar muhokama qilindi.
Unda ishtirok etganlar qonunlarimizdagi insonparvarlik tamoyillarining hayotiy ahamiyatiga yana bir bor guvoh bo‘ldi.

Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo o‘tayotgan mahkumlar sudya qarshisida o‘z pushaymonligini bildirib, o‘tgan davr ular uchun yaxshigina saboq bo‘lganini ta’kidladi. Sudya ham o‘z navbatida har bir hujjatni atroflicha o‘rganib, unga ko‘ra taqdimnomalarni qanoatlantirishni lozim topdi.

Shu kuni probatsiya nazoratida turgan shaxslarni tuzalish yo‘liga o‘tganlariga nisbatan insonparvarlik tamoyillari qo‘llanib, 5 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi. Probatsiya nazoratida turib, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan bir nafar mahkumning jazosi og‘irrog‘iga almashtirilib, unga nisbatan sirtdan qidiruv e’lon qilindi.


Berilgan huquqiy tushuntirishlar, olib borilgan profilaktik tadbirlar jazodan ozod qilingan mahkumlarning kelgusidagi hayotida muhim rol o‘ynashi tabiiy. Binobarin, qonunchilikdagi o‘zgarishlarga ko‘ra endilikda imkoniyatni suiiste’mol qilish jiddiyroq oqibatlarga olib kelishi hech gap emas.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri