Toshkentda «Insonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro mexanizmlar» mavzuida seminar tashkil etildi.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-west management institute” NTTning O‘zbekistondagi filiali “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sudyalar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlash yo‘lidagi tub yangilanish islohotlari izchil davom ettirilayotgani ta’kidlandi.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson qadri ustuvorligi hamda inson huquqlarini ta’minlashda “Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga asoslangan istiqboldagi ustuvor maqsadlar va asosiy vazifalar belgilab berilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga yanada kengroq moslashtirildi. Jumladan, inson huquqlari kafolatlanishi, imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanishi, va muhimi, qonunchilik ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shartligi belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Qomusda inson huquqlarining fundamental asoslari mustahkamlandi va unda inson qadri, manfaati uchun xizmat qiladigan normalar uch baravar ko‘paytirildi.
Shundan kelib chiqib tadbirda xalqaro huquq normalarining milliy qonunchilikdagi ifodasi, ularni qo‘llash tajribasi, bu boradagi yondashuvlar hamda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar xususida fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA