English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonning huquqi va erkinligiga oid qarorlar qabul qilishda sun’iy intellektdan foydalanish mumkinmi?
10:49 / 2026-02-04

2026 yil 21 yanvarda “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:  

– Sun’iy intellekt iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, sanoat, transport, ekologiya hamda davlat boshqaruvidan tortib, axborot maydoniga ham jadal kirib borayotgani hech kimga sir emas.

O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda xalqaro tendensiyalarga mos ravishda o‘z siyosatini olib bormoqda. Jumladan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish va ularni sohalar kesimida qo‘llash imkoniyatini oshirish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalasi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Sohada ilmiy yo‘nalishga ham alohida e’tibor qaratilib, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.

Keyingi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani va ommalashayotgani, mazkur sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish zaruratini vujudga keltirdi.  

Shu zaruratdan kelib chiqib mazkur qonun ishlab chiqildi. Qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash hamda ushbu sohadagi davlat organining vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.   

Xususan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda “sun’iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berildi. Sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilash – axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.  

Axborotlashtirish sohasidagi maxsus vakolatli organning sun’iy intellekt sohasidagi uchta asosiy vazifasi belgilandi.

Bular, birinchidan, sun’iy intellekt yo‘nalishiga investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratish, kkkinchidan, davlat organlarining ma’lumotlarini sun’iy intellekt asosida qayta ishlash uchun texnik infratuzilma shakllantirish, uchinchidan, su’iy intellekt yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish, shuningdek, qonun bilan axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanish tartibining umumiy qoidalaridir. 

Alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, qonunga ko‘ra, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari hamda bu sohadagi axborot tizimlari insonga, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni hamda qadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va uning boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligi shart.    

Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida qonunga xilof ravishda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni OAV yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyati belgilandi.  

Qonun sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirish, ulardan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash hamda mazkur sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA