-
“Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 54-moddasidan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar va mamlakat Asosiy qonuniga kiritilgan muhim o‘zgartishlar, mamlakatimiz va jamyatimizni har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz muqaddimasida inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar va davlat suvereniteti prinsiplari ochib berilgan. Asosiy qonunning muqaddimasi bilan tanishgan har-bir kishi xalqimizning xohish-irodasi, orzu-umidlari hamda qadriyatlarini anglab yetadi.
Jumladan, Konstitutsiyamizning muqaddimasida “Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan” deb yozilishida ham chuqur ramziy ma’no bor.
Konstitutsiyaning 15-moddasi ikkinchi qismida, birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklari kafolati sezilarli darajada kuchaytirildi. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi butunlay taqiqlandi. Bundan tashqari, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yildi. Ya’ni shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi shart etib belgilandi.
Shuningdek, ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda huquqlari va ushlab turilishi asoslari xuquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tushuntirilishi kerak. Ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.
Shaxslarning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron xabarlari hamda boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekani belgilandi. Bunday huquqlar cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazilishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi Asosiy qonunda qat’iyan belgilab qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida har bir shaxsning respublika hududida erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, respublikadan tashqariga chiqish hamda O‘zbekiston fuqarolarining O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqi belgilandi.
Mazkur konstitutsiyaviy qoida kiritilishi bilan erkin harakatlanish qadriyat darajasida oliy huquqiy norma sifatida mustahkamlandi. Bu mustabid tuzumdan qolgan illatga ya’ni “propiska” tizimi muammosiga ham barham berdi. “Propiska” tizimi fuqorolarimizni ko‘p yillardan beri qiynab kelgan muammolardan biri edi desak adashmagan bo‘lamiz.
Albatta, “propiska” tizimini bekor qilinishi hamda fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yishdagi cheklovlarni bekor qilinishi nafaqat fuqarolarning erkin harakatlanishiga, balki ichki mehnat migratsiyasini rivojlanishiga, ishlab chiqarish va mehnat unumdorligini oshishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.
O‘zbekistonda yashovchi barcha millatlarning nafaqat qonun oldida barcha masalalarda tengligi e’lon qilingan. Xususan, Konstitutsiyamizning (19-moddasi) “Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar” deb belgilab qo‘yilgan.
Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri jamiyat a’zolarining qonun oldidagi tengligi, Konstitutsiya va qonunlar ustunligining ta’minlanganidir. Mamlakatimizda Konstitutsiyaning ustuvoriligini ta’minlash, ya’ni qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar tomonidan chiqarilgan normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudiga yuklatilgan.
Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli.
Konstitutsiyaning 133-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘zining vakolatlari doirasida quyidagi masalalarni ko‘rib chiqadi: O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi. Konstitutsiyaviy sudning qarori rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Konstitutsiyaviy sudning qarori qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
2021 yil 27 aprelda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni demokratlashtirish, konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini, shuningdek Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligini oshirishga qaratilgan qoidalarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi yangi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.
Qonun bilan ilk marotaba konstitutsiyaviy shikoyat instituti joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yuqoridagi yangi Konstitutsiyaviy qonun bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar doirasi ham kengaytirildi, bular:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, Senat a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman).
Shu bilan birga 2024 yil 12 yanvar kuni qabul qilingan yangi Konstitutsiyaviy qonun bilan Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddatida o‘zgardi. Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi.
Shuningdek, yangi Konstitutsiyaviy qonunda quyidagi qo‘shimcha o‘zgartishlar kiritilgan. Endilikda Konstitutsiyaviy sud:
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar - O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar – O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan sub’eklar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi ham kiritildi;
Konstitutsiyaviy sud Referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi. Ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud Referendumga chiqarilayotgan masalalarni yoki uning bir qismini Konstitutsiyaga muvofiq emas yoki muvofiq deb topish haqida xulosa beradi. Ushbu moddada nazarda tutilgan ish bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud tegishli hujjatlar olingan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay qaror qabul qilishi kerak.
Shuni alohida e’tirof etishni kerakki, Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Konstitutsiyaviy sudga fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan kiritilgan murojaatlar soni sezilarli ravishda ortdi.
Umuman olganda, bugungi kunda Konstitutsiyaviy sud mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash, konstitutsiyaviy odil sudlovni ta’minlash, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
SHERBEK ISAKULOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining katta eksperti,
3-darajali Adliya maslahatchisi