Prezidentimiz inson qadrini birinchi o‘ringa qo‘yishi bejiz emas.
Chunki shu birgina gap mohiyatida inson uchun kerakli hamma narsa mujassam. Aslida, bu g‘oya bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu Shavkat Mirziyoyevning doimiy prinsipi, hayotda ko‘rib-kechirganlariga asoslangan maqsadi.
U kishining davlat rahbari sifatidagi birinchi qarorlari esingizdami? 2017–2021 yillarda qishloq joylarda hamda shaharlarda arzon uy-joylar qurish to‘g‘risida edi. Bu qarorlarning birinchisi 2016 yil oktyabrda, ikkinchisi, noyabrda qabul qilingan. Demak, Shavkat Mirziyoyev o‘sha yili sentyabrda Prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lishi bilanoq, bu bo‘yicha topshiriq bergan, hujjatlarni tayyorlashga bir-ikki oy vaqt ketgan.
Xo‘sh, davlat rahbari nima uchun bu masalaga bunchalik e’tibor qaratdi? Chunki insonni qadrlashning birinchi omili bu uy-joy, munosib turmush sharoiti.
Shavkat Mirziyoyev xalq ichidan chiqqan, xalqning dardini yaxshi bilgan inson. Tug‘ilgan qishlog‘ida, borgan joylarida odamlar qanday yashayotganini sinchkovlik bilan kuzatgan rahbar. O‘sha paytda uy olish, bolasini vatanli qilish yoshu qari uchun katta tashvish edi. Buni Prezidentimiz odamlarning ko‘zlaridan uqardi.
Misol uchun, 1991 yilda O‘zbekiston aholisi 20 million kishi bo‘lgan. 2016 yilda esa 32 million atrofida edi. Ya’ni, aholi soni 50 foizdan ziyod ko‘paygan. Lekin uylarchi? Shunga yarasha uylar qurildimi? Shuncha aholi, yosh oilalar qayerga ko‘chib chiqdi? Shuning uchun ham bu muammo kattalashib bordi. Ko‘plar bola-baqrasi bilan sig‘indi bo‘lib yurdi. Oltmishga kirib o‘z uyi bo‘lmagan, bir hovlida besh kelin qaynona-qaynotasi bilan yashayotgan oilalar ham bor edi.
Prezidentimizning o‘zi ham yoshligida ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan. Toshkentda 15 yil ijarada yashagan. Institutda muvaffaqiyatli ishlab, hatto Moskvada nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagandan keyin ham «propiska» berishmagan.
Shuning uchun davlatimiz rahbari odamlarning orzularini ushaltirishga jon-jahdini bag‘ishladi. Ko‘plab loyihalar, xususan, arzon uy-joylar dasturi asosida oxirgi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uylar qurildi. Bu ko‘rsatkich undan oldingi besh yilga nisbatan 10 barobar ko‘p! Ilgari yurtimizda hech qachon bunday katta ko‘lamdagi qurilish bo‘lmagan.
Yana bir jihati, sharoiti og‘ir oilalarga uy-joyning boshlang‘ich badallari davlat byudjeti hisobidan to‘lab berilayapti. Ya’ni, mablag‘i yo‘q odam ham yangi uy ololadi va hayotdan umidi bo‘lsa, asta-sekin oyoqqa turib ketadi.
Bunday ishlar davom etayapti. Xususiy kompaniyalar qurayotgan turar joylardan tashqari «Yangi O‘zbekiston» massivlari degan katta harakat boshlandi. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda 29 ta shunday zamonaviy mavze barpo etiladi. Kelgusi besh yilda bunday massivlarda 250 mingdan ziyod oila uy bilan ta’minlanar ekan.
Endi o‘zingiz o‘ylang, har bir oilada o‘rtacha 4-5 kishidan bo‘lsa, 1 milliondan ziyod aholi obod manzillarga ko‘chib chiqadi. Maktab, bog‘cha, poliklinika, sport maydoni, ish joyi va eng yaxshi xizmatlar yonida bo‘ladi. Bunday joyda odam maza qilib yashaydi. Yoshlarning ongi baland, ertangi kunga ishonchi mustahkam bo‘ladi, inshoolloh.
NURONIYLAR GURUNGI
Jizzaxlik nuroniylar shunday gurung beradi: 1996 yilda Mirziyoyev hokim bo‘lib kelganda Jizzaxda zavod u yoqda tursin, non sotadigan do‘kon ham yo‘q edi. Viloyatga mehmonlar kelsa, ovqatlanishiga tuzukroq oshxona topilmasdi. Byudjet, ish o‘rinlarini gapirmasayam bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham qish oyida hokim etib tayinlangan. Yashash joyiga borsa, tomidan chakka o‘tayotgan bo‘lgan. Shu ahvoldagi viloyatni oyoqqa turg‘izdi. Akkumulyator zavodini qurdi, truba zavodini tikladi, qishloq xo‘jaligi zarardan foydaga chiqdi.
Ayniqsa, hozir Jizzaxga borib ko‘ring! Har qadamda do‘kon, restoran, mehmonxona, sanoat korxonalari, maishiy xizmat uylari. Oxirgi besh yilda viloyatda 3 mingdan ziyod loyiha ishga tushirilgan. Ilgari ishbilarmonlar Jizzaxdan hech narsa so‘ramagan bo‘lsa, endi borib mahsulotlariga navbatda turibdi. Bazalt tolasi va armaturasi, plastmassa quvurlar, meva-sabzavotlar chet ellarga eksport qilinayapti.
Eng muhimi, qancha odam ishli bo‘ldi, uyiga oylik olib borayapti. Tadbirkorlik qilib, ekin ekib, daromad topayapti. Qo‘lida imkoni bo‘lgandan keyin inson tinch, xotirjam yashaydi, farzandlarini o‘qitadi, sog‘lig‘iga qaraydi. Inson qadri shu emasmi?!
Ma’lumki, kadrlar siyosatida rotatsiya degan amaliyot bor. Lekin ilgari boshqa viloyatga ishga tayinlangan inson qayerda yashaydi, deb hech kim o‘ylamasdi. Masalan, andijonlik prokurorni olib, Xorazmga yuborardi. Uning uyi, bola-chaqasi nima bo‘lardi, oyligining qanchasi ijaraga ketardi?
Prezidentimiz bu borada ham tartib, adolatni joyiga qo‘ydi. Davlat organlarining hududiy bo‘limlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari uchun xizmat uylari qurildi. Hozir biron hokim boshqa hududga tayinlanadigan bo‘lsa, ijaraga turar joy izlab yurmaydi, xotini, bolalari bilan chakka tomgan uyga bormaydi. Avval xizmat uyi bilan ta’minlanib, hamma sharoitlar yaratilib, keyin ishga qo‘yilmoqda.
TENGLIK VA EMIN-ERKIN YASHASH…
Inson qadri yana tenglik, emin-erkin yashash ham demakdir. Lekin, sir emas, uzoq yillar mamlakatimizda fuqarolik va ichki migratsiya bilan bog‘liq ko‘p cheklovlar bor edi. Toshkent shahrida «propiska» olish azob edi. Yurtimizda yigirma yillab yashab, bolalari ulg‘ayib, lekin to‘la huquqli fuqaro bo‘lmaganlar son mingta edi.
Muammoga taqiq qo‘yish oson. Soha vakillariga qo‘ysa, yana 20 yil shu taxlit o‘tiraverardi. Davlatimiz rahbari har ikki masalada ham aholi tomon bo‘ldi. Aqlli, adolatli tizim yaratdi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni ishlatdi.
Bunga ishi tushmaganlarga bilinmasligi mumkin. Lekin oxirgi yillarda fuqarolik yoki «propiska» olganlar bilan gaplashing, ularning ko‘ziga qarang! Ular uchun bu hayot-mamotdek edi. Bugun yelkasidan tog‘ ag‘darilgan. Bemalol uylar olayapti, ishga kirayapti, to‘ylar qilayapti.
Shu o‘rinda bir misol: 1992–2007 yillarda, ya’ni 15 yil davomida respublikamizda bor-yo‘g‘i 482 kishi fuqarolik olgan bo‘lsa, birgina 2019 yilda 5 ming 650 nafar yurtdoshimiz shunday baxtga muyassar bo‘ldi. O‘sha yili qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, 1995 yilgacha yurtimizga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tartibi belgilandi. Natijada 2020 yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.
O‘tgan yili bu boradagi imkoniyat yanada kengaytirildi. Ya’ni, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi beriladigan bo‘ldi. Bu o‘zgarish bilan yana 20 ming kishi O‘zbekiston fuqaroligini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tasavvur qilayapsizmi, qancha inson qadr topdi! Ilgari yelkasi qisilib, bekinib yurgan bo‘lsa, endi hamma bilan teng, emin-erkin yashayapti. Bilimli yoshlar, iqtisodiy faol aholi erkin harakatlanib, o‘ziga munosib ish topmoqda, bu bilan mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shmoqda.
BU G‘OYA BUGUN PAYDO BO‘LMAGAN
Inson qadri g‘oyasi bugun paydo bo‘lmagan dedik. Bular oxirgi besh yildagi ishlardan bir-ikkitasi, xolos. Majburiy mehnat tugatilgani, mahkumlar afv etilgani, «Mehr» operatsiyalari kabi yana ko‘p xayrli ishlar ham borki, ularning zamirida minglab insonlar taqdiri yotibdi.
Hatto o‘sha, valyuta ayriboshlash, plastik kartochkadan naqd pul olish kabi oddiy-oddiy masalalar ham aslida ko‘lamiga ko‘ra juda katta. Chunki bu qulaylik mamlakatimizdagi har bir oilaga, har bir insonga daxldor. Endi odamlar avvalgiday kartadagi pulini ishlatolmay yoki naqd qilolmay yurmaydi. Tadbirkorlar xohlasa so‘mda, xohlasa xorijiy valyutada biznes qilayapti. Tekshir-tekshir, ta’qiblar yo‘q. Qaytanga, tadbirkorning hisob-raqamida chet el valyutasida aylanma mablag‘ bo‘lsa, davlat xursand bo‘layapti.
Bulardan ayonki, inson qadrini ulug‘lash, xalqparvar davlat degani quruq gap emas, aniq maqsad. Buning natijalarini allaqachon ko‘rayapmiz, o‘z hayotimizda sezayapmiz.
Umuman, hamma jabhada jamiyat hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Bu o‘zgarishlarni xalqimiz ham, dunyo ham ijobiy baholamoqda.
O‘zimiz ko‘rib, bahra olib turgan bunday islohotlar inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili, undan keyingi yillarda ham xalqimizga ko‘p ro‘shnolik olib kelishiga ishonch beradi.
Anvar SAMADOV,
jurnalist