Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonni orzular ulg‘aytiradi
18:08 / 2024-02-15

Oramizdagi zamondoshlarimiz

Bilasizmi, hayotda eng kuchli inson kim? Mansabu martabasi ulug‘ kishilarmi yoki boyu badavlat odamlar? Bir etak nevarayu-chevara qurshovida yashayotgan keksalarmi yoki navqiron yoshdagi yigitlar? Sizni bilmadimu, mening tasavvurimda eng kuchli insonlar –bu taqdir bitiklariga duch kelganidan nolimay, yaxshi yashashga intilayotgan imkoniyati cheklangan shaxslar.

Ha, mol-dunyosi hali mo‘ljaliga yetmaganidan norizo boylarni ham, qaysidir xodimi ishini uddalay olmayotganidan ko‘ngli to‘lmayotgan rahbarni ham, o‘yinqaroq nevarasini obdan koyiydigan suyukli boboni ham, bilagida kuch-quvvatga to‘la bo‘lsa-da, mehnatning og‘irligidan arz qiladigan yigitlarni ham uchratamiz. Ular bilan suhbatlashib, dardu holini tinglasak, ko‘nglini og‘ritmaylik, degan andishada dalda berib qo‘yamiz. Lekin safimizda shunday insonlar borki, unga hayotning katta sinovi oyna tutib turgan bo‘lsa-da, imkonsizligini bilaturib, imkon izlaydi. Umid g‘unchalari ochilishini intiq bo‘lib kutadi, orzulari ushalishiga ishonadi. Aniq maqsad bilan harakat qiladi. Imkoniyati cheklanganidan nolishni, hayotidan norizo bo‘lishni o‘ziga ep bilmaydi. 

–Inson qanday qiyinchiliklarga duch kelmasin, u faqat oldinga intilsagina o‘z maqsadlariga erishadi, – deydi Angor tumanida yashaydigan imkoniyati cheklangan Hasan Qodirov.¬ Tushkun kayfiyat, hayotdan nolish va o‘zgalar yordamiga ko‘z tikib o‘tirish kishini ojiz qilib qo‘yadi. Harakat, izlanish inson ko‘nglini yorishtiradi. Hayotga qiziqishni oshiradi. 

Bu so‘zlarni Hasan Qodirov hayotdagi shioriga aylantirgan. U tumandagi Qorabog‘ mahallasida istiqomat qiladi. Tug‘ma nogiron. 
Ehtimol, Hasanning bunday qat’iy fikrga kelishiga mamlakatimizda tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki, agentlik xodimlari imkoniyati cheklangan insonlarning beliga quvvat bo‘lib, ularning dardu holidan tez-tez xabar olayotgani, o‘rtaga tashlayotgan masalalarni hal etib berayotgani qalblarga quvonch, ko‘ngillarga shodlik ulashmoqda. Hayotga intilishini oshirishga ko‘maklashayotir.

–O‘g‘lim Hasanjonga tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi elektron aravacha olib kelib berdi,–deydi Hasanning onasi Xosiyat Bunayova. –Olti yildan buyon uning orzusi shunaqa aravachali bo‘lish edi. To‘g‘risi, o‘g‘limni shu vaqtgacha ko‘chaga olib chiqmaganmiz. Qo‘ni- qo‘shni, tengdosh do‘stlari oldiga ham olib borolmadik. Faqat uyda, hovlida oddiy aravacha bilan o‘tirdi. Biroq hayotidan arz qilmadi. Ko‘nglini cho‘ktirmadi. Ruhan tetik bo‘lishga harakat qildi. O‘z orzulari bilan yashab, zerikkanini sezdirmadi. Elektron arava olgan kundan buyon zeriksa, tun qorong‘usigacha ko‘chada tengqurlari bilan yuradi. U yaxshi o‘qish va yaxshi mutaxassis bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Endi maktabga bemalol bormoqda. Oldin bunday imkoniyat yo‘q edi. 

Bu yil 17 yoshga to‘layotgan Hasan elektr texnikalariga juda qiziqadi. Shu soha bo‘yicha ta’mirlovchi usta bo‘lishni ko‘ngliga tugib olgan. Ayni paytda tumandagi 26-maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchisi.

–Hasan juda tirishqoq bola,¬deydi sinf rahbari Dilbar Payziyeva. – U ko‘p o‘qib, izlanadi. Qo‘shimcha kitoblar olib, mustaqil mutolaa qiladi. Maktabdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘radi. Bunday tadbirlarga avvallari akalari va maktabimiz o‘qituvchilari olib kelishgan bo‘lsa, endilikda elektron aravacha bilan o‘zi mustaqil kelmoqda. 

¬–Albatta, maqsadimga erishaman, –deydi Hasan.¬–Menga berilgan yangi aravacha orzularimni ro‘yobga chiqarishga ko‘makchi bo‘lmoqda. Maktabni tugatgach, tumandagi “Ishga marhamat!” monomarkaziga borib hunar o‘rganishim uchun ham “Inson” markazi xodimlari imkoniyat yaratib beradigan bo‘ldi. Yoshligimdan elektr texnikalarini ta’mirlashga juda-juda qiziqaman. Shu kasbni chuqur egallab, zo‘r mutaxassis bo‘lmoqchiman. Kelgusida ota-onamni rozi qilish uchun yaxshi g‘oyalarni o‘ylab qo‘yganman. Shu kasb egasi bo‘lganimdan so‘ng halol mehnatim bilan bu orzuimni ham ro‘yobga chiqaraman. Bugun davlatimiz meni qadrlayapti. Vaqti kelib, men ota-onamga quvonch ulashish bilan davlatimizga yordam beraman.

Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, sabr-bardosh, izlanish va ezgu orzu-niyatlar bilan hayot pillapoyalarida olg‘a intilayotgan Hasan ko‘z oldimda jamiyatimizning eng kuchli o‘spirinlaridan biri sifatida gavdalanib qoldi. Uning beg‘ubor qalb qo‘ridagi orzu-niyatlari bekamu-ko‘st ro‘yobga chiqishiga tilakdoshmiz. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri