«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining qator moddalari inson qadrini ulug‘lashga, uning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 31-moddasida fuqarolarning shaxsiy hamda uy-joy daxlsizligiga oid normalar o‘z ifodasini topgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xudoyberdiyev quyidagilarni ta’kidladi:
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 31-moddasida fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lishi, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligi, shuningdek, uy-joy daxlsizligi kabi huquqlari o‘z ifodasini topgan.
Shuni ta’kidlash joizki, bu huquqlar amaldagi Konstitutsiyamizning 25- va 27-moddalarida ham bor edi. Yangilanayotgan Qonunimizda esa bu boradagi huquqlar bitta moddada jamlanmoqda hamda ularning ishlash mexanizmlari ham ochib berilmoqda.

Shuningdek, mazkur moddaga ko‘ra, har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi mustahkamlanmoqda.
bugungi davr, raqamli texnologiyalarning rivoji fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, yozishmalarini himoya qilish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 30 milliondan ortiq fuqarolar mobil aloqalardan foydalanmoqda. Bu mobil vositalarda shaxslarning shaxsiy, oilaviy ma’lumotlari, o‘zaro yozishmalari saqlanadi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi, xabarlari sir saqlanishi kabi huquqlarning mustahkamlanayotgani insonni obro‘sizlantiradigan, sha’niga putur yetkazadigan holatlarda uning shaxsiy ma’lumotlaridan g‘ayriqonuniy tarzda foydalanishga chek qo‘yadi. Xoh yozishma, xoh so‘zlashuvlar bo‘lsin, shaxsning roziligisiz ularni tarqatish cheklanadi.

Yana bir masala – yaqin-yaqingacha fuqarolar tomonidan «snos»lar bilan bog‘liq muammolar, ularni mulk huquqidan mahrum qilish, turar- joylarini noqonuniy tarzda buzish holatlari yuzasidan e’tirozlar bildirilar edi. Endilikda, mazkur moddada uy-joy daxlsizligi huquqi ham mustahkamlab qo‘yilmoqdaki, bu kabi muammolarga yechim bo‘ladi. Ya’ni, hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emasligi, uy-joyga kirishga, shuningdek, ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga ham faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi konstitutsion normalar fuqarolarning shaxsiy hamda uy-joy daxlsizligi himoya qilinishini ta’minlaydi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.