English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonni e’zozlash – davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi
19:22 / 2023-03-03

Buyuk ma’rifatparvar shoir Mir Alisher Navoiy bobomizning “Saddi Iskandariy” dostonida shunday jumlalar bor:

“Nimaniki o‘zingga noravo deb bilsang, uni xalqqa ham aslo ravo ko‘rma. Gunohkorni jazolash haqida hukm chiqazmoqchi bo‘lganingda, Xudo oldida o‘z gunohlaring borligini ham eslab qo‘y. Yomonga jazo berish – garchi qonun va siyosat yuzasidan to‘g‘ri bo‘lsa ham, ammo adolatli hukmdorning asl yo‘li – shafqat-muruvvatdir...”

Dostonda keltirilgan ushbu jumlalardan xulosa qilish mumkinki, Alisher Navoiy o‘z asari qahramoni – olamlar podshosini insonparvar, xalqparvar, insoniylikning barcha fazilatlarini o‘zida mujassam etgan shaxs sifatida ko‘rishni orzu qilgan. 

Darhaqiqat, hazrat Navoiyning barcha asarlarida inson omili, uning sha’ni, qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi. Hayot Yaratganning insonga bergan buyuk ne’matidir. Asardagi bu kabi talqinlar xalqimizning ming yillik qadriyatlari, urf-odatlari, orzu-umidlarini namoyon etgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Aynan shu nuqtai nazardan olganda, mamlakatimizni davlat mustaqilligiga erishishi o‘zbek xalqining ming yillik orzusi bo‘lgan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish maqsadini amalga oshirishga imkoniyat eshiklarini ochdi. Mubolag‘asiz aytish mumkin, xalqimizning ushbu oliyjanob maqsadlariga huquqiy poydevor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlash, insonparvar huquqiy jamiyat barpo etish va, nihoyat, fuqarolar tinchligi va milliy hamjihatlik kafolatlarini belgilab berdi. Xalqimiz orzu qilgan inson, uning hayoti, erki, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquq hamda erkinliklari mamlakatimizda oliy qadriyat sifatida e’tirof etilib, davlat tomonidan kafolatlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi, 23-bandiga muvofiq, mamlakat Prezidenti “... O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv...” etish vakolatiga ega.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu vakolatdan juda keng foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etish orqali davlatning chin ma’noda insonparvarlik g‘oyalariga va “Inson qadri, insonni e’zozlash” tamoyiliga sodiqligini keng jamoatchilikka, qolaversa, butun dunyoga namoyon etmoqdalar.

Keling, birgina O‘zbekistonni yangilanish davri, aniqrog‘i, 2017 yildan buyon sud tomonidan hukm qilingan va jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni afv etishni nazarda tutgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarini tahliliy ko‘rib chiqaylik. 

2017-2021 yillarda jami 21 ta Prezident farmoni chiqarilgan bo‘lib, ushbu farmonlar asosida sud tomonidan hukm qilingan 5555 nafar mahkum afv etilgan. 

Bular yillar kesimida o‘rganilganda 2017 yilda bitta farmon bilan 2 ming 700 nafar mahbus ozodlikka chiqqan. 2018 yilda uchta farmon e’lon qilindi va 621 nafar mahbus oilasi bag‘riga qaytdi. 2019 yilda davlat rahbari to‘rtta farmonga imzo chekdi va 771 nafar shaxs qamoqxonalarni tark etdi. 2020 yilda beshta farmonga ko‘ra 616 nafar, 2021 yilda to‘rtta farmonga asosan 637 nafar, 2022 yilda esa, to‘rtta farmonga asosan 605 nafar mahkum afv etildi.

Masalani yana bir muhim jihati bor. Ya’ni, Prezident farmonida shaxslarni faqat afv etish emas, balki ularni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish barobarida, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ko‘mak berish bo‘yicha mas’ullarga alohida topshiriqlar berilgan. Demak, afv etish zamirida nafaqat kechirimlilik, balki davlatning yuksak insonparvarlik g‘oyalarga sodiqligi ham namoyon bo‘lmoqda.

Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarni yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratsak. 

Ma’lumki, mamlakatimizda o‘lim jazosi 2005 yilda bekor qilingan. O‘lim jazosi bekor qilingunga qadar Jinoyat kodeksining o‘lim jazosini nazarda tutuvchi moddalari 33 tadan 2 taga kamaytirilib, o‘lim jazosi faqatgina qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan tayinlanishi belgilangan edi. 

O‘lim jazosi bekor qilingunga qadar, mamlakatimizning jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni jinoiy jazolarga tortiladigan qilmishlar umumiy sonining bir foizidan kamrog‘ini tashkil etgan. Shuningdek, o‘sha vaqtlardayoq amaldagi Jinoyat kodeksida ayollarga, voyaga yetmaganlarga va 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan o‘lim jazosi tayinlash bekor qilingan. 

Tarixdan ma’lumki, o‘lim jazosi insoniyatga ma’lum bo‘lgan eng qadimiy jazo turlaridan hisoblanadi. Yuridik adabiyotlarda jazoning bu turi qonli o‘ch olish odatlaridan kelib chiqqanligi bayon etiladi. Bu esa eng qadimgi insoniyat taraqqiyot bosqichida odatiy hol hisoblangan. Hatto qadimgi Gretsiya, Rim, Misr qonunlarida bir qancha jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llashni nazarda tutgan normalar mavjud bo‘lgan.

O‘tgan asrning 30-40 yillarida insonning sodir etgan jinoyati uchun o‘lim jazosi tayinlash odatiy holga aylangan bo‘lib, mustabid tuzim qonunlaridan qancha-qancha oilalar aziyat chekkani, norasida farzandlar yetim qolgani ko‘pchilikning kechagidek esida turibdi. O‘zbek xalqining mutafakkir yozuvchi va shoirlari Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa minglab vatandoshlarimiz sudning qarori bo‘lmasdan turib o‘limga mahkum etilgani bugun ko‘pchilikka sir emas. Jazoning va qonunlarning adolatsizligi, shafqatsizligi tufayli yaqin o‘tmishda “o‘zbek ishi” bo‘yicha otuvga hukm qilinganlarning taqdiri hammamizga ma’lum. O‘sha davrlarda jinoyat sodir etgan mahkumga o‘lim jazosini tayinlanishi ko‘pchilik uchun tabiiy va bu odatiy hol sifatida qabul qilingani, afsuski, haqiqat. 

Shuni ham ochiq aytish kerak, respublikamizda o‘lim jazosini bekor qilinishi qanday oqibatlarga olib keladi? Bu bilan mamlakatda o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish holatlari ortib ketmaydimi degan turli savollar o‘sha vaqtlarda ko‘pchilikni tashvishga solgani bor gap. 

Hayot shuni ko‘rsatdiki, inson huquqlari va erkinliklari, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, himoya qilish, kafolatlash – bularning barchasi bir qarashda oddiy bo‘lib ko‘ringani bilan amalda, o‘ta murakkab masala ekan. Ularning muvaffaqiyatli hal etilishda faqatgina davlatning sa’y-harakati yetarli bo‘lib qolmay, balki, butun jamiyat a’zolarining bu masalaga qay darajada tayyor ekanligi, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasiga ham bevosita bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish maqsadida, umuman ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani yaratishda keng ko‘lamli islohotlar davom etmoqda. 

Yangi Konstitutsiya loyihasida O‘zbekistonda o‘lim jazosini umuman taqiqlash to‘g‘risida qoida kiritilishi haqidagi davlat rahbarining taklifi chuqur mazmunga ega ekanligini alohida ta’kidlashga zarurat bo‘lmasa kerak. Chunki, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Bu huquq insonga Yaratgan tomonidan in’om etilgan. Bundan uni hech kim mahrum etishga haqli emas.

Ushbu maqolani tasavvuf ilmining ustodi shayx Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarida keltirilgan quyidagi jumlalar bilan yakunlashni lozim topdik:

“Allohvandi jahon deydiki, ey falonchi, avvalda tavba qilding, afv etdim. Sen tavbani buzding - jazolashim mumkin edi, lekin jazolamadim. Ikkinchi marta tavba qilding va yana buzding. Muhlat berdim, g‘azab qilmadim. Endi xayolingda yana tavba qilish bor, ey bexabar. Yana tavba qilib, Men tomon qayt, eshiklarim ochiq, sen - jinoyat qiluvchi, Biz – kechiruvchimiz”...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti olib borayotgan bugungi davlat siyosati aynan ushbu o‘lmas islomiy falsafaga hamoxang desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

ABDUMANNOB RAXIMOV, 

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi sudyasi