Dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi tibbiyot sohasi va shifokorlarning insoniyat hayotidagi oʻrni hamda ahamiyati naqadar muhim ekanligini har qachongidan ham yaqqol namoyon etdi.
Dunyo boʻylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi tibbiyot sohasi va shifokorlarning insoniyat hayotidagi oʻrni hamda ahamiyati naqadar muhim ekanligini har qachongidan ham yaqqol namoyon etdi. Bugun ular oʻz hayotini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, har kuni, har soatda minglab, millionlab odamlar sogʻligʻini tiklash, hayotini asrab qolish uchun kurashmoqda.
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Tibbiyot sohasidagi islohotlar aholining hayotdan roziligiga xizmat qilsin” sarlavhali material ana shunday mulohazalar bilan boshlangan. Maqolada yozilishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻiga muvofiq xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bogʻliq faoliyati boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish yuzasidan sudlarga daʼvo arizalari kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Maʼlum qilinishicha, tez tibbiy yordam mashinasi kelmagani, taqdim etilgan telefon raqamlari esa javob bermagani bois, yaʼni ogʻir ahvoldagi bemorlarga zudlik bilan yordam koʻrsatish zarur boʻlgani uchun ular xususiy klinikalarga olib borilgan va u yerda ularning mushkuli oson boʻlgan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining fikricha, endi tajriba orttirilib, yangi davolash standartlari qabul qilinib, vaziyat ancha yengillashganda, aybning xususiy klinikalarga agʻdarilishi qanchalik toʻgʻri boʻladi? Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida bu masalaga alohida eʼtibor qaratildi...
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida esa shu mavzuda “Insonni dard emas, vahima yengadi" sarlavhali maqola chop etilgan. Unda qayd etilishicha, Andijon davlat tibbiyot instituti dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Dilmurodjon Qalandarov shifokor sifatida koronavirus xavfini hammamizdan teranroq anglagan. Bu borada jahon tajribalarini oʻrganish bilan birga, bemorlarda kechayotgan holatlarni ham chuqur tahlil qilib borgan. Shu bois, u har qanday vaziyatga tayyor edi. Shunday boʻlsa-da, joriy yilning 29-mart kuni uni aynan koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayoniga jalb qilganlarida, ochigʻi, biroz sarosimaga tushib qoldi. Chunki u sizu biz kabi oddiy inson. Bir lahzada 80 yoshni qoralagan ota-onasi, endigina voyaga yetgan farzandlari koʻz oldiga keldi. Oilada yolgʻiz boquvchi boʻlgani bois, mabodo oʻzi virus yuqtirib olsa, oqibati nima boʻlishidan choʻchidi. Biroq hozir buni oʻylab oʻtiradigan payt emas. Shu kasbni tanladimi, demak, ishonchni oqlaydigan vaqt keldi... Xullas, Dilmurodjon qisqa muddat ichida 96 nafar bemorni davolash jarayonida ishtirok etdi. Ularning 30 nafarida COVID-19 alomati aniqlangan. Ayniqsa, 6 nafar bemorning holati ogʻir boʻlib, har soniyada salbiy yoki ijobiy natijani kutish mumkin edi. Shifokorlar, hamshiralar kunni-tunga, tunni-tongga uladilar. Har bir bemor hayotini asrab qolish uchun bor kuchini ayamadilar. Natijada 11-12 kun deganda bemorlar sogʻligʻi tiklana boshladi...
"Maktabda bor-yoʻgʻi ikki marta (kichkina sinflarda) kaltak yeganman va ikkala holatni ham hozirgacha unutganim yoʻq, – deb yozadi Doniyor Roʻzmetov “Jamiyat” gazetasida bosilgan “Kaltak kelajak kushandasi” sarlavhali maqolasida. – Birinchi holatda meni urish shundogʻam shart emas edi, chunki aybimni tushunib yetib, afsuslanib boʻlgan edim. Agar maqsad menga shu ishni boshqa qildirmaslik boʻlgan boʻlsa, men u ishni boshqa qilmaslik kerakligini allaqachon tushunib boʻlgan edim. Ikkinchi holatda yonimdagi oʻquvchi bilan toʻpolon qilib oʻtirgan edim. Toʻgʻrirogʻi, toʻpolonchiroq oʻquvchi meni chalgʻitganiga berilib, birga oʻynab oʻtirgan edim. Bir mahal qayerdandir bir shapaloq kelib yuzimga tegdi va koʻzlarimdan oʻt chaqnab ketdi. Dastlab, nima boʻlganini ham anglay olmadim. Keyin menga qarab oʻshqirayotgan oʻqituvchini koʻrgach, gap nimadaligini tushundim...“ Muallif mulohazalari bilan oʻrtoqlashar ekan, ”bizlarga kaltakdan qoʻrqadigan qoʻrqoq oʻquvchilar emas, balki oʻqishga, oʻrganishga ishtiyoqi baland toʻquvchilar kerak“ deb soʻzini xulosalaydi... Shuningdek, gazeta sahifalaridan ”Narx osharmish“,” Asab buzayotgan reklamalar“, ”Xususiy tibbiyot muassasalari “oʻgay”mi?" sarlavhali materiallar ham oʻrin olgan...
“Kuch – adolatda” gazetasida chop etilgan “Tubanlik botqogʻi ikki oilani parokanda qildi” nomli maqolada keltirilishicha, inson tanidagi dogʻni yuvib tashlash mumkin. Hatto yara-chaqalarni ham bir qadar joʻn muolajalar koʻmagida bemalol bartaraf etsa boʻladi. Ammo yurakka tushgan yaraga malham qoʻyish mushkuldir. Basharti, qalbni yara emas, qon dogʻlari qoplagan boʻlsa-chi?! Taassufki, buning davosi yoʻq. Binobarin, qalb yarasi ham, undagi qon dogʻlari ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi...
Xudbinlik, johillik, ruhiy va axloqiy tubanlik, aqlu idrok zaifligi, oʻz-oʻzini idora eta olmaslik singari qusurlar esa bosiq-vazminlikni susaytiradi, gʻavgʻo-janjal, tahdid va zoʻravonlikka yoʻl ochadi va buning oqibati esa, aksariyat hollarda fojia bilan yakun topadi...
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.