Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonlarning shinam uy-joyga ega bo‘lishi farovon hayotning asosiy belgisidir
13:13 / 2023-05-12

Munosabat

Har qanday jamiyatda taraqqiyotning muhim garovi – xalqning irodasi ifodalangan mustahkam huquqiy poydevor – Konstitutsiyaning mavjudligidir.

2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendum orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbek xalqi azaldan ilm-ma’rifatga intilib, buyuk madaniyatga ega bo‘lgan, urf-odatlarini muqaddas bilgan xalq sifatida shakllangan. Shu bois har bir oila dastlab o‘ziga boshpana qilishga, uy-joy qurishga yuqori ahamiyat beradi. Inson risoladagidek hayot kechirishi, barkamol farzandlar tarbiyalashi, jamiyatda o‘ziga munosib kasb bilan shug‘ullanishi uchun eng avvalo o‘z uyiga – ota-bobolarimiz ta’biri bilan aytganda, Vatan ichra vatanga ega bo‘lishi kerak.

Uy-joyga bo‘lgan huquq xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib turmush darajasiga ega bo‘lish huquqining muhim elementi sifatida qaraladi. Shu bois, davlatimizda ijtimoiy siyosatning eng muhim vazifalaridan biri mamlakat fuqarolarining uy-joyga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir. Bunda turar joylarga nisbatan mulk huquqining belgilanishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 47-moddasi bilan birinchi marta yurtimizda har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi asosiy ijtimoiy huquqlar safida belgilab qo‘yildi.

Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan, teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi.

Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi.

Amaldagi Konstitutsiyaning 31-moddasiga ko‘ra, har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek, unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Mazkur normalar uy-joy ham mulk huquqi ob’ekti sifatida samarali himoya qilinishi, ayniqsa, uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risidagi nizolarga oid ishlar sud tomonidan ko‘rilayotganda qonun hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini himoya etishda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida turar joyga oid munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Uy-joy kodeksi, “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 1 martdagi 114-sonli “O‘zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirishni davom ettirish to‘g‘risida” qarori, 1994 yil 4 apreldagi 180-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xususiylashtirilgan kvartiralar (kvartiralarning bir qismi), uylar (uylarning bir qismi)ni boshqalarga berish va meros qilib qoldirishda mulkchilik huquqining o‘tishi haqidagi shartnomalarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom, “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uy-joy fondini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomlar va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Uy-joy qonunchiligini noto‘g‘ri qo‘llash, ya’ni uy-joyga mulk huquqining vujudga kelish asoslari bo‘yicha tartiblarga rioya qilmaslik: uy-joyga oid bitimlar asosida uy-joyni egallash, yakka tartibda uy-joy qurish, davlat uy-joyini xususiylashtirish, uy-joyni meros qilib olish, egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida uy-joyga mulk huquqini qo‘lga kiritish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatoliklar sababli, shuningdek, bu boradagi amaldagi qonunchilikning yetarli huquqiy takomillashmagani, qonunchilikda ochiq qolgan holatlar, bo‘shliqlar va kolliziyalar uy-joy oid munosabatlarda huquqiy nizolarni, ko‘plab sud ishlarini vujudga keltiradi.

Fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan uy-joy munosabatlari bilan bog‘liq ishlar yuzasidan statistik ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, 2015 yilda 13 111 ta, 2016 yilda 14 815 ta, 2017 yilda 14 534 ta, 2018 yilda 13 313 ta, 2019 yilda 10 005 ta, 2020 yilda 8 085 ta, 2021 yilda 20 913, 2022 yilda 19 915 ta, 2023 yil 1-choragi holatiga 4 226 ta ishlar ko‘rib tamomlangan.

Sudlar tomonidan uy-joyga oid ko‘rilgan ishlar amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, uy-joyni xususiylashtirish bilan bog‘liq, uydan ko‘chirish, uyga kiritish, uy-joydan foydalanish tartibini belgilash, uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, uyga yoki uning bir qismiga (ulushga) bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, umumiy ulushli mulk huquqi asosida bir necha shaxsga yoki umumiy birgalikdagi mulk huquqi asosida er-xotinga tegishli uydan ulushni ajratib berish (uyni bo‘lish), umumiy ulushli mulk bo‘lgan uydagi ulushlari miqdorini o‘zgartirish haqidagi, umumiy ulushli mulk bo‘lgan uydagi ulushini imtiyozli asosda sotib olish huquqi haqidagi kabi turar joy mulkdori, oila a’zolarining, ijaraga va arendaga oluvchilarning turar joydan foydalanishiga oid nizolar ko‘p uchraydi.

Sudlar tomonidan uy-joy nizolarini ko‘rishda, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001 yil 14 sentyabrdagi 22-sonli “Uy-joy nizolariga oid sud amaliyoti haqida»gi qarorining 3-bandida berilgan tushuntirishga ko‘ra nizoli uy-joyning xususiy yoki davlat uy-joy fondiga tegishli ekanligi haqidagi huquqiy maqomini aniqlashlari lozim bo‘ladi.

Ayniqsa, xususiy mulk maqomiga ega bo‘lgan Davlat uy-joy fondidagi turar joyni xususiylashtirishni amalga oshirishda fuqaro va mulkdorlarning huquqini himoya qilish munosabati bilan vujudga keluvchi nizolar murakkab tusdagi nizolar hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1997 yil 2 maydagi “Xususiylashtirilgan turar joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va uni tasarruf qilish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 3-sonli qarorida ko‘rsatilganidek sudga taalluqli bo‘ladi.

Uy-joyga oid huquqlarni sud orqali himoya qilish nafaqat buzilgan huquq tiklanishi, balki huquq buzilishi natijasida keltirilgan zarar qoplanishi, kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan to‘sqinliklar bartaraf etilishi bilan alohida ahamiyatga egadir.

Shuning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yildagi “Yakka tartibda qurilgan uyga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 14-son qarori bilan sud himoyasini to‘liq amalga oshirish uchun amaldagi qonunchilikdagi kollizion normalar va bo‘shliqlar huquqni qo‘llashda va sud qarorlarini chiqarishda xatoliklar keltirib chiqarmasligi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berilgan.

Uy-joyga oid huquqiy munosabatning o‘ziga xosligi va murakkabligi, qonun hujjatlarining uy-joyning xususiy mulk ob’ekti sifatida himoyasini tartibga solish uchun zamon talabiga mos darajada takomillashmagani sudlar tomonidan uy-joy qonunchiligi turlicha talqin qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu holatlar ayniqsa, turar joyni xususiylashtirish amalda asosan oila a’zolaridan birining nomiga rasmiylashtirilishi va davlat orderi ham o‘sha shaxs nomida bo‘lishini nazarda tutib, mulkdor va kvartirani xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar tomonidan xususiylashtirilgan turar joylardan foydalanish, ularni tasarruf etish tartibining aniq huquqiy tartibga solinmaganligi, mulkdor oila a’zolarining, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning o‘zaro huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmaganligi kabi holatlarda namoyon bo‘ladi.

Ayniqsa, xususiy uy-joyda yashayotgan shaxslarning bu uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, xususiy uy-joydan ko‘chirish tartibining belgilanmaganligi, turar joy mulkdori bilan oilaviy munosabatlari tugatilgan taqdirda ham turar joy egasining sobiq oila a’zosida mazkur turar joydan doimiy foydalanish huquqining saqlanib qolishi kabi holatlar Uy-joy kodeksi sobiq SSSRning qonunchiligi asosida ishlab chiqilganligi, 1998 yil 24 dekabrda qabul qilinganligi va uning normalari hozirgi zamon talablariga to‘liq javob bermasligi bilan izohlanadi.

Bu borada turar joyga mulk huquqiga nisbatan Fuqarolik kodeksi va Uy-joy kodeksi normalari o‘rtasidagi tafovutlar, qaysi holatlarda qaysi normani qo‘llash aniq belgilanmaganligi sudlarda nizolarni hal etishda qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

Uy-joyga bo‘lgan huquqning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi mustahkam kafolati bu boradagi qonunchilik davr talabidan kelib chiqib takomillashtirilishiga yangi turtki bo‘ladi.

Ra’no HUSAINOVA,

Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi.

O‘zA