Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi tadbirlari davom etmoqda.
Jumladan, muzey va sun’iy intellekt mavzusidagi konferensiyada O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayane Umerova mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi madaniyat sohasida ham sun’iy intellekdan samarali foydalanilayotganini ta’kidladi. Xususan, muzeylarda yangi ekspozitsiyalar yaratish, xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash hamda targ‘ib etishda sun’iy intellekt texnologiyalari keng qo‘llanilayotganini qayd etdi. Bu borada 2030 yilgacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, hayotga tatbiq etilayotganini ma’lum qildi.

Anjumanda YUNESKO mas’ullari, xorijiy mamlakatlar vakillari mavzu yuzasidan o‘z fikrlari, tajribalari haqida gapirib, tashkilotning sun’iy intellekt bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Bosh konferensiya 43-sessiyasining bugungi yalpi majlisida Turkiya milliy ta’lim vaziri Yusuf Tekin ham ishtirok etib, YUNESKOning ta’lim bo‘yicha dasturlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Barqaror rivojlanishning to‘rtinchi maqsadi bo‘lgan barcha uchun inklyuziv, adolatli va sifatli ta’lim hamda uzluksiz ta’lim olish imkoniyatlarini ta’minlash borasida Turkiyada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Ammo bugun dunyoning ayrim mintaqalarida, xususan, G‘azoda falastinlik bolalarning bu huquqi paymol bo‘layotganini afsus bilan qayd etdi. Yusuf Tekin bunday holatlarning oldini olish va insonlarni erkin yashash huquqidan mahrum etish, ta’lim olish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan harakatlarga qarshi dunyo hamjamiyati birgalikda ishlashi, bunda xalqaro tashkilotlarning o‘z o‘rni bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Turkiya milliy ta’lim vaziri Samarqandga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova bilan uchrashdi.
Muloqotda ta’lim sohasida hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Yusuf Tekin YUNESKO tadbirlaridagi ishtiroki va o‘zbekistonlik hamkasbi bilan uchrashuvdan so‘ng ommaviy axborot vositalari xodimlariga intervyu berdi.
– YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Turkistonning qalbi, turk dunyosining yirik madaniy markazi bo‘lgan Samarqandda o‘tayotgani barchamiz uchun faxr, – dedi Turkiya milliy ta’lim vaziri Yusuf Tekin. – Bu yerda dunyo xalqlarining bugungi va ertangi hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalar muhokama qilinmoqda. Ta’lim, fan, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirish, bu borada oldimizda turgan vazifalar belgilab olinmoqda. Biz ta’lim sohasida o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarini qadrlaymiz va buni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. O‘zbekistonga bu galgi tashrifimizdan ushbu maqsadlar ham ko‘zda tutilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3r5Kl4el2ro?si=f90TEojxxgzWLnKc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari