Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insoniylikning oliy namunasi
12:34 / 2026-02-18

Atrofimiz faqat nisbiylikdan iborat. Bizga ko‘ringan istalgan narsa haqidagi xulosa ham butunlay haqiqat emas. Oddiy soflikni, musaffolikni tasavvur qiling. Dunyoda nima borki, eng toza, eng beg‘ubor? Hattoki, chaqaloq ko‘z yoshida ham g‘ubor bo‘lar ekan. Shunday ekan, xato qilishga moyil bo‘lgan insonlardan mukammallik talab qilishimiz nechog‘li o‘rinli?

Achinarlisi shuki, oramizda hayotning ma’nosi faqat virtual dunyodangina iborat degan xulosa bilan yashayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Vaholanki, aslida texnik taraqqiyot sivilizatsiyaning yangi bosqichi bo‘lishi maqsad qilingan. Biroq, bugungi kunga kelib kishilarning o‘zaro munosabatlari go‘yoki robotlarnikidan farqi qolmagandek. Muammo shundaki, inson ongi texnik tizimga moslashib qolib, odamlardan ham mukammallik talab qilina boshlandi.  

Natijada ko‘ngil atalmish muqaddas tushuncha biroz o‘z qadrini yo‘qotgandek. Unutmaslik lozimki, texnik imkoniyatlarning kengligi yashash tarzimizni yengillashtirishi mumkin. Ammo yaqinlarimiz, do‘stlarimiz beradigan farog‘atni berolmaydi. Shuning uchun ham xalqimizda odam taftini odam oladi, degan naql bor.

Bag‘rikenglik degan mo‘’tabar tushuncha bor. Bu insonparvar va oliyjanob kishilarga beriladigan eng to‘g‘ri ta’rif. Biroq, bugungi kun kishilari juda shoshqaloq va besabrdek tasavvur uyg‘otadi. Buning oqibatida esa insonlar o‘rtasidagi yaqinlik rishtalari tobora zaiflashib bormoqda. Ehtimol shu sababdan ham oila qurayotganlarning 50 foizga yaqinida ajrim holatlari kuzatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda hayotga sog‘lom qarash bilan boqmoq lozim. Shundagina umrimizda halovat, qalbimizda sokinlik tuyamiz. Ayniqsa, eshik qoqib turgan muqaddas Ramazon oyida qavm-u qarindosh, do‘st-u birodarlarimiz davrasida ko‘proq vaqt o‘tkazsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, bu muqaddas kitoblarda ham alohida ta’kidlangan. Qolaversa, ushbu muborak oyda ranjitganlarimizning ko‘nglini olish, ranjiganlarimizni esa kechirishimiz insoniylikning oliy namunasi bo‘ladi.

Sherbek Islomov, O‘zA