Ma’lumki, kino san’ati inson hayoti, emotsiya va fikrlarni ekran orqali namoyon etishning eng ta’sirchan vositalaridan biri hisoblanadi. U nafaqat ko‘ngilochar, balki xalqlar o‘rtasida madaniy muloqot, fikr almashish va o‘zaro tushunishni chuqurlashtiruvchi muhim ijodiy maydondir. Shu bois, kino nafaqat san’at, balki insoniylik va ijtimoiy munosabatlarni o‘rgatuvchi ta’sirchan omildir.
Bugun Toshkent shahrida boshlangan X Yevropa kinofestivalining asosiy maqsadi ham aynan shu g‘oyaga qaratilgan.
Shu munosabat bilan poytaxtimizda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari, shuningdek, Kinematografiya agentligi ko‘magida o‘tkazilgan mazkur tadbirda sohaning mas’ul vakillari, mutaxassislar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar va Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev so‘zga chiqib, kino san’ati sohasidagi hamkorlik va festivalning an’anaviy o‘tkazilishi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Dasturga 12 ta Yevropa davlatidan tanlangan filmlar kiritilgan bo‘lib, ular orasida lirik dramalar, inson o‘zligini anglash haqidagi ilhomlantiruvchi hayotiy hikoyalar hamda tuyg‘ular va tanlovlar aks etgan asarlar mavjud. Shuningdek, Ispaniyaning mashhur “Aire Nuevo Danza” guruhi klassik va zamonaviy raqslardan iborat sahna ko‘rsatuvlarini namoyish etadi.
– Biz bu yil o‘ninchi marta Yevropa kinofestivaliga birgalikda start berdik. Bu Yevropaning kinosanoati bilan oramizdagi samarali va uzoq muddatli hamkorlikdan dalolat beradi. Kinoning universal tili butun dunyoda tushuniladi. Har bir tomoshabin undan hayot uchun muhim saboqlar olishi mumkin. Madaniy almashinuvlar va filmlar namoyishi xalqlarimizning bir-birini yaxshiroq anglashini ta’minlaydi, – dedi Shuhrat Rizayev.
Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar ushbu kinofestivalda Yevropa kinolari o‘zbek tomoshabinlariga taqdim etilayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
[gallery-26133]
– Bu festival 12 ta Yevropa mamlakatida yaratilgan filmlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular tomoshabinlar qalbini teran hayajonga solishiga ishonaman. O‘tgan o‘n yil davomida festival mamlakatimizdagi eng nufuzli madaniy voqealardan biriga aylandi hamda Yevropa va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasida do‘stlik va madaniy muloqot ko‘prigi vazifasini bajarib kelmoqda, – dedi elchi.
Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarning savollariga javob berdilar.
Nasiba Ziyodullayeva, Rustam Nazarmatov (foto), O‘zA