Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insoniyatning ma’naviy birligi, madaniy va ilmiy hamkorligini mustahkamlashda yangi tarixiy sahifa
14:03 / 2025-11-04

Munosabat

So‘nggi yillarda Samarqand shahri Markaziy Osiyoning tashrif qog‘ozi, yurtimizga oid va xalqaro yirik tadbirlar o‘tkaziladigan maskanga aylandi. O‘tgan qisqa vaqt ichida Samarqandda amalga oshirilgan “Boqiy shahar” me’moriy ansambli kabi yirik bunyodkorlik loyihalari hududning iqtisodiy, ijtimoiy hamda turistik imkoniyatlarini yanada oshirdi.

Buni birgina joriy yil davomida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammiti, Samarqand xalqaro iqlim forumi, BMTning Davlat xizmati forumi, Islom fan, ta’lim va madaniyat masalalari (ICESCO) tashkiloti yig‘ilishi hamda ayni kunlarda bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyalari misolidan ham ko‘rish mumkin.

E’tiborli jihati shundaki, so‘nggi 40 yilda ilk bor YUNESKO sessiyasi Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida o‘tkazilmoqda va unda 42-sessiyaga nisbatan bir barobar ko‘p 4500 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani Tashkilotga a’zo 190 dan ortiq davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi sanaladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bu nufuzli forumning Samarqandda o‘tkazilishi tasodifiy emas, sababi so‘nggi yillarda mamlakatimizning ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida YUNESKO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Qolaversa, Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandning YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatida bo‘lishi tarixiy iftixordir. Ammo bu merosni asrab-avaylab, uni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish – Yangi O‘zbekiston siyosatining mohiyati sanaladi. Prezidentimizning “Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi bo‘lishga hamisha tayyormiz” degan so‘zlari mamlakatimizning tashqi siyosiy strategiyasini falsafiy darajada ifodalaydi.

Nutqdagi asosiy g‘oyalardan yana biri inklyuziv ta’lim va sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim tizimiga joriy etish tashabbusidir. Prezidentning “har bir bolaga teng imkoniyat” g‘oyasi – ijtimoiy adolatning zamonaviy talqini sanaladi. Bu tashabbus YUNESKOning ta’limda inklyuzivlik va barcha uchun teng sharoit yaratish konsepsiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

Shuningdek, “Sun’iy intellekt – maktab” loyihasi va Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro anjuman tashkil etish takliflari O‘zbekistonning fan va texnologiya sohasida jahon ilmiy jamoasiga teng qadam qo‘yish niyatini namoyon etadi. Bu, shubhasiz, kelajakda mamlakatimizni ta’lim va innovatsiyalar markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Shu bilan birga, dunyo xalqlarining madaniy merosini asrab-avaylash, “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish va “Hujjatli meros xalqaro kuni”ni ta’sis etish haqidagi tashabbuslar “raqamli madaniyat” davrida milliy merosni yangi shaklda yashatish imkonini beradi.

“Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasini tashkil etish” taklifini ayollar salohiyatini jamiyat rivoji uchun strategik resurs sifatida baholashning yaqqol ifodasi deyish mumkin. Bu tashabbus nafaqat gender tengligini ta’minlaydi, balki ta’lim, fan va san’at sohalarida xotin-qizlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib beruvchi global platforma bo‘lib xizmat qiladi. Samarqandda o‘tkazish taklif qilingan “Xotin-qizlar global forumi” mamlakatimizning bu masaladagi yetakchi pozitsiyasini mustahkamlaydi.

Shu bilan birga, raqamli makondagi axborot manipulyatsiyalariga qarshi kurash, yoshlarda mediasavodxonlikni oshirish haqidagi fikrlar jamiyatimizning ma’naviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan. Bolalar madaniy kontenti festivali tashabbusi esa axborot davridagi yosh avlod uchun ilmiy va ijodiy tarbiyaning zamonaviy modelidir.

Xulosa qilib aytganda, Samarqandda o‘tkazilayotgan YUNESKOning 43-sessiyasi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun insoniyatning ma’naviy birligi, madaniy va ilmiy hamkorligini mustahkamlashda yangi tarixiy sahifa sanaladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar hamda sessiya yakunida qabul qilinadigan hujjatlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va ularni hududiy dasturlarda ham aks ettirish orqali hayotga tatbiq etish xalq vakili sifatida oldimizda turgan ustuvor vazifa sanaladi.

Farrux ABDUHAMIDOV,

Xalq deputatlari

Arnasoy tumani Kengashi deputati.

O‘zA