Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insoniyatni ezgulikka, ogohlikka undagan adib
13:47 / 2023-12-12

Shu kunlarda jahon miqyosida nom qozongan adib, davlat va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning 95 yilligi keng nishonlanmoqda. Chingiz To‘raqulovich Aytmatov 1928 yil 12 dekabr kuni Qirg‘izistonning Talas vodiysidagi Shakar ovulida tavallud topgan.

Betakror ijodkor, davlat va jamoat arbobi, diplomat, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi akademigi sifatida tanilgan adib 1953 yilda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi institutini tamomlaydi. Chingiz Aytmatov 1956-58 yillar Moskvadagi Yozuvchilar uyushmasi Oliy adabiyot kursi tinglovchisi bo‘lgan edi.  

Manbalarga ko‘ra, asarlarini qirg‘iz va rus tilida yozgan adibning ilk hikoyalari 1950 yillarda nashr etilgan. “Baydamtol sohillarida” (1955), “Yuzma-yuz” (1957) asarlari o‘tkir syujet, kuchli ichki ruhiy ziddiyatlarga boy. “Jamila” (1958), “Sarvqomat dilbarim” (1961), “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim” (1962), “Momo yer”, “Somon yo‘li” (1963), “Alvido, ey Gulsari” (1966) kabi povestlarida muhabbat tarannum etilgan.  

Chingiz Aytmatovning “Tog‘ va cho‘l qissalari” turkumiga kirgan asarlari yuksak baholandi. Adibning “Oq kema” (1970)  asarida insoniy go‘zallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi. “Oq kema” kinofilmi ham asar kabi shuhrat qozondi. “Dengiz yoqalab chopayotgan olapar” (1977) povestida muhim ma’naviy masalalar, sho‘ro davridagi hayotning mash’um manzaralari o‘z ifodasini topgan.  

“Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamg‘asi” (1990) romanlarida umumbashariy dolzarb masalalar, sayyoramiz taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar haqida bong urilgan.  Aytmatovning “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi zori” (M.Shoxonov bilan hamkorlikda) asari ma’naviyatga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.  

Adabiyotshunoslarga ko‘ra, Chingiz Aytmatov prozasida ruhiyat tahlili an’anaviy xalq ijodiyoti, qadimiy afsona va asotirlar, obrazlilik bilan uyg‘unlashib ketadi. Unda ramziylikka moyillik ustuvor o‘rin egallaydi. Aytmatov “Inostrannaya literatura” (Moskva) jurnaliga muharrir (1980 — 90), 1990 yildan sobiq SSSRning, so‘ng Rossiya Federatsiyasining, 1991 yildan Qirg‘iziston Respublikasining Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi.  

Chingiz Aytmatov tashkil etgan “Issiqko‘l forumi” xalqaro tinchlik harakati, muhim ijtimoiy masalalarni hal etishda samarali bo‘lmoqda. Chingiz Aytmatov 1995-2008 yillarda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi prezidenti sifatida faoliyat ko‘rsatgan edi.  

Atoqli adibning asarlari jahonning ko‘plab xalqlari tillariga tarjima qilinib, millionlab tirajlarda chop etilgan. “Sarvqomat dilbarim” (“Dovon”), “Bo‘tako‘z” (“Jazirama”), “Birinchi muallim”, “Jamila”, “Alvido, ey Gulsari” va boshqa asarlari ekranlashtirilgan, o‘zbek va chet el teatrlarida sahnalashtirilgan.  

Uning “Momo yer” asariga Ikrom Akbarov musiqa yozgan. Aytmatovning qariyb hamma asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Chingiz Aytmatov o‘zbek adabiyoti, umuman, o‘zbek madaniyati tarixini yuksak baholab, “Qadim-qadim o‘zbek madaniyatining O‘rta Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning Qadim Rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin”, deb hisoblar edi.  

Chingiz Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan edi. Qirg‘iziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi “Oltin medal” mukofoti ta’sis etilgan (1999).  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda keyingi yillarda Chingiz Aytmatov ijodini o‘rganish, uning turkiy xalqlar hamjihatligini ta’minlash, insoniyatni ma’naviy kamolot sari yetaklash borasidagi xizmatlarini keng targ‘ib etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022 yilda marhum Chingiz Aytmatov Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.  

Darhaqiqat, ulug‘ ijodkor Chingiz Aytmatov turkiy xalqlar qadriyatlarini kuylagan, insoniyatni mudom ezgulikka, ogohlikka undagan, bashariyatga faqat va faqat yaxshilik sog‘ingan betakror adib edi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA muxbiri