Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insoniyatga iymondan keyin salomatlikdan ko‘ra yaxshiroq ne’mat berilmagan
17:45 / 2021-05-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bugun insoniyat boshiga koronavirus degan bir ofat jiddiy xavf solib turgan bir paytda ushbu farmonning ahamiyati naqadar muhimligini ta’kidlash lozim.

«Insoniyatga iymondan keyin salomatlikdan ko‘ra yaxshiroq ne’mat berilmagan» deya ta’kidlanadi hadisi shariflarda va bu bejizga emas. Haqiqatan ham, sog‘lik-salomatlik eng buyuk ne’matlardan biridir. Ayniqsa, shu kunlarda uning qadrini har qachongidan ko‘ra ko‘proq his qilyapmiz. Ko‘zga ko‘rinmas virus dunyo bo‘ylab tarqalib, insoniyatni oyoqqa qalqitdi, hushyorlikka chorladi. Inson salomatligining chinakam posbon hisoblangan shifokorlarga bo‘lgan ehtiyoj esa borgan sari oshib boryapti. Shifokorlar haqiqiy ma’noda bugun najotkorga, qahramonga aylandi.

Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shubhasiz, bugunning eng muhim vazifasiga aylandi. Bunda tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Farmonga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiy xizmat sifati va qamrovini oshirish maqsadida 2021-2022 yillarda 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi. Joriy yil 1 avgustga qadar o‘rta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtai nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yo‘nalishlari kengaytiriladi. Lavozimlari, o‘quv dastur va rejalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqqan holda, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi va farmonda ularga qo‘yiladigan talablar belgilandi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyat turlari yanada kengaytiriladi. 2021 yil 1 noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda joriy etiladi. Bunda ehtiyojmand oilalar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga muvofiq aniqlanadi. Shuningdek, farmonda Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi tashkil etilishi hamda uning moliyalashtirish manbalari belgilandi.

Albatta, farmonning ahamiyati va muhim jihatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin shu o‘rinda barchamiz bir haqiqatni anglamog‘imiz lozim. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasnificha, inson salomatligining 10-15 foizi ekologiya, 10-15 foizi genetika, 10-12 foizi tibbiyot tizimi darajasi, qolgan 55-60 foizi esa turmush tarziga bog‘liq. Demak, sog‘ligimiz uchun avvalo o‘zimiz qayg‘urishimiz lozim. Ya’ni, to‘g‘ri ovqatlansak, jismoniy faol, zararli odatlardan xoli, kun tartibimizni to‘g‘ri tashkil qila olsakkina sog‘lom bo‘la olamiz. Aks holda, barcha sa’y-harakatlar samarasiz yakunlanaveradi. Sog‘ligimiz esa avvalo o‘zimiz uchun kerak.

Jumanazar ATAJANOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi