Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insoniyat tarixida burilish yasagan zot
13:02 / 2022-04-09

9 aprel – Amir Temur tavallud topgan kun

Poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida ulug‘ Sohibqiron bobomiz Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan mazkur xiyobonga erta tongdanoq yozuvchi va shoirlar, tarixchilar, temurshunos olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, harbiy o‘quv yurtlarining kursantlari, mahalla faollari, talaba-yoshlar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari taklif etildi.

Xalqaro Amir Temur Xalqaro jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori Azamat Ziyo, tarixchi olim Hamidulla  Dadaboyev Temur va temuriylar davri merosini o‘rganish Uchinchi Renessansga qadam qo‘ygan O‘zbekistonimizda g‘oyat dolzarb ekanini ta’kidladi.

– Amir Temur kishilik tarixida burilish yasagan inson, – dedi Tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori Azamat Ziyo. – Sohibqiron bobomiz o‘sha davrdagi tanazzulga barham berdi. Dunyoni mo‘g‘ullar hukmronligidan xalos etdi. Ul zot Ikkinchi Uyg‘onish davri asoschisidir. Buning natijasida Yevropa uyg‘ondi. Kimki o‘zbek davlatchiligining kuch-qudratini bilmoqchi bo‘lsa, Amir Temur davlatchiligiga boqsin. Amir Temur o‘zbek davlatchiligining qo‘lidan nelar kelishini namoyon etgan buyuk shaxsdir.

Darhaqiqat,  jahon olimlari tomonidan hamon katta qiziqish, hayrat bilan o‘rganiluvchi buyuk ajdodimiz Amir Temur nomi mardlik, shijoat,  jasorat, adolat, el-yurt manfaatlarini ustun bilish kabi tushunchalar bilan bevosita bog‘liqdir. Sohibqiron asos solgan ulkan davlatchilikning muhim tamoyillari uning buyukligi, mustahkamligi, betakror kuch-qudrati, odillikni, xalqparvarlikni ustuvor bilgani bilan hamohangdir.

Mustaqillik yillarida diyorimiz tarixini mutlaqo yangicha tarzda, xolis va haqqoniy o‘rganish masalasi Amir Temur hazratlari, uning merosi, jahongir bobomiz asos solgan benihoya qudratli saltanat, temuriylar davri bilan bog‘liq o‘tmishga real baho berish, uni yanada chuqurroq o‘rganish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.

Aslida Temur va temuriylar sulolasiga bo‘lgan qiziqish ulug‘ Sohibqiron bobomizning uning o‘z hayotida qat’iy amal qilgan  xaloskorlik, haqiqatni ustuvor bilish, bag‘rikenglik, tenglik, xalqparvarlik g‘oya va yo‘l-yo‘riqlari, umr mazmuniga aylantirgan insonparvar va adolatparvar shiori bilan uyg‘undir. Bu ulug‘ zotning bunyodkorlik, zaiflarga ko‘mak ko‘rsatish, ijtimoiy hamjihatlik, ilm-ma’rifat, san’at, hunar ahliga e’tibor va rag‘bat ko‘rsatish borasidagi ezgu ishlari dunyo olimlari tomonidan keng e’tirof etilgan. Bu esa ulug‘ Temurga bag‘ishlangan ilmiy, badiiy, sahna asarlarining yaratilishiga sababchi bo‘lgan.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari tomonidan jang san’atidan namunalar ijro etildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari tomonidan Amir Temur o‘gitlari o‘zbek, rus, koreys, yapon,  turk,  fors, ingliz, fransuz tillarida o‘qib berildi.

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi Qozog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi Ikrom Hoshimjonov qardosh xalqlar ham Amir Temurning ezgu amallari, hayotbaxsh shiorlarini  minnatdorlik bilan asrlar osha yodda saqlab kelayotganini ta’kidladi.

Tantanada O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Rustam Musurmon “Amir Temur qurgan imorat” nomli she’rini o‘qib berdi. Tadbir ishtirokchilari buyuk Sohibqiron bobomiz haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilari Abdujabbor Abduvohitov, Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron bobomiz faoliyati, jahon tarixidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, ko‘rgazma ham tashkil etildi.

[gallery-6559]

Nazokat Usmonova,
  O‘zA muxbiri