26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
2019 yil butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash sharoitida yashadi. Lekin bashariyat uchun koronavirusdan boshqa yana ko‘plab ofatlar xavf solayotganini ham bir zum bo‘lsa-da, unutmasligimiz kerak. Iqlim o‘zgarishi, ekologiyaning global miqyosda buzilishi oqibatida kelib chiqayotgan turli kasalliklar – bularning birortasiga qarshi insoniyat uzil-kesil chora topolgani yo‘q. Ana shunday muammolarning yana biri, shubhasiz, giyohvand moddalar iste’moli hamda uning noqonuniy savdosi bo‘lib qolmoqda. Chunki, insoniyat bu baloni hali ham jilovlay olmagan.
Narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarni hech bir olamshumul ofat to‘xtata ololmasligini o‘tgan yilda narkotik moddalar iste’moli ortganidan ham ko‘rish mumkin. 2020 yilda dunyo bo‘yicha qariyb 275 million kishi turli xil giyohvand moddalarni iste’mol qilgan. Ulardan 36 millioni ushbu zaxri-qotilga qaramlik tufayli turli ko‘ngilsizliklarni boshdan kechirgan.
Kuni kecha BMTning giyohvand moddalar va u bilan bog‘liq jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan “2021 yil – giyohvand moddalar bo‘yicha jahon hisoboti” taqdim qilindi. Unda keltirilishicha, 2020 yilda 494 ming kishi narkotik modda iste’moli tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
Insoniyat boshiga kulfat solayotgan ushbu “qora dori”ni iste’mol qilayotgan odamlar soni 2010 yilgi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda hozirga kelib 22 foizga ortgani aytilmoqda. Demografik o‘zgarishlarni hisobga olib hisob-kitob qilinganda, 2030 yilga kelib narkotik moddalar iste’mol qiluvchi odamlar soni butun dunyoda 11 foizga o‘sar ekan. Masalan, Afrikada aholining yoshlar qismi tez ko‘payayotgani hisobiga bu ko‘rsatkich 40 foiz oshishi bashorat qilinmoqda.
Ma’ruzada aytilishicha, o‘tgan yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida COVID-19 pandemiyasi hukm surgan bir sharoitda kannabis iste’moli ko‘paygani kuzatilgan. Bundan tashqari, farmatsevtik preparatlarni notibbiy maqsadlarda foydalanish ham ortgan. Mutaxassislar eng ko‘p tarqalgan narkotiklar turi sifatida kannabis, geroin, morfiy, opium, kokainlarni aytishmoqda. Giyohvand moddalarni iste’mol qilishning eng xavflisi kuchli narkotiklarni qabul qilishda uning me’yorini oshirib yuborish hisoblanadi. Narkotik moddalar iste’moli tufayli o‘lim holatlarining aksariyat qismi aynan “qora dori” iste’mol qilishda uning me’yorini (dozasini) oshirib yuborish oqibatida yuz bergani aytilmoqda.
Ma’ruzada ta’kidlanishicha, narkotik moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq o‘lim holatlari yoki sog‘liqning yomonlashuvi ko‘rsatkichlari yildan-yilga ortmoqda. Masalan, 2019 yilda narkotik moddalar iste’moli va u bilan bog‘liq hodisalar oqibatida dunyo bo‘yicha qariyb yarim million kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Xulosa qilib aytganda, ushbu raqamlar insoniyatni yana bir bor xushyor bo‘lishga chaqirishi tabiiy. Zero, mazkur muammo hamon davosi topilmagan, vaksinasi yaratilmagan pandemiya bo‘lib qolmoqda.
S.Rahimov, O‘zA