French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insoniyat bartaraf qilolmayotgan yana bir epidemiya
10:39 / 2021-05-31

31 may – Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni

Dunyoda shunday sanalar ham borki, ular har yili bayram sifatida nishonlanmaydi, balki olamshumul muammoni insoniyatga yana bir bor eslatish, dunyo ahlini uning xavfidan ogoh etish maqsad qilinadi.  

Odamzot kurashib kelayotgan, lekin butunlay yo‘q qilolmayotgan mazkur muammolardan biri shubhasiz, kashandalikdir. Unga qarshi kurash hamma mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonda ham dolzarb hisoblanadi. Lekin insoniyatning bu baloga qarshi kurashi natija beryaptimi? Bu borada tadqiqot natijalari, keltirilayotgan statistikalar nima deydi, olimlarning fikri qanday?

Yaqinda The Lancet jurnali 1990 yildan to 2019 yilgacha bo‘lgan davrda tamaki chekish bo‘yicha global hisobotini e’lon qildi. Unda dunyoning 204 mamlakatida tamaki chekish statistikasi batafsil tahlil qilingan. Mazkur tadqiqotga kasalliklar keltirayotgan tashvishlar global loyihasi (GBD — Global Burden of Disease Study) doirasida o‘tkazilgan 3 ming 625 ta umummilliy so‘rov natijasi asos qilib olindi.

Statistikaning ko‘rsatishicha, chekuvchilar soni umuman olganda, global darajada ortmoqda va 2019 yilda ularning soni 1,1 milliard nafarga yetgan. Shu bilan birga, chekish dunyo bo‘yicha 7,7 millionta o‘limga sabab bo‘ldi, har beshinchi o‘lim erkaklar orasida kuzatilmoqda.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, chekish epidemiyasiga qarshi kurashish uchun mamlakatlar tamakiga qarshi kurashning samarali choralarini ko‘rish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan vazifasini bajarishi lozim. Jumladan, tamaki mahsulotlariga soliq yukini oshirish yo‘li bilan kurashish kerak, deyiladi hisobotda.

Insoniyatni xavotirga solayotgan jihat, chekishning 15-24 yoshgacha bo‘lgan aholi o‘rtasida tobora ommalashib borayotganidir. Taassufki, dunyo mamlakatlarining qariyb yarmidan ko‘pi yoshlar orasida chekishni qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlari natijasini namoyish qila olmayapti.  

bugungi kunda dunyodagi har beshinchi yosh yigit va har yigirmanchi yosh qiz tamaki chekadi. Hozirgi kashandalarning o‘ntadan to‘qqiztasi chekishni 25 yoshgacha boshlab yuborgan.

Mutaxassislarning fikricha, tamaki reklamasini hamma joyda, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham taqiqlash zarur. Tamaki tutunidan xalos bo‘lgan muhitlarning yaratilishi ham yoshlar o‘rasida bolalikdan tamaki chekishni boshlashining oldini olish uchun asosiy omillardan biri hisoblanadi. Yoshlarni nikotinga qaramlikdan himoya qilish esa keyingi avlod orasida tamaki iste’mol qilishni butunlay yo‘qotish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

– Chekish butun dunyoda inson sog‘lig‘iga xavf soluvchi asosiy faktorlardan biri hisoblanadi. Biroq ming afsuski, tamaki iste’moliga qarshi kurash barcha mamlakatlarda ham yetarli darajada, deb bo‘lmaydi, — deydi ma’ruza muallifi, AQSH universiteti (Sietl) professori Emmanuelы Gakidu.

Shubhasiz, olimning gaplarida jon bor. Zero, ko‘pgina mamlakatlarda yoshlar orasida tamaki iste’moli darajasi tobora ortib bormoqda, Bu ham yetmaganidek, tamakining yangi turlari paydo bo‘lmoqda. Shunday ekan, yuzaga kelgan vaziyat tamakiga qarshi kurashni keskin oshirishni taqozo etmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Olimning fikricha, agar inson 25 yoshgacha chekmasa, u kashandaga aylanmaydi. Binobarin, ushbu davrda yoshlarning tamakiga ruju qo‘yishiga har qanday yo‘l bilan to‘sqinlik qilish kerak bo‘ladi. Shunday qilinsa, uning sog‘lig‘i qolgan umri davomida yaxshi holatda bo‘ladi.

Turli mamlakatlarda tamaki iste’moli darajasi turlicha, lekin olimlarning kuzatuvlari bo‘yicha kelingan xulosalar shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyodagi eng kashanda mamlakatlar o‘ntaligi Xitoy, Hindiston, Indoneziya, AQSH, Rossiya, Bangladesh, Yaponiya, Turkiya, Vetnam va Filippin davlatlaridan iborat ekan. Dunyodagi kashandalarning har uchinchisi esa Xitoyda yashaydi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, kashandalar umuman chekmaydiganlarga qaraganda 10 yil kam umr ko‘rar ekan. Dunyodagi har ikkinchi kashanda chekish bilan bog‘liq bo‘lgan xastaliklar tufayli hayotdan ko‘z yummoqda.

O‘lim sabablari orasida eng ko‘p uchraydigani yurak ishemik xastaligidir. 2019 yilda ushbu xastalikdan dunyo bo‘yicha 1,7 millionta o‘lim qayd etilgan. Undan keyin o‘pkaning surunkali xastaligi (1,6 millionta o‘lim), nafas yo‘li yallig‘lanishi, yo‘tal va o‘pka saratoni (1,3 millionta o‘lim) ham kashandalik natijasida vujudga kelmoqda. Yana bir xastalik – insult ham kashandalarni ta’qib qiladigan asosiy xastaliklar sirasiga kiradi. Undan o‘tgan yili bir million kishi vafot etgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, 87 foiz o‘lim holati hayotining oxirgi kunigacha chekkan kishilar orasida qayd etilmoqda. Faqat olti foiz o‘lim holati chekishni kamida 15 yil avval tashlaganlarga to‘g‘ri keladi.  

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, tamaki iste’moliga chek qo‘yishning hech qachon kechi bo‘lmaydi. Axir aytishadiku, yaxshi amalning kechi yo‘q, deb. “Shunday ekan, necha yoshda bo‘lishingizdan, necha yildan buyon ushbu zararli odatni kanda qilolmayotganingizdan qat’iy nazar tashlashga urinib ko‘ring, irodasizlik qilmang, hayotingiz uchun eng avvalo, o‘zingiz qayg‘uring”, deydi mutaxassislar.

 

Saidmurod Rahimov, O‘zA