Hozirgi globallashuv va geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida dinlararo muloqot, insoniy birodarlik, ijtimoiy hamjihatlik masalalari xalqaro tinchlik hamda barqaror taraqqiyotning muhim omillaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2010 yil 20 oktyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili fevral oyining birinchi haftasi “Dinlararo hamjihatlik haftaligi” hamda 2020 yil 21 dekabrdagi rezolyutsiyaga binoan 4 fevral sanasi “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” deb e’lon qilingan.
Ma’lumki, 2019 yil 3 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Insoniy birodarlik bo‘yicha anjumanda Rim Papasi Fransisk va Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib o‘rtasida “Insoniy birodarlik – xalqaro tinchlik va hamjihatlik omili” nomli hujjat imzolangan.
Hujjat imzolanishi natijasida BMT tomonidan 4 fevral – Xalqaro insoniy birodarlik kuni deb e’lon qilindi. Bu kunni BMTga a’zo davlatlarda ilm-fan, diniy yetakchilar va jamoatchilik faollari ishtirokida keng nishonlash belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish YUNESKO” kafedrasi tomonidan joriy yilning 3-5 fevral kunlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatida “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – tinchlik va barqarorlik omili” shiori ostida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislari hamda ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida an’anaviy ilmiy va madaniy-ma’rifiy tadbirlar haftaligining tashkil etilgani mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va tinchlikparvar siyosatni targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Mazkur tadbirlardan asosiy maqsad insoniy birodarlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va diniy e’tiqodlar xilma-xilligini tushunish dunyo xalqlari o‘rtasida tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashda muhim omil ekanini yana bir bor isbotlashdan iborat.
Haftalik tadbirlari bugun “Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminar bilan boshlandi.

Seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, YUNESKO xalqaro tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi YUNESKO milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-ma’rifiy maskanlarning vakillari, dinshunos ekspertlar, taniqli olimlar, yurtimizda faoliyat olib borayotgan konfessiyalar vakillari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Seminar “Diniy ta’limotlarda inson qadri masalasi”, “Jamiyat barqarorligiga tahdid soluvchi yot g‘oyalarga nisbatan diniy ta’limotlar munosabati”, “Bag‘rikenglik va dinlararo muloqotning ijtimoiy ahamiyati”, “Zamonaviy jamiyat taraqqiyoti diniy-ma’rifiy qadriyatlarning o‘rni” kabi sho‘’balar asosida ish olib bordi.
– O‘zbekistonda kuzatganim shuni ko‘rsatadiki, “Xalqaro insoniy birodarlik kuni” faqat bir kun bilan cheklanib qolmas ekan, – dedi Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti dosenti (Qozog‘iston Respublikasi) Lazzat Rixsibekova. – Bu g‘oya butun hafta davomida keng qamrovli tarzda nishonlanib, tadbirlarning mazmun-mohiyati barcha konfessiya vakillarini yagona oila sifatida birlashtirar ekan, barcha din va millat vakillariga teng munosabat ko‘rsatilayotgani ham e’tiborga loyiq. Mazkur yondashuv jamiyatdagi o‘zaro hurmat va ishonch, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, insoniy birodarlikka asos soluvchi hamjihatlik, totuvlik va o‘zaro anglashuv kabi umumbashariy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish orqali insoniy birodarlik shunchaki g‘oya emas, balki umumiy kelajak uchun mas’uliyat ekanini anglatish – Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash hamda ko‘p millatli xalqimizning birligi va yurtimiz tinchligini asrab-avaylashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA