Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonga insonlik qadri muborak
16:49 / 2026-02-25

Bugungi kunga qadar dunyo bir qancha yuksalish va evrilishlarni boshdan kechirdi. Qachonki, ma’rifatsizlik avj olgan mahal daholar katta sahnaga chiqqan. Ular esa ma’naviyati yuksak kishilar sanalgan. Xususan, millatimiz ham o‘ziga yarasha tarixning oq va qora kunlarini boshidan kechirishga to‘g‘ri kelgan.

Xalqimizda "Bo‘laman degan el bir-birini botirim deydi, bo‘lmayman degan el bir-birining etini yeydi” degan maqol bejiz aytilmagan. Negaki, vatanimizning eng shonli davrlari aynan birlik va ahillik bilan baholanadi. O‘rta asrlarda Sharq uyg‘onishi butun insoniyat uchun bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilish bo‘lgani sir emas.  

Xususan, davlatchilik, ilm-ma’rifat borasida misli ko‘rilmagan o‘sish va yangicha qarashlar paydo bo‘lgan. Buning yagona siri esa inson qadri yuksak baholangani, shoh va olimlar o‘rtasida sog‘lom va samimiy munosabatlar o‘rnatilgani bilan ham bog‘liq.

Tarixni yaxshi anglamay turib, buyuk kelajak barpo etib bo‘lmaydi deganlaridek, bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar ham ayni inson qadri va birlikka qaratilmoqda. Ulkan g‘oya va tashabbuslar shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgani fikrimizning yorqin ifodasidir.

Xususan, Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan muloqot ham Uchinchi Renessans binosining bir necha barobar bo‘y cho‘zishiga zamin yaratdi desak, aslo adashmagan bo‘lamiz. 22 million yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatning qudratiga shubha qilganlar jahonda o‘zbek farzandlarining natijalari va ularning ortida turgan imkoniyatlarga qarashlari lozim bo‘ladi. Yuksak marralarni ko‘zlab ko‘kka parvoz qilayotgan o‘zbek burgutlariga yelkasini tutib beruvchi rahnamosining borligi albatta Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ ajdodlarimizga munosib avlod shakllanishiga ishonch bag‘ishlaydi.

Muloqot davomida ilgari surilgan tashabbuslar mohiyatiga bir qur nazar solinsa, aynan buyuk ajdodlarimiz, jadidlarimiz orzu qilgan islohotlar ekaniga iqror bo‘lamiz.

Mamlakatning taraqqiyoti uning zaif qatlamlarini mustahkamlashdan boshlanadi. Shu ma’noda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tizimli islohotlar kishini to‘lqinlantirmay, faxrlantirmay qolmaydi.

Xususan, Prezident tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Fikringni ber (Voice Up)” loyihasi doirasi kengayib, ushbu loyiha har bir hududda o‘tkaziladi.  

Qolaversa, 1 ming nafar yoshlar qamrab olinib, eng yaxshi loyihalarni taklif qilgan yoshlar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohi tashkil etiladi. “O‘sish va rivojlanish (Upshift)” startap loyihasi kengaytirilib, bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlov o‘tkaziladi.

Tashabbusning olqishga sazovor jihati shundaki, yoshlarning eng yaxshi 40 ta startap loyihasini moliyalashtirish uchun 2 milliard so‘m ajratiladi. Bu esa yurtimizda inklyuziya, imkoniyatlar tengligini ta’minlashga naqadar ahamiyat berilayotganidan dalolat.

O‘zbek millati azal-azaldan obod xonadonlarda yaxshi kunlarini nishonlashga odatlangan. Oila atalmish muqaddas qo‘rg‘on ostonasidan qadam qo‘ygan yoshlar uchun ham shinam va obod xonadonlar ayni muddao. Davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan inson qadrini ulug‘lash, xalq dardini anglashga qaratilgan siyosatning mantiqiy davomi o‘laroq, yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash borasida ham yangi tizim ishga tushmoqda.

“Har yili yurtimizda 270 mingga yaqin yangi oila paydo bo‘lmoqda. Yosh oilalar uchun eng avvalo nima kerak? Albatta, qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasini 14 foizdan oshgan qismi byudjetdan qoplab beriladi”, dedi Prezidentimiz muloqot mobaynida.  

Xulosa qilib aytganda, yuksak marralarni ko‘zlab yo‘lga chiqqan millatimiz yoshlari uchun ushbu muloqot qanot bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Negaki, yo‘ldagi mashaqqatlarni mazkur imkoniyatlar sezilarli darajada yengillashtirishi hech shubhasiz.  

Shuni aytib o‘tish kerakki, bunday g‘amxo‘rlik va insonparvarlik hech bir ijodkorni ilhomlantirmay qolmaydi.  Kamina ham shunday imkoniyatlar natijasida hayotda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan bir o‘zbek o‘g‘loni sifatida mazkur mulohazalarga quyidagi to‘rtlikni ilova qilishni lozim topdim.

Yurtim! Qutlug‘ bo‘lsin yorug‘ tonglaring,

Yangi O‘zbekiston qasri muborak.

Temurbek nafasi, adolat sasi,

Insonga insonlik qadri muborak.

Sherbek Islomov O‘zA