Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi
17:26 / 2024-12-02

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Shu bois o‘tgan yili xalqimiz xohish va irodasi hamda O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimizda hamda adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi.

Sababi, azaldan yurtdoshlarimiz ko‘nglida adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar mujassam bo‘lgan. Ajdodlarimizning ushbu qadriyat va qarashlari yangilangan Konstitutsiyamizda munosib o‘rin olgan. U umuminsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi.

E’tiborli jihati yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi bilan tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb e’lon qilindi. Ya’ni insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi sifatida mustahkamlab qo‘yildi.

Bugun dunyoda har kuni kutilmagan xavf-xatar va tahdidlar yuzaga chiqmoqda. Bu ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklarni bartaraf etish hamda oldini olish ko‘plab rivojlangan davlatlar uchun ham kun tartibidagi muhim masala bo‘lib turgan bir vaqtda, O‘zbekistonda davlat o‘z fuqarolari farovonligi uchun ijtimoiy norma va talablarni o‘zi uchun ustuvor vazifa deb belgilashi haqiqatdan ham katta voqelikdir.

Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni oldi. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq konstitutsiyaviy normalar 3 barobarga ko‘paydi.

Jumladan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi kafolatlab qo‘yildi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Qolaversa, Bosh qomusimizning 15-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yildi. Ushbu normaning belgilanishi ko‘plab fuqarolarimiz hayotida, kundalik faoliyatida duch kelayotgan muammolarga uzil-kesil yakun bo‘ldi.

Sababi, so‘nggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, afsuski, ayrim holatlarda mansabdor shaxslar tomonidan yurtdoshlarimizning qonunchilikdagi huquqlari buzilishi bilan bog‘liq murojaatlar ham uchrab turar edi. Balki ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan rahbarlarning qonunchilikdan xabari bo‘lmas, ammo endi ular Konstitutsiya normalariga bo‘ysinishga va uni so‘zsiz bajarishga majburdirlar.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bilan bog‘liq normalar 3 barobarga ko‘paytirildi. Jumladan, 29-moddada har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi, har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega ekanligi, qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yildi.

30-moddada esa hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emasligi kafolatlandi. Ushbu o‘zgartirishlar ayrim holatda “yozilmagan qoidalar” asosida kelib chiqayotgan tushunmovchiliklarning oldini olishga va mamlakatda qonun ustuvorligini to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi.

Yana bir muhim o‘zgarish bu – konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasining kengayganligidir. Ya’ni birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.

Mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Aholimiz 2040 yilga borib 50 millionga yetishi kutilmoqda, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.

Bular va boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgan O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi kelgusida ko‘zlagan barcha maqsad va vazifalarimizga erishishda bosh dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

Mavluda ATHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.

O‘zA