Hamid Olimjon, Naim Karimov, Chingiz Aytmatov ijodida, faoliyati, umr mazmunida xalq dardi, bashariyat taqdiri, tabiatga, odamlarga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat ustuvor o‘rin egallar edi.
Manbalarga ko‘ra, iste’dodli shoir, dramaturg, olim va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. Boshlang‘ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida (1923-1926), so‘ng Pedakademiyada (1926-1931) o‘qidi. Hamid Olimjon talabalik yillaridayoq she’riyatga qiziqdi.
Asarlari 1926 yildan «Zarafshon» gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur nashrning muharririyatiga ishga o‘tdi.
Hamid Olimjonning «Ko‘klam» nomli ilk she’riy to‘plami 1929 yilda bosilib chiqdi. Shundan so‘ng «Olov sochlar» (1931), «O‘lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she’riy to‘plamlari nashr etildi.
Uning ijodida «Zaynab va Omon» dostoni alohida o‘rin tutadi.
Hamid Olimjon she’riyatining lirik qahramoni zamon bilan hamnafas bo‘lgan, vatanparvar, shodlik va baxt taronalarini kuylovchi insondir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1943) Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi.
Hamid Olimjon Pushkin, Tolstoy, Gorkiy, Mayakovskiy, Serafimovich, Shevchenko, Lermontov va boshqa rus ijodkorlarining asarlarini tarjima qildi.
Millatimizning bebaho durdonasi – «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib (1938), chop etildi. U Alisher Navoiyning 500 yilligini o‘tkazish yubiley qo‘mitasining a’zosi sifatida ulug‘ shoir hayoti va ijodi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi.
Hamid Olimjon 1939 yildan to umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi.
Hamid Olimjon «Daryo kechasi» (1936), «O‘lka» (1939), «Baxt» (1940) to‘plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935-1937), «Oygul va Baxtiyor» (1937), «Semurg‘» (1939) dostonlari bilan o‘zbek she’riyatida romantik tasvir tamoyillarining qaror topishiga katta hissa qo‘shdi.
Ikkinchi jahon urushining olovli yillarida uning «Muqanna» nomli she’riy dramasi yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning go‘zal namunalaridan biri bo‘lib kelayotir. Uning «Jinoyat» dramasi zamonaviy mavzuda yozilgan. Bu davrda uning bir necha she’riy to‘plamlari bilan bir qatorda «Jangchi Tursun», «Roksananing ko‘z yoshlari» kabi qator balladalari ham yaratildi.
Zahmatkash olim, fidoyi adabiyotshunos, jadidshunos olim Naim Karimov 1932 yil 12 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1955 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomlab, ushbu oliy ta’lim muassasasining aspiranturasida tahsil oldi.
1958 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da kichik ilmiy xodim sifatida ish boshlagan olim ko‘p yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida mazkur institutda katta va yetakchi ilmiy xodim, bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi.
1962 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2002-2008 yillarda “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi raisi hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rahbari, 2008 yildan ushbu muzeyning yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali mehnat qilib, ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shdi.
Naim Karimov XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha keng qamrovli fundamental tadqiqot va izlanishlar olib borib, ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratdi. Xususan, ma’rifatparvar jadidlarning hayoti va faoliyati, XX asr o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalari ijodiga oid ko‘plab monografiya va tadqiqotlari, ma’rifiy romanlari hamda mingdan ortiq ilmiy maqolalari, qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari adabiyotshunoslik faniga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.

Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. Olimning mustabid tuzum yillarida qatag‘on etilgan fidoyi ziyolilarimizning ibratli hayoti va faoliyatini har tomonlama o‘rganish, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini ommalashtirishdagi xizmatlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham e’tirof etilgan.
Serqirra olim jahon adabiyotining bir qator sara asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilish bilan birga tarixiy mavzularda yigirmaga yaqin hujjatli filmlarni yaratishda ham faol ishtirok etdi.
Uning bevosita rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlangan.
Akademik N.Karimovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi.
Atoqli qirg‘iz yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatov O‘zbekiston, xalqimizning ham chin do‘sti edi.
Adabiyotshunoslar fikriga ko‘ra, uning ilk hikoyalari 1950 yillarda bosilgan. “Baydamtol sohillarida” (1955), “Yuzma-yuz” (1957) asarlari o‘tkir syujet, kuchli ichki ruhiy ziddiyatlarga boy. “Jamila” (1958), “Sarvqomat dilbarim” (1961), “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim” (1962), “Momo yer”, “Somon yo‘li” (1963), “Alvido, ey Gulsari” (1966) kabi qissalarida muhabbat mavzusi katta ehtiros bilan tarannum etilgan. Aytmatovning “Tog‘ va cho‘l qissalari” turkumiga kirgan asarlari yuksak baholandi. Aytmatovning “Oq kema” (1970) qissasida insoniy go‘zallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi.
“Oq kema” kinofilmi ham asar kabi shuhrat qozondi. “Dengiz yoqalab chopayotgan olapar” (1977) qissasida muhim ma’naviy masalalar, sho‘ro davridagi hayotning mash’um manzaralari o‘z ifodasini topgan. “Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamg‘asi” (1990) romanlarida zamonamizning umuminsoniy tomonlari, ona-sayyoramizning taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan.
Aytmatovning «Cho‘qqida qolgan ovchining ohi zori» (M.Shoxonov bilan hamkorlikda) asari ma’naviyatga bag‘ishlangan. Aytmatov asarlarida ruhiyat tahlili an’anaviy folklor, mifologiya, obrazlilik bilan uyg‘unlashib ketadi. U sobiq SSSRning, so‘ng Rossiya Federatsiyasining, 1991 yildan Qirg‘iziston Respublikasining Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi edi. Aytmatov tashkil etgan “Issiqko‘l forumi” xalqaro tinchlik harakati tinchlikparvar ijodkor-ziyolilarning o‘ziga xos ma’naviy platformasiga aylangan. Chingiz og‘aning asarlari jahonning 154 tiliga tarjima qilinib, millionlab nusxalarda chop etilgan (1999). “Sarvqomat dilbarim” (“Dovon”), “Bo‘tako‘z” (“Jazirama”), “Birinchi muallim”, “Jamila”, “Alvido, ey Gulsari” va boshqa asarlari ekranlashtirilgan, o‘zbek va chet el teatrlarida sahnalashtirilgan. «Momo yer» asariga I.Akbarov musiqa yozgan.
Aytmatovning qariyb hamma asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan.
Chingiz Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» (1995), «Buyuk xizmatlari uchun» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi qad rostladi. O‘zbekiston Chingiz Aytmatovning asarlari dunyoda eng ko‘p chop etilgan, uning ijodi sevib o‘rganiladigan mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda. Naim Karimovning jadidchilik harakatiga doir tadqiqotlari yosh olimlar, adabiyotshunoslar tomonidan katta qiziqish va e’tibor bilan o‘rganilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida milliy va jahon adabiyotini tobora ommalashtirish, ijod ahlining ma’rifiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, millatimizni kitobxon millatga aylantirish borasidagi ezgu tashabbuslarning amaliy natijasidir.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA