Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson, uning huquq va erkinliklari – oliy qadriyat
19:23 / 2023-06-16

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Mahmudovaning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Muzaffara Abdiyeva pastdarg‘omlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda partiya faollari va deputatlar, nuroniylar va yoshlar, xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ishonchli vakilni yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.  

– Saylovoldi dasturida jamiyatimiz hayoti bilan bog‘liq to‘qqiz yo‘nalishda dolzarb vazifalar belgilangan, - dedi M.Abdiyeva. – Biz “Qonun ustuvorligi — adolatli jamiyat qurishning muhim sharti!” degan tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdor shaxslar faoliyatining muhim qoidasiga aylantirishga intilamiz. Partiyamiz uchun oliy qadriyat bu – inson, uning huquq va erkinliklaridir! Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir.  

Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun, birinchi galda, sudlar mustaqilligini ta’minlash va shu maqsadda sudyalarning xalq deputatlari Kengashlariga axborot berish amaliyotini bekor qilishni ilgari suramiz. Sudyalar sonini ko‘paytirish, ularning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, jumladan, oilaviy, mehnat, intellektual mulk, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga oid nizolar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudyalar korpusini shakllantirish masalalari diqqat markazimizda bo‘ladi.  

Qonun asosida yashash hayot tarzimizga aylanishi zarur. Buning uchun, eng avvalo, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta’minlashimiz shart. Bu borada Konstitutsiyamizda ilg‘or huquqiy mexanizmlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, biz davlat xizmatiga ishga kiradigan har bir xodimni Konstitutsiyani bilish bo‘yicha sinovdan o‘tkazish lozim, deb hisoblaymiz.  

Uchrashuvda ishonchli vakil saylovchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi va saylovda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.  

G‘.Hasanov, O‘zA