O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqida qator muhim yo‘nalishlar alohida ta’kidlandi.
Birinchidan, u BMTning nufuzini oshirish va Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurligini ko‘rsatdi. Zamonaviy global tahdidlarga barqaror javob berish uchun xalqaro hamjihatlik shartligi qayd etildi.
Ikkinchidan, O‘zbekistondagi ichki islohotlar haqida so‘z bordiki, ularning asosida inson qadri, manfaati yotardi. Jumladan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish sohasida ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Agar oldingi davrlarda kambag‘allik darajasi 35 foizga yetgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 6,6 foizgacha qisqardi. Bu raqamlar xalqimiz farovonligi va ijtimoiy siyosatning samaradorligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, ta’lim tizimida ham tarixiy o‘zgarishlar amalga oshirildi: maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi.

Prezidentimiz ta’lim-tarbiya masalasini davlat siyosati darajasiga olib chiqib, uni xalqaro miqyosda ham yuksak minbarlarda ko‘tarmoqda. Jumladan, pedagoglar obro‘-nufuzini oshirish, ularning jamiyatdagi nufuzini mustahkamlash va xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Toshkent shahrida Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif qilindi.
Bu taklifning zamirida buyuk jadidlarimizning asriy orzusi – ma’rifat va taraqqiyot orqali millatni yuksaltirish g‘oyasi mujassam. Chunki ta’lim va tarbiya — har qanday jamiyatning kelajagini belgilaydigan eng muhim omildir. Sammitning O‘zbekistonda o‘tkazilishi, bir tomondan, yurtimizning global ma’rifat markaziga aylanayotganidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, ustoz va murabbiylar qadrini yuksaltirishga qaratilgan amaliy qadamdir.
Shu jihatdan, mazkur tashabbus nafaqat milliy darajada, balki jahon hamjamiyati uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. U orqali mamlakatimiz xalqaro ta’lim hamkorligining muhim nuqtasiga aylanib, kelajak avlod uchun zamonaviy bilim va salohiyat eshiklarini yanada kengroq ochadi.
Uchinchidan, sog‘liqni saqlash, bolalar kasalliklariga qarshi kurash va gender tengligi masalalariga to‘xtalib, mazkur masalaning ahamiyati, avvalo, inson qadri bilan bog‘liqligidir. Mamlakatimizda yaratilayotgan ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimi — har bir fuqaro, ayniqsa, bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan. Bolalar saraton va og‘ir kasalliklarga duch kelsa, bu faqat bir oilaning emas, butun jamiyatning dardiga aylanadi. Shu bois bu tashabbus nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy-axloqiy ahamiyatga ega. Prezidentning BMT bosh qarorgohida yuqori darajada tadbir o‘tkazish tashabbusi ham xalqaro hamjihatlikni kuchaytiradi. Chunki bunday kasalliklarga qarshi kurash bir davlatning emas, balki butun insoniyatning vazifasi hisoblanadi. Bu yerda O‘zbekistonning taklifi — birlashish, tajriba almashish va hamkorlikda yechim topish.
Shuningdek, gender tenglik masalalari ham gapirildi. Unda Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish taklif qilindi. Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi – bu, avvalo, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Forumning asosiy ahamiyati shundaki, u nafaqat alohida davlatda, balki butun Osiyo miqyosida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bilim, tajriba va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini beradi.
Xalqchil jihati – bu tashabbus har bir oila hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki ayollar faqat oilada emas, balki iqtisod, siyosat, ilm-fan, tadbirkorlik va madaniyatda ham faol ishtirok etish orqali jamiyat taraqqiyotini ta’minlaydi. Forum ular uchun minbar va imkoniyatlar maydonini yaratadi.
Samimiylik esa shundaki, bu taklifda ayollarning nafaqat muammolari, balki orzulari va intilishlari ham inobatga olinadi. Forum doimiy shaklga ega bo‘lsa, har bir ayol o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va yangi tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari ham nutqning muhim qismi bo‘ldi. Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo va investitsiyalar 5 barobar oshgani, chegaralar ochilgani va integratsiya jarayoni yangi bosqichga chiqqani qayd etildiki, bu oddiy odamlar hayotida bevosita his etiladigan katta yutuq. Avval odamlar qo‘shni davlatlarga borishda qiyinchiliklarga duch kelsa, hozir ular erkin harakat qila oladi, tadbirkorlar tovar ayirboshlaydi, oilalar qarindosh-urug‘lari bilan oson muloqot qiladi. Shu ma’noda, integratsiyaning yangi bosqichga chiqishi butun mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Afg‘onistonning yakkalanib qolmasligi zarurligi, G‘azo va Ukrainada esa siyosiy yechimga intilish kerakligi aytildi. Afg‘onistonning yakkalanib qolmasligi haqidagi chaqiriq – bu nafaqat siyosiy, balki insoniy masala. Afg‘on xalqi ham tinch va osuda hayotga haqli. Ular izolyatsiyaga duch kelsa, bu faqat muammolarni kuchaytiradi. Shu bois, Afg‘onistonni mintaqaviy va xalqaro hamkorlik jarayonlariga jalb etish barchamiz uchun xavfsizlikni mustahkamlaydi. G‘azo va Ukraina haqida aytilgan fikrlar esa tinchlikka intilishning umumbashariy ehtiyoji ekanini ko‘rsatadi. Zero, harbiy harakatlardan ko‘proq oddiy aholi, bolalar, ayollar jabr ko‘radi.
Mintaqaviy Kengashni Xalqaro markazga aylantirish tashabbusi – bu xavfsizlik yo‘lidagi yangi qadam. U nafaqat terrorchilikka qarshi, balki u bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar – jinoyatchilik, radikal g‘oyalar, yoshlarning ekstremizmga tortilishiga qarshi ham samarali kurashish imkonini yaratadi.
Ekologiya sohasida esa Orolbo‘yida 2 million gektarga cho‘l o‘simliklari ekilgani, 2030 yilgacha hududning 80 foizi yashillantirilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, suv inqirozi global tahdid sifatida e’tirof etilishi va xalqaro yo‘l xaritasi qabul qilinishi taklif etildi.
Nihoyat, yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Prezident “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni tuzish va qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirishni taklif etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida alohida ta’kidladiki, dunyoning ertasi, farovonligi va taqdiri – yosh avlod qo‘lida. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyatlar eshigini ochish – davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Bu tashabbus yoshlarni tinchlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik g‘oyalari atrofida birlashtirish uchun muhim platforma. Agar u amalga oshsa, birinchi navbatda turli mamlakat yoshlari o‘zaro muloqot qiladi, tajriba va bilim almashadi, tinchlik va hamjihatlik g‘oyasini avloddan-avlodga yetkazish imkoni paydo bo‘ladi. Qarorgohning aynan O‘zbekistonda joylashishi ham katta ma’no kasb etadi. Chunki O‘zbekiston azaldan tinchlik va bag‘rikenglik yurti sifatida e’tirof etilgan.
Yosh avlod ongi va qalbiga tinchlik, insonparvarlik, o‘zaro hurmat va ishonch g‘oyalarini singdirish – bu kelajak uchun eng ishonchli investitsiya. Bugungi yoshlar qo‘lida ertangi siyosat, iqtisod, fan, madaniyat va hatto dunyo tinchligi turibdi.
Zero, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Ma’ruzada ta’kidlanganidek, oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetdi, yoshlar tadbirkorligiga imtiyozlar berilyapti, madaniy va sport maydonchalari yaratilyapti, xalqaro stipendiyalar va almashinuv dasturlari orqali ularning dunyoqarashi kengaymoqda.
Yoshlar masalasi har bir ota-ona uchun yurakdan yaqin. Chunki har bir oila farzandining kelajagi, uning bilimli, salohiyatli va tinch muhitda voyaga yetishi bilan shug‘ullanadi. Prezident tashabbuslari aynan xalqning eng yurakdosh orzusini – “farzandim tinchlikda, ilm va kasb egallab ulg‘aysin” degan niyatni ro‘yobga chiqaradi.
Shuningdek, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi va ajdodlarimiz ilmiy merosini BMTda taqdim etish rejasi bildirildi. Toshkentda ochiladigan Islom sivilizatsiyasi markazi va ajdodlarimiz ilmiy merosini BMTda taqdim etish – bu xalqimiz ma’naviy merosini jahonga tanitish, shu bilan birga, dunyoda islom ma’rifati, bag‘rikenglik va ilm-fan an’analarini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy va ilmiy merosini jahon miqyosida namoyish etish tashabbusi, avvalo, mamlakatimiz uchun katta ma’naviy va siyosiy ahamiyatga ega. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulug‘ allomalar butun islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ular nafaqat diniy ilm, balki ma’rifat, axloq, bag‘rikenglik va tinchlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotida ularning merosini alohida taqdim O‘zbekistonning ma’naviy tarixiy maqomini mustahkamlaydi. Chunki jahon hamjamiyati bizning tarixiy merosimizni chuqurroq anglaydi. Ikkinchidan, миллатлараро va dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarini keng yoyishga xizmat qiladi, chunki ushbu allomalar ilmi tinchlik va ahillik asosiga qurilgan. Uchinchidan, ёш avlod uchun namuna bo‘ladi, chunki ularning merosi ilmga hurmat, ma’rifatga intilish va axloqiy barkamollik ruhini ulug‘laydi. Islom sivilizatsiyasida O‘zbekistonning o‘rnini yanada ochiq-oydin ko‘rsatadi, chunki Samarqand, Buxoro va Termiz kabi shaharlar jahon ilm-fani va madaniyatida markaz bo‘lgan.
Bu bilan O‘zbekiston nafaqat milliy merosni, balki umuminsoniy qadriyatlarni ham himoya qilib, jahon hamjamiyatida tinchlik va taraqqiyotga qaratilgan fikrlarni ilgari surmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezident nutqi yangi O‘zbekistonning ichki islohotlari, mintaqaviy hamjihatlik va global diplomatiyadagi faol ishtirokini namoyon etdi.
Firuza Muhitdinova,
TDYUU professori