Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson salohiyatini oshirish – strategiyaning ustuvor maqsadi
16:09 / 2024-10-18

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi

Yurtimizda bugungi kunda ta’lim, ilm-fan, tibbiyot va sport sohalarida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Xalqimiz uchun o‘ziga xos imkoniyatlar yaratish, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ijtimoiy himoyani mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo‘nalishi bo‘yicha 2024 yil 1 oktyabr holatiga qadar amalga oshirilgan ishlar tahlil  qilinganda qo‘yidagilarni ko‘rish mumkin.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra,  10 ming 160 ta maktabga birlamchi sport jihozlari va milliy cholg‘u asboblari yetkazib berilgan. Mazkur ishlar yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

Shu bilan birga, 2 ming 213 ta maktabda zamonaviy kompyuter sinflari tashkil etilib, yosh avlodga zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim olish uchun zarur sharoitlar yaratildi. 

Maktablarda professional rivojlanishini ta’minlash maqsadida 120 nafar o‘qituvchi tanlab olinib, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda 30 soatga mo‘ljallangan kurslarda qatnashish imkoni yaratildi. Bu o‘qituvchilarning bilim va malakasini yanada oshirishga ko‘maklashgan.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sog‘liqni saqlash sohasini takomillashtirish, aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talablarini qondirish va salomatligini yaxshilash uchun kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, “Tibbiyot axborot tizimi” asosida imtiyozli yo‘llanma moduli ishga tushirilgan. Bu tizim 806 ta davlat tibbiyot muassasalari va 37 ta xususiy shifoxona foydalanib kelmoqda. Ushbu raqamli platforma aholiga tibbiy xizmatlarga tez va oson ravishda murojaat qilish imkonini yaratdi.

Sanitariya va epidemiologiya sohasini rivojlantirish maqsadida tizimdagi 24 ta laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ushbu jarayon O‘zbekistonda sanitar-epidemiologik xizmatlar sifatini xalqaro standartlarga mos keladigan darajaga ko‘tarishga yordam berdi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish va aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash maqsadida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatishni “E-case” elektron moduli orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim keys-menejment usuli orqali shaxslarning ehtiyojlarini aniqlash va maqsadli yordam ko‘rsatish imkoniyatini beradi.

Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun onlayn ta’lim platformasi ishga tushirildi. Jumladan, 1 450 nafar ijtimoiy xodimlar yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish bo‘yicha o‘qitildi. Bunday o‘quv dasturlari zamonaviy ta’lim metodlari va texnologiyalari orqali ijtimoiy xizmatlarning sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyani takomillashtirish maqsadida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi joriy etildi. Tizim orqali ma’lumotlar reyestri shakllantirildi. Bu ijtimoiy yordamlarning markazlashgan tartibda taqdim etilishini ta’minlaydi, shuningdek, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni yengillashtiradi.

Bundan tashqari, Respublika “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” tarkibiy tuzilmasi va shtat birliklari shakllantirildi. Markazlar mamlakatda xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ularning biznes g‘oyalarini rivojlantirish, moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida ayrim kasblar bo‘yicha bepul va pullik o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ta’lim dasturlari xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va mamlakatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. 

Ta’kidlash joizki, o‘tgan davrda yurtimiz sport sohasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Masalan, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning 90 nafar sportchici 19 ta sport turidan litsenziyalarni qo‘lga kiritdi. Buning natijasida yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston 13 ta medal bilan 206 ta davlat orasida umumiy medallar hisobida 13-o‘rinni, Markaziy Osiyoda va MDHda 1-o‘rinni hamda Osiyoda 4-o‘rinni egalladi.

Xuddi shuningdek, Parij–2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga parasportchilarimiz jami 9 ta sport turidan 113 ta litsenziyalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, medallar jadvalida 13-o‘rindan joy oldi. Osiyoda esa Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, inson salohiyatini oshirish, bu – mamlakatimizning barqaror rivojlanishi va ijtimoiy farovonligini ta’minlashdagi asosiy maqsadlardan biri. Islohot va tashabbuslar orqali har bir fuqaroning bilim-malakasini oshirish, jamiyatda faol ishtirokini ta’minlab, ijtimoiy adolatni mustahkamlashga erishish mumkin.

Bu borada yoshlarni ta’lim va innovatsion faoliyatga jalb qilish, ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash kabi yo‘nalishlar muhim ahamiyatga ega. Ushbu tashabbuslar o‘z navbatida, jamiyatda tenglikni ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ramzidin NURIDINOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti.

O‘zA